Линклар

Шошилинч хабар
20 сентябр 2020, Тошкент вақти: 13:04

BMT bosh kotibi: "Iqlim masalasida “ortga qaytib bo‘lmaydigan nuqta”dan o‘tib ketmaylik"


BMT bosh kotibi Antonio Guterrish iqlim o‘zgarishi muammolariga bag‘ishlab Madridda boshlangan ikki haftalik xalqaro konferensiya minbarida. 2019, 2 dekabr

BMT bosh kotibi Antonio Guterrish iqlim o‘zgarishini to‘xtatish bo‘yicha dunyodagi sa’y-harakatlar hozircha “mutlaqo yetarli emasligi”ni va global isish “ortga qaytib bo‘lmaydigan nuqta”dan o‘tib ketishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Bu haqda Gutterish iqlim o‘zgarishi muammolariga bag‘ishlab Madridda o‘tkaziladigan ikki haftalik xalqaro konferensiya oldidan yakshanba kuni bayonot berdi.

BMT bosh kotibi ob-havo keskin o‘zgarishlari butun dunyoda kuzatilmoqda, havo harorati ko‘tarilayotganining ta’siri odamlarga ham, boshqa jonzotlarga og‘ir bo‘ladi, deb aytdi.

Gutterishning ta’kidlashicha, jahon mamlakatlarida global isishni cheklash uchun ilmiy bilim ham, texnik vositalar ham mavjud, ammo “siyosiy iroda etishmayapti”.

‒ Ortga qaytmaslik nuqtasi endi ufqdan – ko‘k jiyagidan narida emas, ‒ dedi Guterrish Ispaniya poytaxtida. – U ko‘zga tashlanib qoldi va ustimizga bostirib kelmoqda.

2-13 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan majlisda dunyoning qariyb 200 mamlakatidan keladigan delegatlar 2015 yili Parijda qabul qilingan iqlim bo‘yicha kelishuv qoidalariga so‘nggi juz’iy o‘zgartirishlarni kiritadi. Bular sirasiga havoga chiqarilayotgan is gazlari savdosi bo‘yicha amal qiladigan tizimni yaratish, qashshoq mamlakatlarga dengiz sathi ko‘tarilishi va iqlim o‘zgarishining boshqa oqibatlari sababli yetadigan zararni qoplab berish singari masalalar kiradi.

Guterrish inson faoliyati oqibatida paydo bo‘layotgan iz gazlarining Yer sayyorasiga, jumladan, havo harorati ko‘tarilishi va qutblardagi muzliklar erib ketishiga ta’sir ko‘rsatayotganiga oid ko‘plab ilmiy dalillar mavjudligini qayd etdi. Ammo u gaplari “tushkunlik emas, umid bilan yo‘g‘rilgani”ni ma’lum qildi va “tabiatga qarshi kurashni to‘xtatishimiz kerak, biz buning iloji borligini bilamiz”, deb aytdi.

Dunyo mamlakatlari to‘rt yil oldin Parijda joriy asr oxiriga qadar global isishni, sanoatlashuvdan oldingi davr bilan solishtirganda, Selsiy shkalasi bo‘yicha 2 daraja (Farenheyt shkalasi bo‘yicha 3,6 daraja), risoladagiday holatda esa 1,5 daraja (2,7F) o‘sish bilan cheklashga kelishib olgan edi. Shu kungacha o‘rtacha harorat deyarli 1°C isib ulgurdi va zikr etilgan kelishuvdagi maqsadga erishish uchun juda oz imkoinyat qolyapti.

Guterrishga ko‘ra, vatandoshlar, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida talabning kuchayayotgani iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash istagi ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Fikricha, qazib olinayotgan yoqilg‘iga subsidiya berishni bas qilishga, ko‘mir bilan ishlaydigan elektr stansiyalarini qurmaslikka, odamlarga emas, havoni ifloslantirishga soliq solishga dunyo mamlakatlari hukumatlarining siyosiy irodasi yetishmayapti.

Bosh kotib iqlim o‘zgarishidan zarar ko‘rayotgan 70 ga yaqin mamlakat 2050 yilga borib, havoga ko‘proq is gazi chiqarishni bas qilish majburiyatini olganini, lekin havoni ko‘p ifloslantirayotgan mamlakatlar bunday qilmayotganini va ularning faol ishtirokisiz aytarlik natijaga erishib bo‘lmasligini aytdi.

Ta’kidlanishicha, Parij bitimining 6-moddasi asosiy unsuri bo‘lmish havoga chiqariladigan is gazlarining butun jahon bozorini tashkil etish muzokara yurituvchilar o‘rtasidagi eng bahsli masala bo‘lib qolmoqda. Bosh kotib, “biz 6-moddaga bahona emas, javob topishimiz kerak”, dedi.

Ma’lum qilinishicha, lavozimidan ketayotgan Angliya banki boshqaruvchisi Mark Karni “iqlim isishiga qarshi kurash tadbirlari va ularni moliyalashtirish” bo‘yicha maxsus vakil bo‘ladi.

Tashkilotchilar konferensiyaning dushanba kungi ochilish marosimi va ikki haftada o‘tadigan boshqa tadbirlarida 29 ming mehmon, jumladan, 50 nafar davlat va hukumat rahbarlari, shuningdek, olimlar, tajribali muzokarachilar va faollar qatnashishini bildirdi.

XS
SM
MD
LG