Линклар

Шошилинч хабар
23 январ 2020, Тошкент вақти: 16:20

OzodTarmoq: Ajoyib konstitutsiya nega ishlamayapti?


8 dekabr kuni O‘zbekistonda mamlakat konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligi tantanali marosim va prezident ma’ruzasi bilan nishonlandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqagan "tabriklar"dan birida o‘zbekistonliklar bir-birini kinoyali tarzda "ishlamayotgan konstitutsiya kuni" bilan tabrikladi.

Mustaqil jurnalist Bobomurod Abdulla Facebook sahifasida konstitutsiyaning nega ishlamayotgani¸ uning "ishlab ketishi" uchun nimalar qilinishi lozimligi haqidagi bahsga qo‘shildi.

*************************************************

Ko‘pchilik ajoyib deb aytayotgan Konstitutsiyamiz qabul qilingan kun O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan beri 27 marotaba nishonlanibdi. Xudo ko‘rsatmasin, kelasi yili respublikamiz YevroOsiyo Iqtisodiy Ittifoqiga kirib, o‘z mustaqilligini Rossiyaga qaytarib bersa...

Ha, qaytarib bersa! Chunki aslida 1991 yili mustaqillikni Rossiya prezidenti Boris Yelsindan shunchaki sovg‘a tariqasida olganmiz. Boltiqbo‘yi respublikalari xalqlariga o‘xshab, mustaqillik uchun ko‘chalarga chiqmaganmiz, burnimizni qonatmaganmiz. Referendumda: “Mustaqillik kerak emas! SSSR kerak!” - deb ovoz berganmiz...

Chalg‘ib ketdim. Demak, 2020 yili YevroOsiyo Iqtisodiy Ittifoqiga kirib, mustaqilligimizni qo‘sh qo‘llab Rossiyaga qaytarib bersak ham, Konstitutsiya kuni bizda yana 27 marta nishonlansa kerak.

Aminman-ki, yana 27 yildan keyin ham maddohlar ishlamaydigan Qomusimizni eskirgan qolipdagi iboralar bilan maqtashadi. Moddalaridan iqtibos keltirishadi, dunyo standartlariga mosligi haqida safsatabozlik qilishadi.

Lekin o‘shanda ham maddohlar bu Konstitutsiya ishlamayotganligi haqida og‘iz ochishmaydi. “Konstitutsiyamiz shunchalik zo‘r bo‘lsa, u nega ishlamayapti?” – degan savolni o‘rtaga tashlashga, “ko‘chinskiy”larning tili bilan aytganda, ularning “dux”i yetmaydi. Aqllari ham yetmaydi.

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, ajoyib Konstitutsiyamiz nega ishlamayapti?

O‘zA jurnalisti Anora Sodiqovaning Facebookdagi “Konstitutsiyamizni kishanlangan sherga o‘xshataman” mazmunidagi posti ostiga shu savolni yaqinda tashlagan edim. Ikki-uch kun o‘tdi. Variantlar berildi. Lekin to‘g‘ri javob berilmadi.

Konstitutsiyamizni “paralich” holatida ushlab turgan ikki muhim nuqtasi bor. O‘sha ikki joyi o‘zgartirilsa, Konstitutsiya ishlab ketadi. Shu holatida ham ishlab ketadi.

Birinchi nuqta, siyosiy partiyalar, parlament va prezidentlik saylovlari bilan bog‘liq. Konstitutsiyamiz ishlab ketishi uchun siyosiy partiyalarni tashkil qilish va ro‘yxatga olish shartlarini yengillatish (masalan, partiyani ro‘yxatga olish uchun o‘n minglagan imzo emas, atigi 100 imzo ham yetarli qilib qo‘yish) va ularning parlament hamda prezidentlik saylovlarida erkin (hech qanday cheklovlarsiz) ishtirokini ta’minlash kerak. Bundan tashqari, ham parlament, ham prezidentlik saylovlarida partiyasiz nomzodlarning ishtirokiga ruxsat berish kerak.

Ikkinchi nuqta esa Bosh prokuror, Oliy va Konstitutsion sud raislarini tayinlash tartibi bilan bog‘liq. Hozirgi Konstitutsiyaga ko‘ra, ularning uchchalasini ham prezident, ya’ni ijroiya hokimiyati tayinlaydi. Aslida esa Bosh prokuror, Oliy va Konstitutsion sud raislarini muxolifat ishtirokidagi erkin va shaffof saylovlar orqali tashkil qilingan parlament tayinlashi kerak.

Qonunni parlament qabul qiladimi, demak, qonun ijrosini nazorat qiluvchi institutlarning rahbarlarini ham parlament tayinlashi kerak. Ijroiya hokimiyati emas. Shunda “zakaznoy” jinoy ishlar, tergovlar va hukmlarga barham beriladi. Tarixga nazar tashlang: hamma zamonlarda, hamma mamlakatlarda “zakaznoy” jinoiy ishlar, tergovlar va hukmlar ijroiya hokimiyati tashabbusi va talabi bilan amalga oshirilgan. Prokurorni, sud raisini ijroiya hokimiyati tayinlasa, shunday bo‘laveradi.

Bu ikki nuqtaga yana shuni qo‘shimcha qilishim mumkin-ki, kuchishlatar tizimlar faqat ijroiya hokimiyatining qo‘lida emas, parlament qo‘lida ham bo‘lishi kerak. Ya’ni kuchishlatar vazirliklar parlament va prezident o‘rtasida teng taqsimlanishi kerak. Konstitutsiyada ularning ikkalasiga ham o‘zlarining manfaatlari uchun yangi (bu muvozanatni buzuvchi) kuchishlatar idora tashkil qilishni ta’qiqlash kerak. Parlament tasarrufidagi kuchishlatar vazirliklar nafaqat parlamentni, balki mustaqil Bosh prokuratura, Oliy va Konstitutsion sudlarning ham qalqoni bo‘ladi.

Parlament ming adolatli va xalqchil bo‘lsin, lekin uning orqasida faqat unga bo‘ysinadigan kuchishlatarlar bo‘lmasa, parlament, prokuratura va sudlar butun kuchishlatarlarni o‘z qo‘liga to‘plagan avtoritar va adolatsiz ijroiya hokimiyati tomonidan yanchiladi, qamatiladi va quviladi. Rutskoy va Xasbulatovlar rahbarligidagi Rossiya davlat Dumasini (parlamentini) prezident Boris Yelsin to‘plardan o‘qqa tutgani esingizdami? Nega shunday bo‘ldi? Chunki bu parlamentning tasarrufida kuchishlatar vazirliklar yo‘q edi.

Siyosiy barqarorlikning va barqaror rivojlanishning negizi kuchishlatar idoralarning sonini ko‘paytirishda emas, ularni prezident va (erkin saylovlar orqali shakllantirilgan) parlament o‘rtasida teng taqsimlashdadir.

Hozircha shu.

Konstitutsiyaga oid takliflarimni yana berib borishga harakat qilaman".

***********************************************************************

OzodTarmoq ruknida berilayotgan materiallarda voqea-hodisalarga berilayotgan baholar mutlaqo mualliflar pozitsiyasidir. Mualliflar pozitsiyasi Ozodlik pozitsiyasiga mos kelmasligi mumkin.

XS
SM
MD
LG