Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:13

Farg‘ona hokimi Shuhrat G‘aniyevdan iste’foga chiqishni so‘ragan yigit bosimga uchraganini inkor qildi


35 yashar Dilmurod Jalilov o‘zini olti odamni ish bilan ta’minlayotgan marg‘ilonlik kichik tadbirkor deb tanishtirdi.
35 yashar Dilmurod Jalilov o‘zini olti odamni ish bilan ta’minlayotgan marg‘ilonlik kichik tadbirkor deb tanishtirdi.

Marg‘ilonlik tadbirkor Dilmurod Jalilov 3 dekabr kuni Ozodlik bilan suhbatda o‘ziga nisbatan bosimlar bo‘layotgani haqidagi xabarlarni inkor qildi.

35 yashar Jalilov Telegram kanalida 29 noyabr kuni tarqagan videomurojaatida Marg‘ilonda gaz va svet yo‘qligi haqida gapira turib¸ xalqni qiynayotgan muammolarni hal qila olmayotgan Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevdan iste’foga chiqishni so‘ragan edi.

2 dekabr kungi yig‘ilishda bu videomurojaatga bilvosita munosabat bildirgan hokim G‘aniyev¸ “Marg‘ilonda gaz bo‘p turib¸ gaz yo‘q deb chiqargan” “axmoqlar”ga chora ko‘rmagani uchun Marg‘ilon shahar hokimiga “qattiq hayfsan” bergan edi.

Hokimning bu po‘pisasi ortidan ijtimoiy tarmoqlarda marg‘ilonlik yigitga nisbatan mayda bezorilik bo‘yicha ish ochilib¸ ma’muriy jazoga tortilgani haqida xabarlar tarqadi. Ozodlik bilan shaxsi sir qolishini so‘rab gaplashgan mahalliy hokimiyat va ichki ishlar tizimi mulozimlari 2 dekabr kuni bu xabarlarni tasdiqladi.

3 dekabr erta tongda Ozodlikka o‘zi bog‘langan Jalilov¸ taqdiridan xavotirga tushganlarga minnatdorchilik bildirdi¸ ayni paytda hech bir bosimsiz ishini davom ettirayotgani¸ Marg‘ilonda hozir gaz va svet muammosi yo‘qligini aytdi.

"Xavotirga hojat yo‘q"?

O‘zini marg‘ilonlik 35 yashar tadbirkor Dilmurod Jalilov deb tanishtirgan yigit 3 dekabr kuni Ozodlikka kuchli bosimga uchragani haqida xabarlar va xavotirlarga asos yo‘qligini bildirdi:

- Hamma joylarda man haqimda yozib¸ ma’muriy javobgarlikka tortildi¸ 15 sutkaga qamaldi¸ degan gaplar yuripti. Man shu videoni chiqargan Dilmurodning o‘ziman. Manga o‘zimizning uchastkovoy Farhod bilan gaplashgandan boshqa hech kim chiqmadi¸ hech kim bilan gaplashganim yo‘q. Mani hech kim jazolaganiyam yo‘q¸ man jazolaydigan ish ham qilganim yo‘q. Man o‘zimning shaxsiy erkin fikrimni aytdim. Kimgadir yoqmagan bo‘lsa¸ uzr. Bu gaplarni man haqimda qayg‘urib tarqatayotganlarga rahmat¸ qayg‘urganlaringiz uchun. Lekin manga hech kim tazyiq o‘tkazgani yo‘q.

Marg‘ilon shahrida fast-fud do‘koni egasi ekanini aytgan Jalilov¸ Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevning 2 dekabr kuni o‘z videomurojaatini yolg‘onga chiqarganidan¸ bu chiqishi uchun Marg‘ilon shahar hokimi qattiq hayfsan olganidan bexabarligini aytdi.

Ayni paytda Dilmurod Jalilov¸ 3 dekabr kuni tongda oldiga hokimiyat tomonidan yuborilgan mahalliy jurnalistlar guruhi kelgani va ularga o‘ziga nisbatan hech qanday tazyiq va bosim bo‘lmagani haqida gapirib berganini ham qo‘shimcha qildi.

Шуҳрат Ғаниевдан истеъфога чиқишни сўраган йигит босимга учраганини инкор қилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:30 0:00

Marg‘ilonlik tadbirkorning videomurojaati qanday paydo bo‘ldi?

Ozodlik bilan suhbatda ikki farzandning otasi ekanini aytgan Dilmurod Jalilov 29 noyabrь kuni viloyat hokimiga videomurojaat bilan chiqishiga majbur qilgan vaziyatni tasvirlab berdi:

- O‘sha kuni man uyga kirdim (ota hovlisi nazarda tutilayapti -tahr.). O‘sha kuni kechgacha svet ham¸ gaz ham bo‘lmadi. Uyga obeddayam kirdim¸ ujindayam kirdim. Shunchalik darajada qiyin bo‘ldi bizning uyimizdagi ahvol ¸ mani ko‘zimda ortiqcha qiyin bo‘p ketdi. Chunki dadam ustlariga ikkitadan kurtka kiyib¸ boshlariga shapka kiyib¸ yana adyoldi ichiga kirib yotiptila qorong‘ida. Man ijaraga etaj olganman ¸ o‘shaqqa opketay¸ desam unamadilar¸ kelinni yonida noqulay¸ deb. Shundan man alamzada bo‘ldimda¸ uydan kayfiyatsiz chiqtim. Ishxonaga bordim. Borsam¸ ishxonamdayam svet yo‘q. O‘tirdim¸ o‘tirdim¸ bekorchilikdan video ko‘rdik. Shu payt haligi Moturidiy ko‘chadagi opani ko‘rdik¸ Yaypandagi akani ko‘rdik. O‘sha paytda odam o‘zini kamsitilgandek his qildi. Achchiq ustida qildim.

Ayni paytda Jalilov¸ o‘sha kuni gaz va svet bo‘lmagani haqidagi gapidan tonmasligi¸ ammo 30 noyabrdan boshlab Marg‘ilonda gaz va svet “zo‘r” ekanini ta’kidladi:

- Agar videomurojaatim bilan gaz va svet kelishiga yordam qilgan bo‘lsam¸ xursandman.

Dilmurod Jalilov videomurojaatida nima degan edi?

O‘zining mashina ichidan turib gapirayotganini aytgan Dilmurod Jalilov¸ 29 noyabr kungi videomurojaatida Marg‘ilondagi vaziyatni “go‘riston”ga o‘xshatadi.

Марғилонлик йигитнинг Шуҳрат Ғаниевгаа мурожаати
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:59 0:00
Бевосита линк

- Mana Marg‘ilondamiz. Na gaz¸ na svet bor. Go‘ristonga o‘xshaydi. O‘tiribmiz moshinada isinib. Choy-poygayu kafe-mafega borib¸ dog‘ suvidan opkelayapmiz¸ degan Jalilov so‘ngra bevosita Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevga murojaat qiladi:

- Bilmaymiz¸ nima qilayapsizlar¸ qayaqqa qarayapsizlar. Ammo-lekin Shuhrat G‘aniyev eplolmasangiz bo‘shating! Umuman keragingiz yo‘q¸ bunaqa hokimning umuman keragi yo‘q¸ vaabshe-vaabshe keragi yo‘q. Xalq bilan ikki tiyinlik qiziqishi yo‘q. Buz desa¸ uz desa¸ bir sekundga qolmasdan bajarasizlar. Ammo xalqqa bir yordam kerak bo‘lganda¸ xalq qiynalganda¸ baloda yo‘qsizlar. Bittalaringam kerakmassizlar. 22 dekabrda hali deputatlar saylovi boru¸ hali tomosha qilasizlar¸ saylov varag‘laringga nima deb yozib chiqib ketishlarini marg‘ilonliklarning...

Hokim Shuhrat G‘aniyev bu murojaatga qanday javob berdi?

2 dekabr kuni o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev¸ Dilmurod Jalilov nomini tilga olmasdan turib¸ bu chiqishga jahl bilan munosabat bildirdi.

Ozodlikka ushbu majlisdan yuborilgan audioyozuvda G‘aniyev¸ Quva tumanida gaz yo‘qligidan odamlar ko‘chaga chiqqani aks etgan video uchun mahalliy rahbarlarni yoppasiga ishdan olganini aytib¸ Quva hokimiga qattiq hayfsan beradi¸ uning viloyat “hosil bayrami”da qatnashishini taqiqlaydi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:49 0:00
Бевосита линк


Quva haqida gapira turib G‘aniyev:

- Endi uyushtirovradimi hamma joyda? Qani gazdi o‘chgani¸ qani elektrdi o‘chgani? Naryag‘da bittasi uyida gaz bo‘p turib¸ Marg‘ilonda¸ gazim yo‘q deb chiqargan. Buni hammasini mahalla tartibga solishi kerak. Tomoshabin bo‘p turgan odamlar ishdan ketadi. Nimaga chora ko‘rmading¸ yolg‘on narsani qilib chiqarvoradimi sharmanda qilib? Marg‘ilondi hokimigayam qattiq hayfsan¸ Quva tuman hokimigayam qattiq hayfsan!

"Uyida gaz bo‘p turib¸ gaz yo‘q deb chiqqan" marg‘ilonlik haqidagi luqmasidan G‘aniyevning videomurojaat egasiga oid ma’lumoti borligi tushuniladi.

Viloyat hokimi chiqishi davomida hokimiyat idoralaridan gaz va svet yo‘qligi va buning xalq noroziligiga sabab bo‘layotgani haqida ijtimoiy tarmoqda xabar va video tarqatayotganlarga nisbatan keskin chora ko‘rishni talab qiladi¸ chora ko‘rmaganlarning o‘zini “maydalashib o‘tirmay” yoppasiga ishdan olishini aytadi.

"Chora ko‘rish" amaliyoti bormoqda

Ozodlikka kelayotgan xabarlardan¸ hokim G‘aniyev buyrug‘ining allaqachon amalga ko‘cha boshlagani anglashiladi.

Xususan¸ Farg‘ona viloyat, Marg‘ilon shahar, Moturidiy ko‘chasidagi onasi o‘ziga yuborgan videoni jamoatchilikka tarqatish uchun Ozodlikka taqdim etgan 27 yashar Yahyobek oilasiga bosim kuchayganini bildirdi.

O‘tgan hafta marg‘ilonlik onaning Rossiyadagi o‘g‘liga yuborgan videohikoyasi Ozodlikda e’lon qilingach¸ uni yuz minglab odam tomosha qildi¸ soddagina hikoya keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Ozodlik bilan 2 dekabr kuni Rossiyada turib gaplashgan Yahyobek¸ video chiqishining ertasigayoq uyiga yopirilib kelgan katta guruh¸ onasini “jinni”ga chiqarganini aytdi:

Ertasigayoq uyimizga gaz idorasidanmiz¸ deb kelishipti. Ochishsa¸ hokimiyat ham¸ mahalliy jurnalistlar ham bor ekan. Uyimdagilarni rosa qo‘rqitishgan - sizlarni jinoyatchiga chiqaramiz¸ o‘g‘lingni Suriyaga borgan terrorchi qilish qo‘limizdan keladi¸ deb. Onamni esa¸ “bu xotin jinni ekan” deb gap tarqatishgan. Qizig‘i¸ gaz va svet qandoq yo‘q bo‘lsa¸ hozir ham shundoq yo‘q. 80 yashar buvam sovuqda qaltirab o‘tiripti. Men 15 yoshimdan beri Rossiyada qora ish qilib pul yuboraman. Yuborganim ovqat va o‘tindan ortmay qolgan".

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:52 0:00
Бевосита линк

Farg‘ona¸ qolaversa Andijon ichki ishlar tizimida ishlovchi xodimlardan kelgan xabarga ko‘ra¸ o‘tgan oy profilaktika inspektorlariga gaz va svet yo‘qligidan norozilik bildirganlarni ma’muriy jazoga tortish topshirilgan.

Buyruq og‘zaki berildi. Bundaylarga 183- (mayda bezorilik) va 194-modda (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bo‘yicha ish ochasanlar¸ deyildi. Bu 15 sutka qamoq degani”¸ dedi Ozodlik gaplashgan vodiylik inspektorlardan biri.

"Mana bugun ham shu bo‘yicha yig‘ilish bo‘ldi hokimiyatda¸ hozir ham selektor bo‘layapti. Oldini olasan deyapti. Ko‘chaga chiqib namoyish qilishsa¸ hammang bo‘shaysan¸ deyapti. Vaziyat chatoq"¸ dedi 2 dekabr kechqurun energetik bo‘hronga oid yana bir hukumat videoselektori bo‘layotganini ta’kidlagan yana bir hokimiyat mulozimi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG