Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:51

"Viloyatliklarning Toshkentistonga oqimini hech qanday inspektor to‘xtata olmaydi. Chunki..."


O‘zbekiston ekologik partiyasi vakili Ulug‘bek Pirmuhammedov Toshkentga kelayotgan viloyatliklarning o‘z hududidagi inspektor ro‘yxatidan o‘tishini taklif qilib va bu taklifi uchun turli tanqidlarga uchrab turgan shu kunlarda O‘zbekiston hududidagi alohida davlat bo‘lib qolgan Toshkent shahri ya’ni Toshkentiston haqida o‘z shaxsiy fikrlarimni bildirmoqdaman.

"Savdogar Jonibek" degan imzo bitilgan xat shu so‘zlar bilan boshlanadi. Maktub Ozodlikka 17 dekabrda keldi va uni OzodMaktub ruknida e’lon qilishga qaror qildik.

Savdogar Jonibekdan kelgan matnning davomini o‘qing:

Men Qashqadaryoninig bir oddiy qishlog‘idan yozmoqdaman.

Mana mustaqil davlat bo‘lganimizga qariyb 30 yil bo‘lyapti. Davlat amaldorlari tomonidan 1991 yildan beri barcha sohalar Toshkent shahridan boshqarilib kelib, ushbu holat kundan kunga kuchayib ming afsuski 33 million aholini shu ahvolga o‘rgatib qo‘yishdi.

30 yillik reklama!

Qishda issiq uy qaerda bor?

Svet o‘chmaydigan joy, gaz o‘chmaydigan joy, issiq suv va sovuq suvi bor uy. Ishsizlarga ish…

Bino qurmoqchiman. Ruxsatnoma kerak Toshkentdan. Vazirlik, dilerliklar, savdo uylari, omborxonalar, sun’iy va majburiy yaratilgan katta-katta bozorlar…

Chet elga uchmoqchiman. O‘zbekistonga kelish yana Toshkent orqali.

Xullas hamma sohalar shu shahar orqali amalga oshadi yoki hal bo‘ladi. Boshqa imkoni ham yo‘q.

Inson borki, qulay sharoitda yashashni xohlaydi.

Yillar davomida boshqa viloyatlarga gaz, svet berilmadi. AYoQShlarda benzin, dizel yoqilg‘isi berilmadi. Tumanlarda, qishloqlarda, insonlar hayotida biror bir o‘zgarish bo‘lmadi va qo‘shni davlatlardan ham orqada qoldik.

Lekin Toshkentda hammasi bor. Nega shunday degan savolga hozirgacha ham javob berilmaydi.

Tadbirkorlikka keng yo‘l faqatgina Toshkentda!

Qashqadaryoda O‘zbekistonda yagona Sho‘rtanximkompleks katta zavodi joylashgan. Undan ishlab chiqarish uchun polietilen granula xom ashyosi chiqadi.

Unga ishonib ko‘p tadbirkorlar kichik korxonalar, sexlar tashkil qilib, qimmat dastgohlarni sotib olib kelishdi va ko‘p vaqt o‘tmay xom ashyo ololmasdan bankrot bo‘lishdi. Chunki granulani ham Toshkentiston orqali olishga majburlab qo‘yishdi.

Buni qanday tushunish mumkin? Xom ashyo o‘zimizdan chiqsada tadbirkor uni borib yana xarajat qilib Toshkentdan olib kelsa!

Sho‘rtan KM korxonasiga qarashli kompozit panel qoplamalari korxona ham ochilgan edi. Uni Toshkentda turgan amaldorlar o‘zlariga to‘g‘rilab qo‘yishdi. Birinchi oq, qaymoq rang bo‘yoqlarni bermay qo‘yishdi. Oxiri hammasini Akfaga tegishli korxona ochib to‘liq Toshkent orqali butun O‘zbekistonda o‘zlari sota boshladi.

Savdogarlarimiz Xitoy, Turkiya, Vetnam, Tayland, Koreya, Singapur, Hindistondan O‘zbekistonga kirib kelayotgan yuklarning asosiy qismini Abu Sahiy kargo, hozirgi nomi Toshkent savdo markazi kargosi orqali olishadi. Chunki xizmati arzon. Sababini tushunib bo‘lmaydi. O‘zingiz chet eldan konteynerga yuklab bojxona to‘lovini to‘lasangiz, qimmat boj to‘lovi chiqadi. Lekin Toshkent Kargo arzon! Balki ular boj to‘lovi to‘lamas? U yog‘i men uchun qorong‘u.

Bu kargo asosan yukni egalariga Toshkent orqali tarqatadi. (Sobir Rahimov omborxona) Biror viloyatda bo‘limi yo‘q va ochmaydi ham.

Tadbirkor yoki savdogar yukini olish uchun Toshkentga borishga majbur .Yana Toshkent.

Bu kargo O‘zbekiston prezidenti almashgandan keyin biroz vaqt to‘xtab qoldi va yangi kargolar paydo bo‘ldi va ko‘paydi.

Sog‘lom raqobat boshlandi deganda bir necha oylar o‘tib hammasi yopilib, Abu Sahiy kargo «Toshkent Kargo» bo‘lib ishlay boshladi.

Klient bilan ishlash, muomala biroz yaxshilandi. Hozir yana shu eski ahvol. 2-3 kun kech qolsang, yukni vaqtida ololmasang, jarima qo‘yishadi.

Manmansiragan xodimlarda muomala yo‘q. Viloyatliklarni mensishmaydi. Chunki ular hech kimdan qo‘rqmaydi, hech kim ularni tekshirolmaydi, hech kim ularga raqobat bo‘lolmaydi. Ular O‘zbekistondagi yagona sekret monopoliya kargodir. U yerda million-million dollar pul aylanadi. Aytishlaricha, oldin I.A.Karimov kuyovlariga tegishli ekan. Hozirgi kunda Sh.M.Mirziyoyev kuyovlariga tegishli bo‘libdi.

O‘zbekistondagi o‘rta va kichik beznes ishlab chiqaruvchilar, barcha savdogarlar mahsulotlarini Toshkent orqali sotishga va Toshkent orqali sotib olishga majbur bo‘lmoqda. Chunki biz viloyatda mahsulot ishlab chiqarsak, sotolmaymiz. Hech kim so‘ramaydi. Ilojsiz Toshkentga olib borib sotamiz.

Chunki u yerda katta bozorlar tashkil qilinib, odamlar shu bozorlarga o‘rganib qolishdi.

Endi savol tug‘iladi...

O‘zbekistonda ya’ni poytaxtda shunday katta bozorlar kerakmi o‘zi? Rivojlangan davlatlar shunday betartib, judayam katta bozorlar tashkil qilmaganku!

Butun respublikani shu bozorlarga kelishga majbur qilish to‘g‘rimi?

Ippodrom, Toshkent savdo, Chinni bozor, Bekbaraka bozori, O‘rikzor, Jomiy, Bekto‘pi bozori, Malika savdo, Sergeli mashina va ehtiyot qismlar bozori va boshqalar.

Bozor atrofi probka, odam ko‘p, taksilar odamdan ko‘p, yo‘llar berk bo‘lib qolgan.

Axir 21 asrda yashayapmiz. Uyat emasmi? Kir soda yoki sovun sotib olish uchun savdogar Xorazmdan O‘rikzor bozoriga kelishi kerakmi?

Telefon olish uchun Termizdan Malika bozoriga kelishi kerakmi?

Qaerda shunday? Axir qaysi davlatdan nusxa olyapmiz aytinglarchi? Koreya,Yaponiya,Amerika, Yevropani qo‘yaylik, qo‘shni davlatlar Rossiya yoki Qozog‘istonga qaraylik.

Oziq-ovqat do‘koni bor qarag‘andalik savdogarlar Nur-sultonga margarin olib kelgani boradimi? Yoki Novosibirskdagi savdogarlar Koka Kola olib kelgani poytaxt Moskvaga boradimi?

Hech qachon borishmaydi. Ularda to‘liq kompaniyalar, firmalarning o‘zlari do‘konga yetkazib berishadi.

Aslida savdogar do‘konida savdoni tashkil qilishi kerak. Do‘konga molning o‘zi kelishi kerak emasmi? Nega hukumat, mutasaddi xodimlar, deputatlar shu haqda o‘ylamayapti?

Tadbirkorlarimizni, savdogarlarimizni sarson qilmasdan, shu haqda qonun chiqarsa bo‘ladiku. Ular viloyatlardan Toshkentga qatnab, qancha-qancha vaqtlari behuda ketmoqda va Toshkentiston ahliga ham yomon ko‘rinmoqda. Yoz oylari oziq-ovqat mahsulotlari issiqda sifati buzilib, iste’molga yaroqsiz ahvolga yetib kelmoqda va ba’zi savdogarlar, tadbirkorlar yo‘lda avariya bo‘lib o‘lib ketyapti yoki bir umrga mayib-majruh bo‘lib qolmoqda. Ular ataylab pul Toshkentga kelishi uchun tashkil qilgan.

Agar tadbirkorlikni rivojlantirish kerak bo‘lsa albatta. Davlat barcha o‘rta va yirik kompaniyalar va firmalardan barcha viloyat va tumanlarda majburiy dilerlik, savdo bo‘limlarini ochishni talab qilishi kerak.

Xususiy yuk bazalarini ochishga imtiyozlar berishi kerak.

Tezkor pochta xizmati, kuryerlik xizmatlarini tezlik bilan yo‘lga qo‘yish kerak bo‘ladi. Xususiy pochta xizmatlariga ham imtiyoz berish kerak bo‘ladi.

Bu ishlar toshkentlik ba’zi amaldorlarga yoqmasa ham davlat maxsus qonun ishlab chiqishi shart.

Kino sohasiga e’tibor qaratsak.

Yangi ishlanayotgan filmlar, seriallar, xususiy telekanallardagi ko‘rsatuvlar asosiy qismi Toshkent shevasida tayyorlanmoqda.

Bu albatta boshqa viloyatlarda yashovchilarning ko‘ngliga tegadi va o‘zini imkonsiz odam sifatida his qiladi.

Nega Toshkent shevasini O‘zbekiston xalqiga majburlab singdirishmoqda? Axir hamma toshkentligu samarqandlik, xorazmu surxon uchun teng bo‘lgan sof adabiy o‘zbek tilimiz borku!!!

Nega hech kim ayta olmaydi yoki nazorat qiladigan organ yo‘qmi? Bu masala SSSR vaqtida nazorat qilingan. O‘sha paytdagi ishlangan badiiy filmlarni hozir ham bemalol barcha yurtdoshlarimiz sof adabiy tilda tomosha qiladi.

Afsuski viloyatdagi ko‘pgina hozirgi yoshlarimiz Toshkent shevasida gapiradigan bo‘lib qolmoqda. Balki ular ham Toshkentga borish uchun tayyorlanmoqdadir! Axir Toshkent shevasini bilmasa har sohada qoqiladi. Ularni ham ayblab bo‘lmaydi, chunki barcha telekanallardagi ko‘pgina seriallar, filmlar Toshkent shevasiga aylanib bormoqda.

Bir o‘ylab ko‘raylik. Mabodo hamma filmlar Xorazm shevasida ishlansa nima bo‘lardi? Toshkentliklar chiday oladimi? Hech qachon rozi bo‘lmaydi.

Barcha masalalar Toshkentdan hal bo‘ladigan bo‘lsa, hukumat biz haqimizda o‘ylamasa, yaxshi hayot ham faqatgina shu yerda, Toshkentda bo‘lsa…

Endi bizdan xafa bo‘lmanglar toshkentliklar! Biz shunga majburmiz. Hukumat amaldorlari shuni xohlashyapti.

Biz Toshkentga ko‘chib borib olamiz, hamma eski uylarniyu yangi qurilgan uylarni, do‘konlarni, kafelarning hammasini sotib olamiz! Propiskamiz bo‘lmasa ham qarindosh-urug‘larimiz bor, tanish-bilishlarimiz bor, ularning nomiga olaveramiz. Savdo- sotiq ishlarini, bozorlarni, bo‘sh ish o‘rinlarini egallab olamiz. Nailoj sof adabiy tilimizni ham unutamiz va Toshkent shevasini o‘rganamiz!

Agar IIB xodimlari propiskamiz yo‘qligini bahona qilib, bizni panelniyga olib ketib pul so‘rashsa, cho‘ntagini pulga to‘ldiramiz. Unga ham rozi bo‘lmasa, og‘zini pulga to‘ldiramizu, lekin yo‘limizdan qaytmaymiz! Axir biz bola-chaqa boqishimiz kerak, biz ham yaxshi yashashni xohlaymiz!

Savdogar Jonibek

Eslatma​: OzodMaktub rukni ostida chop etiladigan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari ifodasidir. Bu ruknda berilgan materiallar mualliflari qarashlari Ozodlik qarashlariga mos kelmasligi mumkin.​

Алоқадор

XS
SM
MD
LG