Линклар

Шошилинч хабар
25 октябр 2020, Тошкент вақти: 18:20

Gulnora Karimova advokati Bosh prokuraturaning o‘ziga qo‘ygan ayblovlarini “uydirma” deb atadi


Gulnora Karimovaning shveysariyalik advokati Gregoire Mangeat.

10 dekabr kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaning shveysariyalik advokati Gregoire Mangeat (Greguar Manja)ning O‘zbekistonga kirishini taqiqladi.

Bunday keskin qaroriga asos qilib Bosh prokuratura Manjani “o‘z mijozi bilan uchrashish uchun yaratib berilgan imkoniyatlarni suiiste’mol qilgan”lik¸ O‘zbekiston qamoqxonalari haqida “bo‘hton” tarqatganlik va advokatlik etikasini buzganlikda aybladi.

11 dekabr kuni Ozodlikka yo‘llagan yozma javobida shveysariyalik advokat bu ayblovlarni “mutlaq asossiz” " va “jamoatchilik e’tiborini chalg‘itish uchun o‘ylab topilgan uydirma” deb baholadi.

O‘tgan yil Gulnora Karimova bilan Zangiota qamog‘ida uchrashgan shveysariyalik advokat¸ nafaqat o‘z mijozi¸ balki boshqa mahkumlarning ham og‘ir sharoitlarda saqlanayotgani¸ ularning huquqiy himoyadan mahrumligi haqida yozgan edi.

Bosh prokuratura shveysariyalik advokatni “etika”ni buzishda aybladi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 10 dekabr kungi rasmiy bayonotida shveysariyalik advokat Greguar Manjaga jiddiy ayblar qo‘ydi.

Gregoire Mangeat
Gregoire Mangeat

Greguar Manja Shveysariyadagi MANGEAT Attorneys at Law LLC advokatlik firmasi asoschisi¸ Jeneva advokatlar assotsiatsiyasining sobiq raisi.

Xalqaro maydonda asosan moliyaviy jinoyatlarda ayblangan shaxslarga advokatlik qiluvchi Manja¸ Toshkent tomonidan advokatlik axloqini buzganlik¸ O‘zbekiston qamoqxonalari haqida “piar maqsadida” bo‘hton tarqatganlikda ayblandi.

Bayonotda yozilishicha¸ “amaldagi qonunchilikka ko‘ra chet el advokatlarining O‘zbekiston hududida faoliyat ko‘rsatishi nazarda tutilmagan”.

Shunga qaramay¸ rasmiy bayonotda aytilishicha¸ yaqinlarga qadar Greguar Manja “Shveysariya hukumatining o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi iltimosnomasi asosida” o‘z mijozi – Gulnora Karimova bilan ko‘rishish imkoniga ega bo‘lgan.

"G.Manjaning Shveysariya hukumati tomonidan berilgan mandati G.Karimovaga nisbatan Shveysariyada olib borilayotgan jinoyat ishi bilan chegaralangan" deyilgan bayonotdan¸ bu mandatning tugagani tushuniladi.

“O‘zbekistondagi advokatlik etikasi o‘zbekistonlik advokatlarga taalluqli”

O‘zbekiston hukumati meni O‘zbekiston advokatlari uchun joriy etilgan axloq qoidalarini buzganlikda ayblaganidan hozirgina xabar topdim”¸ degan Manja bunday “asossiz” ayblovlarni mutlaq rad etajagini bildirdi.

Bu ayblovlar jamoatchilik diqqatini chalg‘itish va Gulnora Karimovani o‘z advokati bilan erkin aloqa qilish huquqidan uzoq muddatga mahrum qilish uchun o‘ylab topilgan urinish sifatida baholanishi kerak”¸ deyiladi Manja 11 dekabr kuni Ozodlikka yuborgan yozma javobda.

Shveysariyalik advokat o‘z mijozi – Gulnora Karimova bilan so‘nggi marta 2019 yil iyunida uchrashgani va shundan keyingi barcha so‘rovlari rad etilganini ta’kidladi.

Manjaning Ozodlikka aytishicha¸ uning Gulnora Karimova bilan uchrashish haqida qilgan so‘nggi so‘rovlariga 14 oktabr kuni O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari rasmiy xat bilan rad javobi bergan.

11 oktabr sanasi qo‘yilgan bu xatning Ozodlikka taqdim etilgan nusxasida¸ shveysariyalik advokatning o‘z mijozi bilan uchrashishiga¸ Karimovaning borayotgan yangi tergov jarayonida nihoyatda bandligi asosida rad javobi berilgan.

Xususan¸ rasmiy xatda:

- Gulnora Karimova va uning advokatlari ishtirokida ko‘plab protsessual harakatlar borayotgani sabab¸ janob Manjaning tergov qilinayotgan Karimova bilan uchrashish haqidagi so‘rovini hozirgi bosqichda qondirish imkoni yo‘q, deyiladi.

Bu xat¸10 dekabr kuni O‘zbekistonga kirishimning rad etilishiga asos qilib keltirilgan sabablar¸ garchi orada men O‘zbekistonga bormagan bo‘lsam-da¸ "uydirma" ekanini ko‘rsatadi”¸ deydi Manja.

Manja iddaosicha¸ O‘zbekistonga kirishining taqiqlanishi Karimovaning Shveysariya banklarida muzlatilgan pullaridan 555 million dollarining Toshkent hukumatiga qaytarilishini to‘xtatishga muvaffaq bo‘lganiga berilgan “o‘ziga xos javob”dir.

“Adolatsiz mahkama va tergovni tanqid qilish advokatning burchidir”

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Greguar Manjani “oldindan yolg‘onligi ma’lum bo‘lgan O‘zbekiston penitensiar muassasalari haqidagi bo‘hton ma’lumotlarni piar maqsadida tarqatishda ifodalangan advokatlarning umume’tirof etilgan etika qoidalarini buzilishiga yo‘l qo‘ygan”likda aybladi.

Ozodlik bilan suhbatda Greguar Manja Gulnora Karimovaning shveysariyalik advokati sifatida O‘zbekistondagi noqonuniy tergov amaliyotlari¸ adolatsiz sudlar va mahkumlarga nisbatan shubhali hati-harakatlarni tanqid qilish o‘z professional burchi ekanini ta’kidladi.

Mening faoliyatimga oid tuhmatlarga qaramay¸ bundan keyin ham o‘z professional burchimni bajarishda davom etaman”¸ deydi Manja.

Bosh prokuratura “bo‘hton” deb atagan tvitlar

Greguar Manja o‘zbekistonlik taniqli mijozi – mamlakat marhum prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovani himoya qilish jarayoniga oid ma’lumotlarni muntazam suratda o‘z Twitter sahifasida yoyinlab keldi.

Iyul oyidagi tvitlaridan birida Manja Shveysariyada Karimova ustidan borayotgan mahkamada katta g‘alabaga erishgani va muzlatilgan 800 million dollarning 555 millionini O‘zbekiston hukumatiga qaytarilishini to‘xtatishga muvaffaq bo‘lganini e’lon qilgan edi.

"Mijozimning zo‘ravonlik bilan hibsda saqlanishi to‘xtatilmas ekan¸ O‘zbekiston hukumati bilan boshqa hamkorlik qilinmaydi. Mijozimga nisbatan bosim oshgandan oshib bormoqda. Karimovaning hayoti xatar ostida"¸ deb yozgan edi shveysariyalik advokat o‘z Twitter sahifasida.

Manja o‘z tvitlarida shuningdek¸ Karimova ustidan o‘tkazilgan maxfiy sud jarayonlari¸ uning qamoqxonadagi sharoiti¸ o‘zbekistonlik advokatlarning tergov va sud jarayonlaridagi "sassizligi"ni tanqid qilib kelayotgan edi.

Joriy yil aprelidagi tvitida Manja:

2016 yil dekabri. Mening Gulnora Karimova bilan uchrashishimga birinchi marta ruxsat berishdi. Toshkentda ikki kunlik eshituvlar bo‘ldi. 20 soatdan ko‘proq davom etdi. Mening mijozimga tayinlangan ikki o‘zbek advokatidan birortasi bu ikki kun davomida og‘iz ochib bir so‘z demadi. Sassiz advokatlar. Bosim ostida. #Adolatsiz adolat¸ deb yozgan edi.

Shuningdek Manja¸ Zangiota ayollar koloniyasiga qilgan tashriflari davomida u yerdagi mahkumlarga huquqiy yordam ko‘rsatilayotganiga biror marta guvoh bo‘lmaganidan ham hayratini yashirmagan edi.

Manja mijozi bilan ko‘rishish urinishini davom ettirmoqchi

Ozodlik bilan suhbatda shveysariyalik advokat ikki hafta oldin Gulnora Karimova bilan 5-8 yanvar kunlari uchrashishiga ruxsat so‘rab murojaat yuborgani va O‘zbekiston hukumatidan bu so‘rovga ijobiy javob kutishini bildirdi.

Men O‘zbekiston hukumatidan adolatli mahkama printsiplari¸ mening mustaqilligim va Gulnora Karimovaning o‘z advokati bilan uchrashish¸ aloqa qilish kabi fundamental haqqiga hurmat ko‘rsatishni kutaman.

Avval ham aytganim kabi¸ agar O‘zbekiston inson haqlari standartlariga amal qilsa¸ Gulnora Karimova va uning advokati bilan do‘stona muzokara olib borsa¸O‘zbekiston va Gulnora Karimova manfaatlarini inobatga oluvchi jo‘yali yechim allaqachon topilgan bo‘lardi”¸ deyiladi Greguar Manja Ozodlikka yuborgan javobda.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG