Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 13:17

OzodDayjest: Sobiq MXXchini o‘ldirgan “Akfa medline” xodimi 16 yilga qamaldi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Sobiq MXXchini o‘ldirgan shaxs uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi. O‘zbekistonliklar uchun Koreya vizasini olish qiyinlashishi mumkin. Saylov komissiyasi xodimi uydagi televizorini saylov uchastkasiga olib borishga majburlandi.

_____________________________________________________________

Sobiq MXXchi qabristonda nega o‘ldirib ketilgani sababi ochiqlandi


Toshkent shahridagi qabristonda ro‘y bergan qotillik tafsilotlari ma’lum bo‘ldi (“Huquq”, 12 dekabr). 2018 yil 5 sentabr kuni “Shayx Zayniddin” qabristonidan bo‘yni kesilgan jasad topilgan edi. Toshkent shahri prokuraturasi alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi Jasurbek Mahmudovga ko‘ra, tergov-surishtiruv jarayonida qotillik “Akfa medline” klinikasi xodimi tomonidan sodir etilgani aniqlandi.

Qayd etilishicha, marhum bir muddat Milliy xavfsizlik xizmatida ishlagach, oilaviy sharoiti to‘g‘ri kelmagani sabab tizimdan bo‘shagan. Shundan keyin u spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan, firibgarlik yo‘liga kirgan. U tanishi – “Akfa medline” klinikasi xodimidan ham 8 million so‘mga yaqin qarz olgan, ammo qaytarib bermagan. Ikki tanish qabristonga qarz oldi-berdisini hal etish uchun boradi. Ammo o‘zaro nizolashuv oqibatida “Akfa medline” klinikasi xodimi qarzdor tanishini bo‘yniga pichoq tortib o‘ldiradi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudi hukmiga ko‘ra, qotillikda ayblangan shaxsga 16 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

Koreyada noqonuniy yashayotgan talabalar soni bo‘yicha O‘zbekiston “peshqadam”lar safida


Janubiy Koreyada noqonuniy yashayotgan talabalar soni bo‘yicha O‘zbekiston uchinchi o‘rinda qayd etildi (www.sof.uz, 12 dekabr). Koreyaga D4 viza bilan kelib, so‘ngra noqonuniy yashash yo‘lini tanlagan talabalarning umumiy soni 18627 nafarni tashkil etadi. Ulardan 14705 nafari vyetnamlik, 1251 nafari xitoylik va 1205 nafari esa o‘zbekistonliklardir. Qayd etilishicha, ular koreys tili kurslarida o‘qish uchun viza olgan, ammo kurslardan qochib ketgan.

Bu holat xavotirli deb atalgan. Mazkur holat sabab o‘zbekistonliklar uchun Janubiy Koreyaga viza berish tartibi yanada murakkablashishi, viza muddatini uzaytirishda qiyinchiliklar ortishi taxmin qilinmoqda.

Saylov komissiyasi xodimi shaxsiy televizorini saylov uchastkasiga olib borishga majburlandi


Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani saylov komissiyasi xodimi uyidagi televizorni saylov komissiyasiga olib borishga majburlandi, deya xabar beradi jurnalist Shuhrat Shokirjonov Telegramdagi sahifasida. “Otam Sho‘rchi tumanida saylov komissiyasida ishlayapti. “Saylov uchastkasiga televizor olib kelib qo‘yinglar” degan buyruq kelibdi. “Qaerdan bo‘lsa ham topinglar”, deyilibdi. Otam noiloj uyda oilamiz bilan ko‘rib turgan televizorni olib borishga majbur endi. Kimga kerak bu ko‘zbo‘yamachilik?!” deya yozadi maktub muallifi.

Sho‘rchi tumani hokimligi matbuot xizmati mazkur xabarni rad etgan va saylov uchastkalarini televizor bilan ta’minlash maqsadida qariyb 45 million so‘m mablag‘ ajratilganini bildirgan.

“Lekin o‘sha ajratilgan pullarni kimdir jig‘ildonidan o‘tkazib, saylov komissiyasidagilarni majburlayotgan bo‘lishi ham mumkin-ku?! Bu birgina Sho‘rchida bo‘layotgan holat emas. Butun respublikada ko‘zbo‘yamachilik avjiga chiqqan”, deya raddiyaga munosabat bildirgan jurnalist Sh.Shokirjonov.

Qayd etilishicha, yana bir saylov uchastkasiga televizor, kompyuter, printer, seyf va bayroqlar olib kelish talab qilingan.

XS
SM
MD
LG