Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:50

OzodDayjest: Tanzila Norboyeva amaldorlar behuda gapga mukkasidan ketgani sababini ochiqladi


Oliy Majlis senati raisi Tanzila Norboyeva.
Oliy Majlis senati raisi Tanzila Norboyeva.

Oliy Majlis senati raisi mahalliy amaldorlar nega behuda gaplarni ko‘p gapirayotgani masalasiga oydinlik kiritdi. Hokimlar ulashayotgan mashinalar qaysi manbadan olinayotgani borasida shubhali savollar tug‘ilmoqda. Havo ifloslanishi o‘zbekistonliklar umrini qisqartirayotir. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Norboyeva matbuotdan qochayotgan amaldorlar haqida gapirdi


Oliy Majlis senati raisi Tanzila Norboyeva mahalliy amaldorlar nega behuda gaplarni ko‘p gapirayotgani masalasiga oydinlik kiritdi (www.gazeta.uz, 18 noyabr). “Xalq ochiq muloqotni hamda o‘z orzu-umidlarini erkin bildirishni sog‘ingan edi. Amaldorlar esa bunday muloqotga odatlanmagan”, deydi T. Norboyeva Alter Ego videoloyihasi doirasidagi intervyusida.

Qayd etilishicha, amaldorlar xalq va ommaviy axborot vositalari bilan muloqotni o‘rganishi uchun yana 3-5 yil kerak bo‘ladi. O‘tgan 3 yillik muddat esa ushbu ko‘nikmani egallashga kamlik qiladi. Ayni paytda OAV bilan muloqotdan qochayotgan mansabdorlar ham vaqti kelib bunday yo‘l tuta olmay qoladi.

Norboyeva xalq ijtimoiy tarmoq orqali hukumat faoliyatiga baho berayotganini ijobiy hol, deb atagan.

“Hukumat katalizator kabi muammolarni ko‘tarib chiqayotgan hamda mushkulotlarni hal etishga hissa qo‘shayotgan insonlar borligidan xursand bo‘lishi kerak... Bu borada xafagarchilik bo‘lmasligi kerak”, deydi Senat raisi.

Shuhrat G‘aniyev tomonidan sovg‘a qilingan qimmatbaho mashinaning moliyaviy manbasi – “hokimlik siri”


So‘nggi paytlarda viloyat hokimlari tomonidan yig‘im-terimda faol qatnashgan paxtakorlarga mashina sovg‘a qilingani haqida ko‘plab xabarlar tarqatildi (“Darakchi”, 21 noyabr). Keng jamoatchilikni esa ushbu sovg‘alar qaysi manba, qaysi mablag‘ evaziga berilayotgani qiziqtirmoqda.

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev klaster usulida paxta yetishtirgan tadbirkorning onasiga “Malibu” sovg‘a qilgan edi. Jurnalistning ushbu sovg‘a qaysi manbadan ekani borasidagi savoliga viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari “Bu viloyat hokimligining ichki siri, men oshkor etolmayman”, deb javob bergan.

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov esa o‘zi tomonidan 10 dan ziyod kishiga sovg‘a qilingan avtomobillar klaster korxonalari rahbarlari tomonidan olib berilganini ma’lum qilgan.

“OAVda tarqalayotgan axborotlarda klaster korxonalari va ularning saxovatpesha rahbarlari nomi yozilmay, aksincha, “hokimning sovg‘asi” sifatida talqin qilinib, hokimlar “saxiy qahramon” sifatida ko‘rsatilmoqda. Bu esa keng jamoatchilikda turli shubha va savollarni tug‘diryapti”, deb yozadi nashr.

Havo iflosligi tufayli o‘zbekistonliklar umri o‘rtacha 1,5 yilga qisqarmoqda


O‘zbekistonliklar havo iflosligi tufayli o‘rtacha 1,5 yillik umrini yo‘qotmoqda. Bu dunyodagi eng yomon ko‘rsatkichlardan biri, deb yozadi Hook.report nashri Health Effects Institute tashkiloti tadqiqotlariga tayanib. Ushbu ko‘rsatkich havoning bir kubometrida mavjud zararli moddalar miqdorini hisoblash orqali aniqlangan. Olimlarning fikricha, havodagi xavfli jismlarning har 5 mikrogrammi inson umrini bir oyga qisqartiradi.

Joriy yil bahorida o‘zbek matbuotida AirVisual tashkilotining statistikasi ham e’lon qilingandi. Unda O‘zbekiston havosi eng ifloslangan 16 ta davlat qatoridan joy olgan. AirVisual ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda bir kubometr havoga kishi sog‘lig‘i uchun zararli bo‘lgan 34,3 mkg qattiq zarrachalar to‘g‘ri keladi.

Elektr quvvati ishlab chiqarish, sanoat, foydali qazilmalarni kavlab olish, qishloq xo‘jaligi faoliyati, chiqindilarni nooqilona yo‘q qilish va transport havo ifloslanishining asosiy omillari sanaladi.

XS
SM
MD
LG