Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:23

IIV mulozimlari: Qamoq va hibsxonalar uchun mas’ul amaldorlar ishdan olindi


IIV mulozimlari¸ ishdan olinganlar orasida IIV Qorovul qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor Dmitriy Pan ham borligini aytmoqda.
IIV mulozimlari¸ ishdan olinganlar orasida IIV Qorovul qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor Dmitriy Pan ham borligini aytmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari¸ IIV Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i va Qorovul qo‘shinlari qo‘mondoni – jami o‘nga yaqin yuqori lavozimli amaldor ishdan olindi.

Hozircha jamoatchilikka rasman ochiqlanmagan bu kadr o‘zgarishlari haqida Ozodlikka bevosita ichki ishlar tizimining bir-biridan mustaqil bir necha mulozimi xabar berdi.

Bu haqda matbuotga ma’lumot berish vakolati yo‘qligi bois lavozimi ochiqlanishini istamagan mulozimlar bu o‘zgarishlarni "tozalash" deb atadi va bu jarayonning O‘zbekiston qamoqxona va hibsxonalarida davom etayotgan qiynoqlar¸ odamlarning o‘ldirilishi va ayrim VIP mahbuslarning pora evaziga qamoqdan chiqib-kirib yurgani haqidagi ma’lumotlar ortidan boshlanganini iddao qildi.

Ichki ishlar vazirligining Ozodlik rasman murojaat qilgan mulozimlari¸ bu ma’lumotni na tasdiqladi va na inkor qildi.

19 noyabr kungi selektor yig‘ilishida o‘qilgan qaror

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozimiga ko‘ra¸ 19 noyabr kuni Bosh vazir Abdulla Aripov videoselektor yig‘ilishi o‘tkazgan.

Unda xususan¸ IIV tizimi mutasaddilari qatnashgan.

19 noyabr kuni Bosh vazir Aripov selektor o‘tkazib, Ichki ishlar vazirining Jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari¸ polkovnik Muhiddin Jo‘rayevning ishdan olingani haqidagi prezident qarorini o‘qib berdi. Bu qarorning sabablaridan biri¸ respublikadagi vaqtincha ushlash hibsxonalarida IIB xodimlari tomonidan urib o‘ldirayotganlar sonining ko‘payganidir. Bir kun oldin Ozodlik Bulung‘ur IIBsida so‘roqqa olib kelingan shaxsning qiynoqlardan o‘lgani haqidagi oilasi shikoyatini bergan edi. Aftidan¸ shu ma’lumot ham Jo‘rayevning bo‘shatilishiga turtki bo‘lgan”¸ dedi Ozodlikka selektor yig‘ilishi tugashi bilan xabar yo‘llagan IIV mulozimlaridan biri.

Selektor yig‘ilishida yuqori lavozimli boshlig‘i qatnashganini aytgan mulozim¸ IIV huzuridagi Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i ham ishdan olinganini bildirdi.

IIV joriy yilning 2 yanvar kuni bu lavozimga polkovnik Pormonov Baxtiyor Pulotovich tayinlangani haqida rasmiy xabar bergan edi.

Ayni paytda bu mulozim¸ kaltaklar oqibatida Farg‘ona va Samarqand viloyati IIBlariga so‘roqqa chaqirtirilgan odamlar o‘lganiga qaramay¸ “bu viloyatlar IIB boshliqlarining jazo olmagani va ishdan bo‘shatilmaganidan taajjubda” ekanini qo‘shimcha qildi.

“Shuningdek¸ yaqinda konvoydan odam qochgani uchun Toshkent shahar IIBB boshlig‘iga chora ko‘rilmadi¸ jazo ham olmadi”¸ dedi IIV mulozimi.

“Sobiq amaldorlar qamoqxonadan chiqib-kirib yurgan”

Ozodlikka Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Muhiddin Jo‘rayevning ishdan olingani haqida xabar yuborgan vazirlikning boshqa mulozimi¸ vazirlikdagi o‘nga yaqin amaldorning ishdan ketishiga boshqa “jinoyatlar” sabab bo‘lganini bildirdi.

IIV hibsxonasining 9 nafar xodimi har kuni tunda 2000 dollarga mahbuslarga militsiya kiyimini kiydirib¸ uylariga olib borishgan ekan. Kirib-chiqib yurganlar orasida prezident qahriga uchragan sobiq katta amaldorlar ham bor. Bu tozalashga asosan shu ma’lumot asos bo‘lgan”¸ dedi “sobiq katta amaldorlar” nomini ham ochiqlagan bu mulozim.

Ozodlik bu ma’lumotni mustaqil va rasmiy manbalardan tasdiqlatish imkoniga ega bo‘lmagani bois¸ keltirilgan nomlarni e’lon qilmayotir.

Qorovul qo‘shinlari qo‘mondoni va yana boshqa rasmiylar ham ishdan olindi...

Ichki ishlar tizimi mulozimlarining Ozodlikka aytishicha¸ vazir o‘rinbosarining ishdan olinishi bilan ayni paytda IIV Qorovul qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor Dmitriy Pan¸ Ichki ishlar vazirligining tergov hibsxonalari boshlig‘i va oltita xodimi ham ishdan olingan.

Hozirda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 207-moddasi¸ (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bo‘yicha ish ochilgan”¸ dedi Ozodlik bilan IIVdagi kadr o‘zgarishlari haqida gaplashgan mulozimlardan biri.

Ozodlikda jinoyat ishining aynan qaysi IIV mulozimlariga nisbatan ochilganiga oid ma’lumot yo‘q.

IIV dan rasmiy javob olishning imkoni yo‘q

O‘zbekiston IIVsining jamoatchilikka taqdim etilgan telefon raqamlaridan biriga javob bergan mulozim¸ vazir o‘rinbosari va boshqa amaldorlarning ishdan olingani haqidagi ma’lumotni na rad qildi va na tasdiqladi.

O‘zining bu haqda ma’lumot berish vakolatiga ega emasligini bildirgan bu rasmiy javob uchun Matbuot xizmatiga murojaat qilishni tavsiya etdi.

IIV Matbuot xizmatiga qarashli deb berilgan yagona telefon raqami (256 43 25) faksga ulangani bois¸ bu raqam orqali bog‘lanishning imkoni yo‘q.

IIVga qarashli “Postda” gazetasi xodimlari bunday ma’lumotga ega emasliklarini bildirdi.

20-21 noyabr kunlari IIV rasmiy saytida rahbariyat haqida berilgan ma’lumot ro‘yxatida Muhiddin Jo‘rayev hamon “vazir o‘rinbosari” sifatida ko‘rsatilganicha qoldi.

XS
SM
MD
LG