Линклар

Шошилинч хабар
14 декабр 2019, Тошкент вақти: 04:44

Bulung‘ur IIBda so‘roq qilingan shaxs o‘ldi. Yaqinlari uning urib o‘ldirilganini iddao qilmoqda


16 noyabr kuni ertalab Samarqand viloyat, Bulung‘ur tuman Ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan 57 yashar Nasriddin Jabborov bir necha soatdan so‘ng olamdan o‘tdi.

Uning jasadi mahalliy vaqt bilan kechki soat 5 larda tuman markaziy kasalxonasi Tez yordam bo‘limiga chaqirtirilgan yaqinlariga ko‘rsatildi.

Marhumning momataloq bo‘lgan jasadini ko‘rgan yaqinlari Ozodlikka uning IIBda qo‘llanilgan qiynoqlardan o‘lganini iddao qilmoqda.

Bulung‘ur tuman IIBsining Ozodlik bog‘langan mulozimlari bu iddaoni inkor qildi va Jabborovning yurak xurujidan o‘lganini bildirdi.

O‘tmishda narkotiklar savdosi va firibgarlik ayblari bilan bir necha marta qamalib chiqqan Jabborov¸ yaqinlarining aytishicha¸ ichki ishlar tizimi xodimlari tomonidan maxsus amaliyotlarda soxta xaridor yoki guvoh rolini o‘ynashga majburlab kelingan.

Yaqinlarining iddao qilishicha, IIB operativ xodimlarining bunday “zo‘ravonligi”dan bezgan Jabborov¸ prezident qabulxonasi va prokuraturaga bu haqda bir necha bor shikoyat qilgan va bunday harakati bilan ichki ishlar tizimi qahriga duchor bo‘lgan.

Maxsus tadbir qurboni

Nasriddin Jabborovning 18 noyabr kuni Ozodlikka bog‘langan yaqinlari¸ "ichki ishlar tizimining yangi qurboniga aylanishdan qo‘rqishlarini" aytib¸ shaxslari ochiqlanmasligini so‘radi.

Ularning aytishicha¸ 16 noyabr¸ shanba kuni ertalab Nasriddin Jabborov Bulung‘ur tuman Ichki ishlar bo‘limi Jinoyat qdiruv bo‘limi xodimlari tomonidan maxsus tadbirda qatnashishga majburlangan.

Shanba kuni ertalab Bulung‘urdagi Avaz oshxonasi oldida narkotiklar savdosida gumonlangan shaxsni qo‘lga olish tadbiri bo‘lgan. Bir kun oldin unga (Jabborov nazarda tutilmoqda – tahr.) jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari telefon qilgan. Maxsus uchyotda turgani uchun¸ uni shunaqa tadbirlarga oldin ham majburlashgan. Operlar bergan pulga u nasha sotib olayotganda¸ bular ham xaridor¸ ham sotuvchini bosib IIBga olib ketishgan. Bu voqea¸ guvohlarning bizga aytishicha¸ soat 12 larda bo‘lgan”¸ dedi Nasriddin Jabborov yaqinlaridan biri.

Ertalab oilasi bilan birga choy ichganidan so‘ng tushkun holda uyidan chiqib ketgan Nasriddin Jabborov yaqinlari¸ uning IIBga olib ketilganidan kechki soat 5 larda xabar topgan.

Tez tibbiy yordamdan telefon qilishdi¸ bordik. Vrach va hamshiralarning o‘zaro suhbatidan¸ o‘limning soat 2 bilan 3 lar oralig‘i¸ smena almashayotganda bo‘lganini tushundik. Aytishlaricha¸ o‘sha kuni IIBga Tez yordam uch marta chaqirtirilgan. Uchinchisi borganda¸ u o‘lib bo‘lgan ekan. Kasalxonada nomiga yana 20 minutcha jonlantirishga urinishgan. Oldingi vizovda bolnitsaga olib ketishga IIB ruxsat bermagan”¸ deydi Ozodlikka Jabborov yaqinlari.

O‘lim xabarini eshitganidan so‘ng Nasriddin Jabborov yaqinlari jasadni ko‘rsatishni talab qilgan.

Jasadning momataloq bo‘lib ketganini ko‘rgandan keyin uning qiynoq va kaltak zarbidan o‘lganini tushundik. Vrachlar bu haqda faqat tibbiy ekspertiza xulosa chiqarishi mumkin¸ deganidan keyin¸ shunaqa eskpertiza o‘tkazilishini so‘rab ariza yozdik. Hozircha bizga hech kim hech qanaqa ma’lumot bermadi. IIB prokuraturaga ham xabar bermagan¸ o‘zimiz borib bildirib keldik. Prokuratura nima qilayotganini ham bilmaymiz. Marhumni kecha ko‘mdik”¸ deydi Jabborov yaqinlaridan yana biri.

Jabborov oilasi uning IIBda “qiynoq va kaltaklardan o‘lganini tasdiqlovchi dalil” sifatida marhum jasadining o‘limdan uch soatcha o‘tib olingan suratlarini taqdim qildi.

Nasriddin Jabborov jasadining biologik o‘lim qayd qilinganidan 3 soatcha o‘tib olingan surati.
Nasriddin Jabborov jasadining biologik o‘lim qayd qilinganidan 3 soatcha o‘tib olingan surati.

Suratlardan jasad bo‘yin¸ biqin va orqa tomonining momataloq bo‘lgani ko‘riladi.

Ozodlik Jabborovning yaqinlari iddaosi yuzasidan Bulung‘ur tuman IIBning ikki nafar mulozimi bilan bog‘landi.

Har ikkala mulozim¸ xususan¸ Jinoyat qidiruv bo‘limi rahbari Jabborovning IIBda emas¸ balki kasalxonada yurak infarktidan o‘lganini iddao qildi.

Bu yerda hech qanday noqonuniy hatti-harakat bo‘lmagan. Hammasi qonuniy. Bu odamning sog‘lig‘i o‘zi yomon bo‘lgan. Obshirniy infarkt bo‘ldi¸ Tez yordam chaqirildi va u kasalxonada vafot etdi. Yaqinlarining gapi asossiz”¸ dedi Bulung‘ur IIBning Ozodlik bog‘langan rasmiylari.

IIB mulozimlari Nasriddin Jabborov yaqinlarining boshqa¸ xususan¸ uning 16 noyabr kungi tadbirda kuchli bosim ostida qatnashgani haqidagi iddaolariga munosabat bildirmadi.

“Nasriddin Jabborov IIBning maxsus operatsiyalardagi yollanma aktyori bo‘lgan”

Shanba kuni ertalab IIB chaqiruvi bilan uyidan soppa-sog‘ chiqib ketib¸ tushdan so‘ng o‘ligi chiqarilgan Nasriddin Jabborov¸ uning yaqinlariga ko‘ra¸ uzoq yillar davomida IIB tomonidan maxsus amaliyotlarda rol o‘ynab berishga majburlab kelingan.

O‘tmishda uch marta qamashgan. Oldinlari nasha chekkan¸ lekin oxirgi marta qamoqdan chiqqanidan keyin ichish va chekishni tashlagan edi. O‘zini ham Rossiyadan qaytib kelganidan keyin podstava bilan narkotiklar savdosida ayblab¸ qamashgan. Yana ikki marta firibgarlik bilan qamashgandi. Biz bilan hamkorlik qilasan¸ deb uni muddatidan oldin chiqarishgan. Maxsus uchyotda turardi. Uni jinoyat qidiruvdagilar podstava uchun ishlatishardi. Aybi bo‘lmagan odamlarni qamashda rol o‘ynashga majburlashardi. Bundan norozi bo‘lib prezident portali¸ viloyat prokuraturasiga shikoyat ham yozgan. Begunoh odamlarni o‘zlaring narkotik tashlab qamayapsizlar¸ deb operlar bilan ochiqchasiga urushgan. Shunga shanba kuni ular buni o‘lasi qilib urib¸ birato‘la qutulib qo‘ya qolishdi”¸ deydi Nasriddin Jabborov oilasi vakili.

Nasriddin Jabborovning mart oyida Samarqand viloyat prokuraturasiga IIB xodimlari ustidan yozgan shikoyatiga Bulung‘ur tuman prokurori bergan rasmiy javob nusxasi.
Nasriddin Jabborovning mart oyida Samarqand viloyat prokuraturasiga IIB xodimlari ustidan yozgan shikoyatiga Bulung‘ur tuman prokurori bergan rasmiy javob nusxasi.

Marhum yaqinlari Ozodlikka taqdim etgan rasmiy maktublardan Jabborovning Bulung‘ur tuman IIB va Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlarining "noqonuniy hatti-harakatlari" ustidan tuman va viloyat prokuraturasiga qilgan shikoyatlarining qondirilmagani ko‘riladi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG