Линклар

Шошилинч хабар
08 декабр 2019, Тошкент вақти: 21:31

OzodDayjest: O‘ynashining erini o‘ldirgan shaxs 18 yilga qamaldi


Illyustrativ surat.

Pora bilan ushlangan IIB noziri besh yilga ozodlikdan mahrum etildi. G‘oyib bo‘lgan shifokorning jasadi Chirchiq bo‘yidan topildi. Qashqadaryolik ayol erkak emasligini isbotlashga majbur bo‘lmoqda.

_____________________________________________________________

Pora bilan ushlangan IIB katta inspektori besh yilga “kesildi”


Toshkent shahri IIB tizimi katta inspektori pora bilan qo‘lga tushdi (“Postda”, 23 noyabr). Ismi oshkor etilmagan inspektor ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni ijro etish guruhida faoliyat yuritgan. IIB xodimi ozodlikni cheklash jazosini o‘tayotgan tadbirkor ayoldan jazoni yengillashtirish evaziga 2500 dollar pora talab qilgan. Ayol tegishli idoralarga vaziyat haqida xabar bergan va IIB noziri pora olayotgan paytda qo‘lga tushirilgan. Tergov jarayonida nozir avval ham jazo o‘tayotgan tadbirkor ayolni turli bahonalar bilan pul berish va archa ko‘chatlari keltirishga majburlagan aniqlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudi sudьyasi A.Shamsuddinovaga ko‘ra, poraxo‘rlikda ayblangan IIB noziri besh yilu bir oyga ozodlikdan mahrum etilgan.

Toshkentlik shifokor xiyonat yo‘liga kirgan xotini sabab shafqatsizlarcha o‘ldirildi


Toshkentdagi ko‘z kasalliklari klinikasida faoliyat yuritgan 40 yoshli shifokor shafqatsizlarcha o‘ldirildi (“Huquq”, 28 noyabr). Shifokorning ayoli Telegram orqali boshqa bir erkak bilan tanishib, xiyonat yo‘liga kirgan. Ishqiy munosabatlar chuqurlashib, erkak oilali ayolga o‘z xotinidek munosabatda bo‘la boshlagan. Pirovardida esa undan shifokor eri bilan ajrashishni talab qilgan. Ayol rozi bo‘lmagach, u shifokorni aldov yo‘li bilan tuzoqqa tushirib, uch kun davomida suvsiz, ovqat bermay azob bergan. So‘ng uni bo‘g‘ib o‘ldirgan va jasadni Chirchiq daryosi qirg‘og‘iga ko‘mib yuborgan. Qayd etilishicha, jinoyat qisqa fursatda fosh etilib, qotil 18 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Qotillikka sabab bo‘lgan ayol taqdiriga oydinlik kiritilmagan.

Pasportida “erkak” deb ko‘rsatilgan qashqadaryolik ayol nafaqaga chiqa olmay sarson bo‘lmoqda


Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida yashovchi 54 yoshli ayol Bibixol Eshmirzayeva fuqarolik pasportida “erkak” sifatida ko‘rsatilgan. Shu bois u nafaqaga chiqolmay sarson bo‘lmoqda (www.daryo.uz, 26 noyabr). Bibixol Eshmirzayevaga 2015 yil 2 avgust kuni biometrik pasport berilgan. Ammo pasport stoli xodimlarmning e’tiborsizligi bois hujjatda fuqaroning jinsi “erkak” deb ko‘rsatilgan. Bu haqda bir kundan so‘ng xabar topgan pasport egasi e’tiroz bildirib, xatolikni to‘g‘rilashni so‘ragan. Ma’lum muddatdan keyin pasport to‘g‘rilab berilgan. Ammo oradan to‘rt yil o‘tib elektron bazada ayol “erkak” sifatida qolgani ma’lum bo‘ldi.

B.Eshmirzayeva 2019 yil oktabr oyida nafaqaga chiqish uchun hujjatlar topshirgan. Biroq ma’lumotlar bazasida erkak sifatida qayd etilgani bois ishlari to‘xtab qolgan.

XS
SM
MD
LG