Линклар

Шошилинч хабар
16 декабр 2019, Тошкент вақти: 10:00

Birinchi oilaning yana bir mehmoni – turkiyalik qassob Toshkentda shohona qarshi olindi


Prezidentning kenja kuyovi Otabek Umarov turkiyalik taniqli qassob Nusret Go‘kcheni mehmon qilmoqda.

23 noyabr saharda Instagram yulduziga aylangan turkiyalik taniqli qassob va restoranchi Nusret Go‘kche (Nusret Gökçe) Toshkent aeroportida karnay-surnay sadolari ostida deyarli davlat rahbarlari maqomida qarshi olindi.

Oltin sepilgan steyklari bilan nom chiqargan Go‘kche Instagram sahifasida qo‘ygan Toshkent safariga oid surat va videolardan uning birinchi oilaning xos mehmoni ekani ko‘riladi.

Nusret Go‘kche kelgan kunning ertasi - 24 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyevning katta kuyovi o‘z tug‘ilgan kunini nishonladi. Nusret safari tafsilotlarini Ozodlikka aytib bergan hukumatga yaqin mulozimlarga ko‘ra¸ taniqli qassob va oshpaz prezident kuyoviga u tug‘ilgan kunda qilingan qimmatbaho “sovg‘a”lardan biri bo‘lgan.

Hozircha Ozodlik ixtiyorida bu va birinchi oila ko‘ngilxushligi uchun olib kelinayotgan boshqa nomdor mehmonlarning qanchaga tushgani va bu pulni kim to‘layotganiga oid ma’lumot yo‘q.

Shohona kutish

Nusret Go‘kchening Toshkentga kelishiga oid ayrim tafsilotlarni Ozodlikka ma’lum qilgan toshkentlik mulozimga ko‘ra¸ turkiyalik mashhur qassob kutilganidan bir kun kechikib kelgan.

- Charter samolyotda opkelishdi. Uchuvchilar bir kun kutdi uni. Bilishimcha¸ kuyovlarning shotirlari opkeldi uni. 23 noyabr kuni "Humo"dagi MMA jangida ko‘rindi. Ertasiga Oybek Tursunovning tug‘ilgan kuni edi. Kuyovga sovg‘a sifatida mehmonga opkelishti¸ bilishimcha¸ dedi Nusret Go‘kcheni Toshkentda ko‘rgan mulozim.

Go‘kche 25 noyabr kuni Instagram sahifasida o‘zining Toshkentga qanday samolyotda kelgani¸ qanday kutib olingani aks etgan videolarni joyladi.

Videohikoyadan qassobning pista-bodom¸ uzum-anor to‘la savatlar bilan bezatilgan xususiy uchqichda kelgani¸ uni Toshkent aeroportida karnay-surnay sadolari ostida qo‘lida guldastalar bilan milliy libosdagi chiroyli qizlar kutib olgani ko‘rinadi.

Keyingi videolardan qor qalin yog‘ayotgan Toshkentda turkiyalik oshpaz uchun Tashkent Cityda musiqiy favvora otilgani¸ Cityning turli ranglardagi chiroqlarga burkangani ko‘riladi.

Tashkent Cityning balandlikdan olingan 15 sekundlik videosini Go‘kche​“Ajoyib loyiha bravo” degan so‘zlar bilan taqdim qildi.

Go‘kchening 24 soatdan so‘ng g‘oyib bo‘lgan Instastory (Instagram hikoyasi-tahr.) sida e’lon qilingan surat uning O‘zbekiston 1-oilasi mehmoni bo‘lgani haqidagi xabarlarni tasdiqlaydi.

Prezident Mirziyoyevning o‘g‘li Alisher¸ nabirasi Miromonni (Saida Mirziyoyeva va Oybek Tursunovning o‘g‘li) quchoqlab tushgan suratini Go‘kche¸ “Qardoshlarim bilan birga” deb taqdim etgan.

Nusret Go‘kche kim?

36 yashar Go‘kche asli erzurumlik kurdlardan. 6-sinfdan maktabni tashlab¸ qassobchilikni boshlagan Go‘kche¸ 2017 yili go‘shtga qo‘lini hujumga shaylanayotgan kobradek qilib tuz sepishi bilan ijtimoiy tarmoqda memga aylandi va xalqaro maydonda tanildi. Shu bois ijtimoiy tarmoqda asl otidan ko‘ra ko‘proq Salt bae (Tuz bey) taxallusini ishlatadi.

2017 yildan boshlab Turkiya tashqarisi¸ xususan¸ Abu Dabi¸ Dubay¸ Jidda¸ Doha¸ Mikonos¸ Mayami va Nyu Yorkda Nusr-Et deb nomlangan restoranlar tarmog‘i ochgan. Instagram sahifasida asosan o‘zi va restoranlarini reklama qiluvchi¸ ayniqsa¸ o‘zining taniqli futbolchilar¸ kinoyulduzlar¸ milliarderlar¸ shahzoda va prezidentlar xizmatida ekanini ko‘rsatuvchi surat va videolarni joylab boradi.

2018 yili Venesuela prezidenti Maduro Go‘kche restoranida steyk yeyish uchun Xitoydan qaytayotib Istanbulda ikki soat qo‘nib o‘tgan va bu yarim ochlikda yashayotgan venesuelaliklar orasida keskin noroziliklarga sabab bo‘lgan edi.

Go‘kche shuningdek o‘zining Fidel Kastro va mashhur o‘g‘riboshilar surati yonida ularga taqlidan tushgan suratlari bilan ham tanilgan.

O‘tgan oy AQShning Bloomberg nashri Nusret Go‘kche restoranlarining asosiy egasi bo‘lgan Dogus Holding AS xorij banklaridan olgan milliardlab dollarlik qarzini to‘lay olmay qolganini yozdi. Qarzining bir qismini to‘lash uchun¸ nashrga ko‘ra¸ holding qator restoranlarini sotishga qaror qilgan va ular orasida Nusr-Et ham bo‘lishi mumkin.

The New York Post nashri bir bo‘lak go‘shti bir necha yuz dollargacha boradigan Nusr-Etni “mijozni talash bobida 1-o‘rindagi restoran” deb baholadi. Nusret shuningdek arab boylariga ustiga 24 karatli oltin sepilgan steyk pishirib beruvchi oshpaz sifatida ham nom chiqargan.

Hozirda uning Instagramda 24 million folloveri bor¸ har bir posti uchun jamoatchilikka ochiqlanmaydigan darajada katta pul oladi.Bu narxning millionlab dollar ekani taxmin qilinadi.

25 noyabr kuni g‘oyib bo‘lgan Instastorydan boshqa Go‘kche O‘zbekiston haqida biror post qo‘ymaganidan¸ uning Toshkentga xos mehmon bo‘lib borib-kelgani tushuniladi.

Ro‘yxati uzayib borayotgan xos mehmonlar

23 noyabr kuni Toshkentdagi “Humo” sport arenasida MMA bo‘yicha GFC 20 turniri bo‘lib o‘tdi. Uni prezident davlat xavfsizlik xizmati rahbariga o‘rinbosarlik bilan bir paytda O‘zbekiston Triatlon federatsiyasi va MMA assotsiatsiyasiga prezident bo‘lgan Otabek Muhammadaliyevich Umarov uyushtirdi.

Tadbir arafasida Forumlar saroyida o‘tkazilgan matbuot anjumanida prezidentning kenja kuyovi “yulduzlarni O‘zbekistonga olib kelish” jarayoni haqida gapirdi.

23 noyabr kungi turnirga Roy Jons va Jeff Monson kabi sportchilar “faxriy mehmon” sifatida olib kelinganini bildirdi.

Bu faxriy mehmonlarning qancha pul evaziga kelgani ham¸ bu pulni kim to‘lagani ham hozirga qadar jamoatchlikka ochiqlanmadi.

MMA turniriyu unga xususiy uchqichlarda yulduzlar va “faxriy mehmonlar”ning olib kelinishi prezidentning katta kuyovi Oybek Tursunov tug‘ilgan kun arafasida uyushtirildi.

Postsovet hududida mashhur videoblogerlar Erik Davidich va Guseyn Gasanovning Toshkentda xorij vaziri darajasida kutib olinib¸ shohona mehmon qilinishi ham prezident nabirasi¸ Otabek Umarovning qizi tug‘ilgan kunga to‘g‘ri kelgan edi.

O‘zbekistondagi mehmondorchilik ortidan ikkala rossiyalik videobloger Instagram orqali prezident nabirasini tabriklagan edi.

OzodLive: Тошкентга юриш бошлаган хоразмлик журналист иши нима бўлди? Президентнинг куёви ҳам имижмейкерликка киришдими?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:16:48 0:00

XS
SM
MD
LG