Линклар

Шошилинч хабар
03 апрел 2020, Тошкент вақти: 06:55

Bishkekda “#REaksiya“ ishtirokchilari hukumatdan korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishni talab qildi


Qirg‘iziston. “#REaksiya“ aksiyasida mingdan ortiq kishi qatnashdi. Bishkek, 2019, 25 noyabr

25 noyabr kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida o‘tkazilgan korrupsiyaga qarshi “#REaksiya“ aksiyasida “Rayim qamalsin!“ “O‘g‘rilarning joyi turmada!“ “Reaksiya. Haqiqiy islohotlar o‘tkazilsin!“ kabi shiorlar yangradi.

Namoyishchilar Qirg‘iziston bojxona xizmati raisining sobiq o‘rinbosari Raimbek Matraimov va joriy prezident So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov portretlari hamda mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash talablari aks etgan plakatlar bilan chiqdi, hukumatga "sariq kartochka" ko‘rsatdi.

O‘z navbatida Qirg‘iziston hukumati Bojxona xizmatidagi korrupsiyaga qarshi kurash davom etayotganini ma’lum qildi. Hukumat bildiruvida bojxonadagi korrupsiya mavjudligi bosh vazirga ma’lum ekanligi, bu muammoni xodimlarni almashtiribgina hal qilib bo‘lmasligi aytiladi.

Hukumat bildiruvida, shuningdek, jurnalistik surishtiruv natijalarida tilga olingan rasmiylar harakatlari tegishli idoralar tomonidan ko‘rib chiqilayotgani qo‘shimcha qilindi.​

Namoyishlarga Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyani tadqiq qilish dasturi hamda Bishkekdagi Kloop axborot sayti bilan hamkorlikda 21 noyabrda e’lon qilgan jurnalistik surishtiruv natijalari sabab bo‘ldi. Surishtiruv hisobotida Qirg‘iziston bojxonasidagi katta miqdordagi korrupsiya haqida hikoya qilinadi.

Istanbulda 10 noyabrda otib o‘ldirilgan xitoylik 37 yashar etnik uyg‘ur Ayerken Saymaiti Qirg‘iziston bojxonasining sobiq yuqori lavozimli amaldorini hamda uyg‘urlarning tovarlarni noto‘g‘ri markirovka qilish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash sxemalari bilan bog‘liq millionlab dollar noqonuniy foyda olgan yashirin biznes tarmog‘ini ayblagan edi.

Xavfsizligidan xavotir olgani bois Qirg‘izistondan 2017 yili qochib ketgan Saymaiti jurnalistlarga ushbu mamlakatdan yuzlab million dollarni qanday olib chiqib ketganini isbotlovchi yuzlab hujjatlarni taqdim etgan. Ushbu amaliyotlarning katta qismi pul yuvishdan iborat bo‘lgan.

Ushbu pulning asosiy qismi Xitoyda tug‘ilgan va Qozog‘iston pasportiga ega bo‘lgan Habibulla Abduqodir yetakchiligidagi tarmoq hisob raqamlariga borib tushgan.

Saymaiti jurnalistlarga 2011 yildan 2016 yilga qadar bir o‘zi Qirg‘izistondan 700 million dollardan oshiq pul ko‘chirganini gapirib bergan edi. Jurnalistlar ushbu pul miqdori to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanini aniqlay olmadi.

Shuningdek, Saymaiti chet elga ko‘chirgan 700 million dollar pulning hammasi uchun hujjatlarni olish imkoni ham bo‘lmadi. Biroq u ushbu pul miqdorining deyarli yarmini tasdiqlovchi naqd pul uchun deklaratsiya formalarini, bank pul ko‘chirmalari buyurtmalarini, shartnomalarni va boshqa hujjatlarni taqdim etgan edi.

Ushbu hujjatlarda pulni jo‘natgan, olgan kishilar ismi, sanalari, bank hisob raqamlari va pul jo‘natilgan mamlakatlar qayd etilgan.

Yana uning iddao qilganicha, Qirg‘izistonning obro‘li bojxona amaldori Raimbek Matraimov Abduqodir yuk tashish imperiyasining mintaqadagi himoyasini ta’minlashda muhim rol o‘ynagan.

Izoh olish uchun Matraimovni topib bo‘lmadi. Oilasining ko‘plab a’zolari va vakillari izoh berish haqidagi iltimoslarga javob bermadi. Raimbekning ukasi Iskandar Matraimovning yordamchisi buning uchun ko‘proq vaqt berilishini so‘radi.

“Ozodlik” radiosi qirg‘iz xizmati, Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni tergov qilish loyihasi (OCCRP) va Kloop xabarlar sayti o‘tkazgan surishtiruvdan ma’lum bo‘lishicha, Matraimovning xotini Dubayda ko‘chmas mulk ob’ektlarini qurish bilan shug‘ullanadigan va Habibulla nazorat qiladigan kompaniyaning investorlaridan biri hisoblanadi.

Saymaiti o‘limi oldidan o‘zini himoya qilish uchun jurnalistlarga Turkiya vatandoshligini olish uchun ariza berganini va uni 14 noyabrda olishni kutayotganini, so‘ngra yanada ko‘proq moliyaviy hujjatlarni taqdim etishni rejalashtirayotganini aytgan edi.

U Istanbuldagi kafeda otib o‘ldirildi. Turkiya politsiyasi ish yuzasidan bir necha kishini hibsga oldi, lekin hibsga olish sababiga oid tafsilotlar va potensial aloqalar mavhumligicha qolmoqda. Turkiya politsiyasi ayni ish yuzasidan rasmiy bayonot bermadi.

XS
SM
MD
LG