Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:54

OzodTarmoq: "Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri O‘zbekiston Yevroosiyo ittifoqiga kirishini tasdiqladi"


O‘zbekiston prezidenti Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vazirini qabul qilmoqda, 7 mart, 2019 yil
O‘zbekiston prezidenti Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vazirini qabul qilmoqda, 7 mart, 2019 yil

Iqtisodchi Behzod Hoshimov Telegramdagi kanalida Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkin O‘zbekiston 2020 yilda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishini ma’lum qilgani haqida yozdi.

Iqtisodchi yozgan bu ma’lumot hozircha biror rasmiy manba tomonidan tasdiqlanmadi. ​

Iqtisodchiga ko‘ra, vazir Rossiya Oliy iqtisodiyot maktabi (Visshaya shkola ekonomiki) talabalari bilan 30 noyabr kuni bo‘lgan uchrashuvda shunday ma’lumot bergan.

Iqtisodchi yozgan bu xabarni qator nashrlar ko‘chirib bosdi va qisqa vaqt ichida bu xabar tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida bahsu munozarani uyg‘otib yubordi.

"Bugun Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkin, Oliy iqtisodiyot maktabi (NIU VShE) talabalari bilan bo‘lgan uchrashuvda O‘zbekiston Yevroosiyo ittifoqiga 2020 yili kirishini tasdiqladi. Undan tashqari, talabalarga kelayotgan ta’tilda O‘zbekistonga borishni tavsiya qildi va O‘zbekiston turistik jihatdan nihoyatda qiziqligi va mehmondo‘stligini aytib o‘tdi. Hozirda muzokaralar O‘zbekiston davlat korxonalariga Yevroosiyo ittifoqiga kirishdagi imtiyozlar haqida bo‘layotganini va bu masalada kelishuv albatta bo‘lishi haqida aytdi. Boshqa juda ishonchli manbalarga ko‘ra,O‘zbekiston Yevroosiyo ittifoqiga kirishi 2020 yilning kuzida, Toshkentdagi MDH davlatlari sammitida e’lon qilinar ekan», deb yozdi Behzod Hoshimov o‘z kanalida.

Iqtisodchi bergan bu xabar hozircha biror rasmiy manba tomonidan tasdiqlangani yo‘q.

Ammo, O‘zbekistondagi ba’zi nashrlar, jumladan, Kun.uz nashri ko‘chirib bosgach, ijtimoiy tarmoqda qisqa muddatda qizg‘in baxs boshlanib ketdi.

Maksim Oreshkin hozirda Rossiya va O‘zbekistonning iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo kommisiyasining Rossiya tomonidan rahbaridir.

Oktabr oyi boshida Oliy Majlis Senati raisi birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev rasmiy Toshkent Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi - YOIIga qo‘shilish ehtimolini ko‘rib chiqayotgani, yakuniy qarorga hali kelinmaganini aytgandi.

"Buning salbiy va ijobiy tomonlarini mutaxassislarimiz o‘rganib kelishyapti. Biz qaerda yutqazamiz, qaerda yutamiz? Albatta, ikkalasi ham bo‘ladi. Mintaqaviy tashkilotga kirish o‘z vakolatlaringizning bir qismini berishni taqozo qiladi, lekin shu bilan birga, u yerdagi imkoniyatlardan foydalanish ham mumkin bo‘ladi", - degan edi Safoyev 4 oktabr kuni Toshkentda o‘tgan matbuot anjumanida.

Senat raisining birinchi o‘rinbosari Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga qo‘shilish O‘zbekiston mustaqilligiga raxna soladi, degan xavotirlarga ham munosabat bildirgandi.

"O‘zbekistonning kirishdan oldingi eng asosiy sharti – O‘zbekistonning milliy manfaatlari birinchi o‘rinda turadi. Mustaqilligiga putur yetkazadigan bitta ham bandiga O‘zbekiston qo‘shilmaydi", degan edi Safoyev.

Oktabr oyi boshida O‘zbekistonda bo‘lgan Rossiya Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matvienko Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII)ga qo‘shilishi "mavzusiga bir necha marotaba qaytganliklari"ni aytgan.

O‘shanda Rossiyadagi ayrim xabar agentliklari Matvienkoning "Mirziyoyev qaror qabul qildi, O‘zbekiston hukumati YOII qo‘shilish masalasini ishlab chiqmoqda", degan so‘zlarini keltirgandi.

Shuningdek, shu yilning 7 oktabrida O‘zbekiston Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish konseptsiyasi loyihasi joylashtirilgandi.

Hujjatda O‘zbekistonning 2022-2025 yillarda YOIIga a’zo bo‘lib kirishi ehtimoli ko‘zda tutilgan.

XS
SM
MD
LG