Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:10

OzodDayjest: “O‘rta asrlar sharoitida” davolangan 25 kunlik chaqaloq oxir-oqibat nobud bo‘ldi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

25 kunlik chaqalog‘idan ayrilgan toshkentlik Yelena Sarevskaya shifokorlar ustidan arz qildi. Xususiy bandlik agentliklaridan 30 tasi shu paytgacha birorta ham talabgorni chet elga yubormagan. Yuqori maqomga ega insonlar orasida ham OIVga chalinganlar borligi iddao qilindi.

________________________________________________

25 kunlik chaqalog‘idan ayrilgan ayol shifokorlar ustidan arz qildi


25 kunlik chaqalog‘idan ayrilgan toshkentlik ayol Yelena Sarevskaya shifokorlar ustidan arz qildi (www.daryo.uz, 3 dekabr). Musibatzada ayolga ko‘ra, bolalar jonlantirish bo‘limlarida elementar dori-darmonlar, kislorod niqoblari yetishmaydi.

“Farzandimni issiq suv bilan to‘ldirilgan baklajkalar bilan isitishdi. Bu nimasi? Biz o‘rta asrlarda yashayapmizmi?.. Farzandimni endi qaytarib bo‘lmaydi. Biroq bunday yordamga muhtoj bolalar juda ko‘p. Biz butun respublika aholisi kasal bolalarning yo operatsiyasiga, yo dorisiga pul yig‘amiz. Boshqa normal mamlakatlarda bunday holat kuzatiladimi?” deya savolga tutadi sog‘liqni saqlash vazirini Y.Sarevskaya.

Ayol o‘z murojaatida, shuningdek, tibbiyot muassasalaridagi korrupsiya haqida gapirgan.

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov farzandini yo‘qotgan Yelena Sarevskayaga hamdardlik bildirgan. Ma’lum qilinishicha, 2 dekabrda vazirning buyrug‘i bilan ishchi guruh tashkil etilib, o‘lim qayd etilgan tibbiy muassasada tekshiruv boshlangan.

Firibgarlikni kasb qilib olgan xususiy bandlik agentliklari faoliyati fosh etildi


O‘zbekistonda tashkil etilgan xususiy bandlik agentliklarining aksari firibgarlikni kasb qilib olgan (“Darakchi”, 5 dekabr). Masalan, “Human” xususiy bandlik agentligi mansabdorlari Chexiya, Yaponiya, Germaniya, Bolgariya kabi davlatlarga ishga jo‘natish va’dasi bilan fuqarolarning 20 milliard so‘mdan ziyod pulini o‘zlashtirgan.

Mamlakatda fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish litsenziyasiga ega 65 ta agentlik faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ularning 30 tasi shu vaqtga qadar birorta ham talabgorni chet elga yubormagan. Maqolada ushbu holat “zamonaviy sudxo‘rlik fenomeni” deb atalgan.

OIVga chalingan bemorlarga yordam ko‘rsatishdan bo‘yin tovlash holatlari kuzatilmoqda


O‘zbekistonda jarrohlarning OIVga (odam immun tanqisligi virusi) chalingan bemorlarga yordam ko‘rsatishni rad etish holatlari uchramoqda. Bu haqda “Ishonch va hayot” nodavlat tashkiloti raisi, 20 yildan buyon ushbu xastalik bilan kurashib kelayotgan Sergey Uchayev Hook.report nashriga bergan intervyusida ma’lum qilgan. S.Uchayevga ko‘ra, bunday holatlarda “Ishonch va hayot” kabi nodavlat tashkilotlarning huquqshunoslari ko‘makka keladi va shifokorlarga yordamdan bo‘yin tovlash noqonuniy ekani tushuntiriladi.

Qayd etilishicha, aholi OIV borasida yetarli axborotga ega emas va jamiyatda ushbu xastalikka chalinganlardan qochish kayfiyati kuchli.
“Ishonch bilan aytish mumkinki, OIV infeksiyasi allaqachon aholining zaif guruhlari chegarasidan chiqqan. Ayni paytda jamiyatdagi yuqori maqomga ega insonlar orasida ham OIVga chalinganlar mavjud”, deydi S.Uchayev. Ammo ular aholi OIV borasida yetarli ma’lumotga ega emasligi sabab o‘z xastaliklarini ochiqlashmaydi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotida keltirilishicha, 1 noyabr holatiga ko‘ra O‘zbekistonda OIVga chalinganlar soni 42098 nafarni tashkil etadi. Joriy yilning 10 oy davomida mamlakatda 3337 ta OIVga chalinish holati qayd etilgan.

XS
SM
MD
LG