Линклар

Шошилинч хабар
07 декабр 2019, Тошкент вақти: 16:39

OzodDayjest: “Yuksalish” harakati ijrochi direktori partiyalarni populizmda aybladi


Illyustrativ surat.

Partiyalar ochiqlik siyosatidan eyforiyaga tushib qolgani iddao qilindi. Erini chavaqlab o‘ldirgan kelinga hukm o‘qildi. O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritiladigan o‘simliklar soni oshib bormoqda.

________________________________________________

“Yuksalish” ijrochi direktori partiyalar ochiqlik siyosatidan eyforiyaga tushib qolganini iddao qildi


“Yuksalish” umummilliy harakati ijrochi direktori Bobur Bekmurodov O‘zbekistondagi siyosiy partiyalarni populizmda aybladi.

“Dunyo mamlakatlari siyosatida populizm fenomeni tobora ommalashayapti. Biz ham orqada qolmayapmiz degan fikrga kelyapman. Partiyalarning saylovoldi dasturlari bilan tanishib chiqsangiz, ilg‘or tashabbuslar va yaxshi g‘oyalar juda ham ko‘p ekanligini, ammo ularni hayotga qanday qilib tatbiq etilishi bo‘yicha asoslantirilgan mexanizmlarning deyarli yo‘qligini ko‘rish mumkin. Dasturlar bilan tanishib, shunday taassurot qoldiki, go‘yoki amaldagi hukumat muammolar borligini bilmaydi yoki shunchalik go‘lki, faqatgina bugungi partiyalar shunday katta vazifalarni zimmasiga olayapti. Partiyalar o‘zlari berayotgan va’dalariga ishonishyaptimi? Yoki kutilmagan ochiqlikdan eyforiyaga tushib qolishdimi?” deb yozdi B. Bekmurodov Telegramdagi shaxsiy sahifasida.

“XDP qanday qilib narx-navo barqarorligini ta’minlamoqchi? Kam ta’minlanganlarga beg‘araz yordamlar uchun pulni qaerdan oladi? “Milliy tiklanish” partiyasi aholi punktlarini yuqori tezlikda ishlaydigan internet tarmog‘i bilan ta’minlashga qanday erishmoqchi? Mobil operatorlarga subsidiya beriladimi yoki ular majburlanadimi? Ekopartiya “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish uchun investitsiyalarni jalb qilmoqchi. Hozirgi hukumat bunga qarshimi? Yoki ma’lum cheklovlar bormi?” deya partiyalarni savolga tutadi “Yuksalish” harakati ijrochi direktori.

Chillasi chiqmagan kelin erini chavaqlab o‘ldirdi


Toshkentda hamshira bo‘lib ishlagan 20 yoshli ayol erining joniga qasd qildi (“Darakchi”, 14 noyabr). Ismi oshkor etilmagan toshkentlik qiz joriy yil 22 aprelda qashqadaryolik yigitga turmushga chiqqan. To‘ydan ikki hafta o‘tgach, ikki yosh Toshkentga qaytib kelgan. 9 may kuni esa ayolning eri o‘z uyida 8 ta joyidan pichoqlangan holda topilgan. Ayol tergov jarayonida jinsiy qiynoq va tazyiq qilgani bois o‘zini himoya qilish maqsadida erini o‘ldirganini ma’lum qilgan. Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudi qotillikda aybdor deb topilgan ayolga 10 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlagan. Marhumning otasi Aktam Abdurahmonovga ko‘ra, ekspertiza jarayonida ayolda zo‘rlash alomatlari aniqlanmagani va kelini oila qurganidan keyin ham B. ismli yigit bilan telefonlashib yurganiga e’tibor qaratgan. Advokat Xurshida Hasanjonova esa kelinning qotillikni yakka o‘zi sodir etganini shubhali, deb atagan.

O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritiladigan o‘simliklar soni oshib borayotganidan xavotir bildirildi


O‘zbekiston Qizil kitobi “ma’nan eskirgani” sabab uning yangi nashri chop etiladi (www.sof.uz, 11 noyabr). Bu haqda Fanlar akademiyasi rahbariyati ishtirokidagi matbuot anjumanida ma’lum qilingan.

Qayd etilishicha, 1984 yilda chop etilgan O‘zbekiston Qizil kitobiga – 163, 1998 yildagi nashriga – 301, 2006 yilgi nashrga – 305, 2009 yilgi oxirgi nashrga esa 324 turdagi o‘simliklar kiritilgan.

“Ushbu raqamlar himoyaga muhtoj o‘simlik turlarining soni yildan yilga o‘sib borayotganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, olimlarning floramizdagi ko‘plab endem turlarning yo‘qolib ketish xavfi haqidagi xulosalari tashvishlidir”, deydi O‘zFA Botanika instituti direktori Komiljon Tojiboyev.

Ma’lum qilinishicha, 2019 yilning oxirigacha chop etilishi rejalashtirilayotgan yangi tahrirdagi Qizil kitob yo‘qolib ketish arafasida turgan 314 o‘simlik turini o‘z ichiga oladi. Ayni paytda, Qizil kitobning hayvonot dunyosiga oid yangi tahriri ham tayyorlanmoqda.

XS
SM
MD
LG