Линклар

Шошилинч хабар
24 феврал 2020, Тошкент вақти: 17:37

Rossiya Olimpiada o‘yinlaridan yana chetlatilishi mumkin


Jahon dopingga qarshi kurash agentligi yetakchi qo‘mitasining tavsiyasi Rossiya sportchilarining olimpiada o‘yinlarida qatnashishiga yana bir taqiq bo‘lishi mumkin.

Rossiyaning Dopingga qarshi kurash agentligi (RUSADA) rahbari jahon sporti boshqaruv idorasi tartib-qoidalarga rioya etilishini baholovchi ekspertlar tavsiyalariga rozi bo‘lishini kutayotganini aytdi.

Uning fikricha, o‘sha tashkilot RUSADAni tartib-qoidalarga rioya etuvchi tashkilot maqomidan mahrum qiladi hamda bu Rossiyani Olimpiada o‘yinlarida qatnashishdan yana bir marta mahrum qilishi mumkin.

RUSADA bosh direktori Yuriy Ganus 23 noyabrda Jahon dopingga qarshi kurash agentligi (VADA) yetakchi qo‘mitasi bir kun oldin RUSADAni tartib-qoidalarga rioya qilmaydigan tashkilot deb e’lon qilishni tavsiya etganidan ajablanmaganini ma’lum qildi.

VADA 22 noyabrda o‘zining Tartib-qoidalarga rioya etilishini ko‘rib chiquvchi qo‘mitasi RUSADAning faoliyatini yana bir marta to‘xtatib turish to‘g‘risida tavsiya yuborganini bildirdi.

Ushbu masala butun jahon bo‘ylab dopingga qarshi kurashni nazorat qiluvchi ijro qo‘mitasining 9 dekabrda Parijda bo‘lib o‘tadigan majlisida muhokama qilinadi.

Agar ijro qo‘mitasi RUSADAni tartib-qoidalarga rioya qilmaydigan tashkilot deb qaror chiqarsa, Rossiya kelasi yili Tokioda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiada o‘yinlaridan chetlashtirilishi va unga nisbatan boshqa sanksiyalar ham qo‘llanishi mumkin.

2014 yilda Rossiyaning Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlariga dog‘ bo‘lib tushgan doping janjalidan so‘ng qabul qilingan qoidalarga asosan, rossiyaliklar har qanday jazo ustidan Sport bo‘yicha arbitraj sudiga shikoyat qilishi mumkin.

Ganus TASS axborot agentligiga RUSADA VADA talablarini “sifatli” bajara olmaganini tan olishini bildirdi.

‒ Huquq mantig‘iga ko‘ra, hamma narsa shunday bo‘lishi kerak, ‒ dedi Ganus.

Halqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) VADA yoki sud qarorlarini bajarishi shart. Biroq XOQ prezidenti Tomas Bax joriy haftada to‘liq taqiqni yoqlamasligini aytgan edi.

2018 yilda Janubiy Koreyaning Pxenchxan shahrida bo‘li o‘tgan qishki Olimpiada o‘yinlaridan Rossiya chetlatilgan, ammo XOQ 170 ga yaqin rossiyalikka mustaqil sportchi sifatida qatnashishga ruxsat bergan edi. Kelasi yil 24 iyulda boshlanadigan Tokio Olimpiadasida ham shunday yo‘l tutilishi ehtimoldan xoli emas.

Qo‘shma Shtatlarning Dopingga qarshi kurash agentligi RUSADAni keskin tanqid qilib keladi va VADA qo‘mitasi bayonotidan so‘ng unga qarshi uzoqroq taqiq qo‘llanishiga da’vat etmoqda.

VADA sentabrda o‘ziga yanvarda berilgan ko‘plab test ma’lumotlarida tartib-qoidalarga rioya etilmagani aniqlangani ortidan qayta tekshiruv o‘tkazmoqchi ekanini xabar qilgan edi.

22 noyabrda Umumjahon yengil atletika kengashi (WAC) Rossiya yengil atletika federatsiyasining (RUSAF) bir necha yuqori lavozimli amaldori egallab turgan lavozimidan chetlatilgandan so‘ng uni a’zolikka tiklash masalasini ko‘rib chiqishni to‘xtatib turishini bildirdi.

2015 yilda davlat homiylik qilgan doping janjali yuzaga chiqqach, RUSAFning xalqaro musobaqalarda qatnashishi taqiqlangan edi.

Umumjahon yengil atletika kengashi prezidenti Sebastian Kou Rossiyani ushbu tashkilotga a’zolikdan mahrum qilish masalasi ko‘rib chiqilayotganini aytdi va “biz bunaqa qoidalarga rioya qilmaydigan tashkilotlarni shunday qo‘ymasligimiz kerak”, deya qo‘shimcha qildi.

XS
SM
MD
LG