Линклар

Шошилинч хабар
01 октябр 2020, Тошкент вақти: 09:37

OzodDayjest: O‘zbekistonlik huquqshunos “avtoritar davlat” tavqi la’natidan qutulish yo‘lini ko‘rsatdi


Illyustrativ surat.

Huquqshunos Konstitutsiyaviy sud cheklov tufayli o‘z vazifasini bajara olmayapti, degan fikrda. O‘zbekistonda mebel narxi oshib ketishi bashorat qilindi. DNK tekshiruvi 20 yil avvalgi sirni fosh qildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

________________________________________________

Konstitutsiyaviy sud falaj holatda ekanidan xavotir bildirildi


O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi cheklov tufayli o‘z vazifasini bajara olmayapti, deb hisoblaydi huquqshunos Rustam Abdug‘ofurov (www.sof.uz, 30 noyabr). “Muhim masalalarda o‘z so‘zini ayta olmayapti va amalda falaj holatida. Konstitutsiyaviy sud o‘zining 24 yillik uzoq faoliyati davomida (agar uni “faoliyat” deb atash mumkin bo‘lsa) shu paytgacha atigi 32 ta huquqiy masala bo‘yicha qaror qabul qilgan, xolos”, deb yozadi u.

Huquqshunosga ko‘ra, 2017 yilda yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyaviy sud to‘g‘risidagi qonun yakka shaxslar tomonidan ushbu sudga ariza kiritishga izn bermaydi. Ta’kidlanishicha, Asosiy qonun haqiqiy ma’noda ishlashi uchun esa Konstitutsiyaviy sudga yakka shaxslar tomonidan ariza topshirishga qonunan ruxsat berilishi kerak. Hozir esa chiqarilayotgan qonunlar va qonunosti hujjatlarining Konstitutsiya prinsiplariga muvofiq kelish-kelmasligi masalasi ochiq qolmoqda.

Huquqshunos R.Abdug‘ofurov mamlakat prezidentiga Konstitutsiyaviy sudga yakka shaxslar tomonidan ariza berilishini ta’minlovchi qonunchilik tashabbusi bilan chiqishni tavsiya etgan. Aks holda, mamlakat bundan keyin ham “avtoritar davlat” tavqi la’natini tashib yuraverishidan ogohlantirgan.

Yangi aksiz solig‘i mebel narxini oshirib yuborishi mumkin


Normativ-huquqiy hujjatlar portalida muhokamaga qo‘yilgan prezident qarori loyihasi qabul qilingudek bo‘lsa, O‘zbekistonda mebel narxi oshib ketadi. Bu haqda Telegramdagi Davletov.uz kanali xabar beradi. Qaror loyihasi “Yog‘och-qirindili plitalar hamda ularning muqobil turlarini ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, importni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” deb nomlanadi. Unga ko‘ra, mamlakatga import qilinayotgan 1 metr kub yog‘och-qirindili plitalar va uning muqobil turlariga 2020 yil 1 yanvaridan boshlab qatiy 25 AQSh dollari hamda 2021 yil 1 yanvardan boshlab qat’iy 30 AQSh dollari miqdorida aksiz solig‘i joriy etiladi.

Qayd etilishicha, aksiz solig‘idan mebel ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgan kichik biznes vakillari jabr ko‘radi. Imkoniyati yetmagan tadbirkorlar o‘z faoliyatini to‘xtatadi va yangi ishsizlar paydo bo‘ladi.

DNK tekshiruvidan so‘ng toshkentlik ayolning xiyonati ma’lum bo‘ldi


DNK tekshiruvidan so‘ng Toshkent viloyatida yashovchi ayolning salkam 20 yil avvalgi xiyonati fosh bo‘ldi (“Huquq”, 5 dekabr). Bu haqda Xadicha Sulaymonova nomidagi respublika sud-ekspertizasi markazi laboratoriya mudiri Dilobar Ahmedova ma’lum qilgan. 17 yoshlardagi o‘smir maktab bitiruv kechasi kuni bedarak yo‘qoladi. Ma’lum vaqtdan keyin o‘sha o‘smirning belgilari bo‘lgan jasad topiladi. Murdaning shaxsini aniqlash maqsadida DNK ekspertizasi o‘tkaziladi. Tekshiruv uchun yo‘qolgan bolaning ota-onasidan namuna olinadi. Ekspertizadan so‘ng halok bo‘lgan o‘smirning otasi boshqa shaxs ekani, ya’ni uning onasi xiyonat qilgani ma’lum bo‘ladi. Oilaning keyingi taqdiri va holatga doir boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda DNK ekspertizasiga ehtiyoj yildan-yilga oshib bormoqda. Masalan, 2010 yilda 388 ta ekspertiza bajarilgan bo‘lsa, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 1834 taga yetgan.

XS
SM
MD
LG