Линклар

Шошилинч хабар
29 январ 2020, Тошкент вақти: 03:34

Imon Karimova onasi taqdirini hal qilish Saida Mirziyoyevaga topshirilganini iddao qildi


Ayni kunlarda O‘zbekiston marhum prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova ustidan yangi tergov bormoqda.

Bu haqda o‘tgan hafta Bosh prokuratura va Karimova komandasi ma’lum qildi.

Hozirgacha bir necha marta sudlanib¸ Zangiota koloniyasida qamoq jazosini o‘tayotgan Gulnora Karimova yangi ishda 255 ta jinoyat epizodini sodir etganlikda ayblanayotgan uyushgan guruhga rahbarlik qilganlikda ayblanmoqda.

Borayotgan yangi tergovni Bosh prokuratura qoshidagi Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasining o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi Rasul Yo‘ldoshev olib bormoqda.

12 dekabr kuni Gulnora Karimovaning qizi Imon nomiga ochilgan Instagram sahifasida (bu sahifani joriy oydan boshlab professional advokatlar guruhi yuritmoqda – tahr.) tergovchi Yo‘ldoshevning mazkur ishga oid 1 noyabr kuni chiqargan qarori nusxasi e’lon qilindi.

Faqat ikki beti taqdim etilgan bu hujjatda Gulnora Karimova ustidan borayotgan tergovning jinoyat ishi doirasidan kattaroq ekani e’tirof qilingan.

Ozodlik hozircha bu hujjatning asli yoki uning to‘liq matni nusxasini ko‘rgani yo‘q.

Prokuror xulosasi

O‘zbekiston prokuraturasining o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi Rasul Yo‘ldoshevning 1 noyabr kungi qarori “ekspert muassasasidan tashqarida kompleks ekspertiza o‘tkazish va bu ishga mutaxassislarni jalb qilish haqida”.

Imon Karimovaning Instagram sahifasiga qo‘yilgan prokuror qaroridan olingani aytilgan nusxa.
Imon Karimovaning Instagram sahifasiga qo‘yilgan prokuror qaroridan olingani aytilgan nusxa.

"Kompleks ekspertiza" tayinlashdan maqsad esa¸ hujjatda yozilishicha¸ Gulnora Karimova bilan bog‘liq korrupsiya janjalining O‘zbekistonga yetkazgan axloqiy va iqtisodiy zararini o‘rganib chiqishdir.

Bugunga kelib¸ AQSh¸ Hollandiya¸ Shveysariya kabi davlat organlari Gulnora Karimova bilan bog‘liq ish doirasida turli kompaniyalarga 6 milliard AQSh dollariga yaqin jarima soldi¸ bu kompaniyalar imiji va boshqa manfaatlariga jiddiy shikast yetdi.

Bu holatlarning O‘zbekiston Respublikasiga ham mamlakat ichkarisi¸ ham tashqarisida axloqiy va iqtisodiy zarar yetkazgani¸ jumladan xorij investorlari va ishbilarmonlari muhitida investitsiyalar kiritish va tadbirkorlikni amalga oshirish borasida negativ fikrlar (qo‘rquv¸ishonchsizlik va hokazo)¸ turli xalqaro reytinglar va muhokamalarda esa biryoqlama baho va prognozlar shakllanishiga ta’sir qilganini inkor etib bo‘lmaydi”¸ deyiladi Yo‘ldoshev qarorida.

O‘zbekiston Respublikasiga Gulnora Karimova tomonidan yetkazilgan axloqiy va iqtisodiy zarar ko‘lamini “to‘liq va ob’ektiv” aniqlash uchun¸ Yo‘ldoshev¸ prokuratura tashqarisidagi ekspertlar fikriga ehtiyoj borligini aytadi.

Gulnora Karimova jinoyat ishi bo‘yicha “kompleks ekspertiza”ni AOKA uyushtiradi

Gulnora Karimova ustidan borayotgan yangi tergov guruhi rahbari Rasul Yo‘ldoshev 1 noyabr kungi hujjatda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) tomonidan “jinoyat ishi bo‘yicha kompleks ekspertiza o‘tkazish” haqida qaror chiqaradi.

AOKA rahbarlaridan biri prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyevadir.

Imon Karimovaning Instagram sahifasiga qo‘yilgan prokuror qaroridan olingani aytilgan nusxa.
Imon Karimovaning Instagram sahifasiga qo‘yilgan prokuror qaroridan olingani aytilgan nusxa.

Qarorda yozilishicha¸ Gulnora Karimovaning O‘zbekistonga yetkazgan zarari bo‘yicha AOKA uyushtiradigan “kompleks ekspertiza”ga Iqtisodiyot va sanoat vazirligi¸ Investitsiya va tashqi savdo vazirligi¸ Tashqi ishlar vazirligi qatorida Yozuvchilar soyuzi¸ “Ijtimoiy fikr” so‘rov markazi¸ Ma’naviyat va ma’rifat markazi ham jalb qilinadi.

Bu vazirlik va muassasalar “ekspert”lari Gulnora Karimovaning jinoiy faoliyatida O‘zbekistonga zarar va uning ijtimoiy imiji¸ iqtisodiy manfaatlariga shikast yetkazgan omillar bormi¸ bu ziyon qanday ko‘rinish va qaysi ko‘lamda bo‘lgan¸ degan mazmundagi savollarga javob berishlari kerak.

Bu "ekspertlar"ga¸tergovchi qarorida yozilishicha¸ Gulnora Karimovaga oid jinoyat ishi materiallari taqdim etiladi.

1 noyabr kuni chiqarilgan qarordan so‘ng mazkur vazirlik va muassasalar "ekspertlari"ning Gulnora Karimova ishi bo‘yicha o‘z xulosasini bergan-bermaganiga oid ma’lumot hozircha Ozodlik ixtiyorida yo‘q.

Karimova komandasi izohi

Imon Karimovaning Instagram sahifasida qo‘yilgan izohda¸ Gulnora Karimova ishining adolat va qonun ustuvorligi prinsiplari asosida o‘tkazilmayotgani O‘zbekiston imijiga o‘nlab marta ko‘proq ziyon yetkazayotgani aytiladi.

Eng sadoqatli masxarabozlar ishtirokida o‘tkazilishi rejalangan bu sirkning yagona sababi¸ Gulnora Karimovani siyosiy motivlardagi tutqunlikda ushlash uchun qo‘yadigan modda (Jinoyat kodeksidagi moddalar nazarda tutilmoqda – tahr.) qolmaganidir”¸ deyiladi tergovchi Yo‘ldoshev qaroriga berilgan Karimova tomoni izohida.

“Marhum prezidentning qizi taqdirini joriy prezidentning qizi hal qiladi”

"Hukumat ekspertizasidagi eng qiziq jihat¸ unda direktor o‘rinbosari prezidentning qizi Saida Mirziyoyeva bo‘lgan AOKAning ishtirokidir.

Gulnora Karimova taqdiri va uning aynan qaysi omillar bo‘yicha ayblanishini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yangi prezidentning qizi hal qiladi. Taraqqiy qilgan davlatlarda bunday ishlar manfaatlar to‘qnashuvi bois sudda hatto ko‘rib ham chiqilmaydi. Bu jihat Gulnora Karimovaga qarshi ishning mutlaq va shak-shubhasiz SIYOSIY MOTIVLARGA ASOSLANGANI va pirovard maqsad Gulnorani yo‘q qilish ekani isbotidir”¸ deyiladi Imon Karimova sahifasida e’lon qilingan bayonotda.

Imon Karimova sahifasida e’lon qilingan bayonotdan parcha.
Imon Karimova sahifasida e’lon qilingan bayonotdan parcha.

Imon Karimova va Gulnora Karimova advokatlari guruhi bunday xulosaga asos beruvchi tafsilotlarni ochiqlamagan.

Otasining 27 yillik hukmronligi davrida “O‘zbekiston malikasi” deb atalgan Gulnora Karimova bilan Islom Karimovga 13 yil Bosh vazirlik qilgan Shavkat Mirziyoyev qizlari o‘rtasidagi munosabatlar tafsiloti Ozodlikka ma’lum emas.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG