Линклар

Шошилинч хабар
21 феврал 2020, Тошкент вақти: 23:52

O‘zbekiston prezidenti umidlarni oqlay oladimi?


Iqtisodiyot vazirligini “zararli tashkilot” sifatida tugatish taklif etildi. Ahmadboydan jabr ko‘rganlarga zarar qanday taqsimlanishi ochiqlandi. Yulduz Usmonova tatuirovkadan qutulish qiyin bo‘layotganidan yozg‘irdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

G‘arb sarmoyadorlarini O‘zbekistondan to‘sayotgan omillar oshkor etildi

Shavkat Mirziyoyev prezident etib saylangach, uch yil ichida keng qamrovli islohotlarni boshladi, ammo yaqinda tabiiy gaz va elektr quvvati yetishmovchiligi bilan bog‘liq ro‘y bergan norozilik holatlari o‘zbek xalqining yangi rahbariyat boshchiligidagi o‘zgarishga ishonchi pasayishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Bu haqda “Rossiya va Yevroosiyo” dasturining tadqiqotchisi Keyt Mallinson muallifligidagi “O‘zbekiston prezidenti umidlarni oqlay oladimi?” (“Can Uzbekistan’s President Meet Raised Expectations?”) nomli maqolada so‘z boradi.

Buyuk Britaniyaning Qirollik xalqaro munosabatlar institutining chathamhouse.org saytida e’lon qilingan maqola Uzanalytics nashri tomonidan o‘zbek tiliga o‘girildi.

Qayd etilishicha, mamlakatda chet el investitsiyasi sezilarli darajada ortgan bo‘lsa-da, ularning aksari Rossiya va Xitoy qarzi hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Yevropa va AQSh kompaniyalarining esa hali ham islohotlarning kuchi saqlanib qolishiga ishonchi komil emas.

Izchil siyosat yo‘qligi, farmon va qonunlarning shoshmashosharlik bilan tayyorlanayotgani, ular ma’nosini aniqlashtirish uchun ko‘pincha prezident farmonlarini chiqarish talab etilayotgani, shuningdek, qoidalar shaffof emasligi G‘arb investorlarini yo‘ldan qaytarayotgan qo‘shimcha omillar bo‘lmoqda. Mehnat resurslarining hamon sovetcha yondashuvdan erkin mehnat bozoriga o‘tish bosqichida turgani vaziyatni chigallashtirmoqda”, deb yozadi muallif.

Maqolada siyosiy va ijtimoiy islohotlar sustlashgani, prezident Mirziyoyev xavfli davrga qadam qo‘yayotgani ta’kidlanadi.

Taniqli ekspert iqtisodiyot vazirligini tugatishni taklif qildi

O‘zbekiston iqtisodiyot va sanoat vazirligi “zararli tashkilot” sifatida tugatilishi lozim, deydi taniqli iqtisodchi Yuliy Yusupov (www.kun.uz, 16 dekabr). Uning fikricha, vazirlik tugatilmasa, mamlakatda rivojlanish bo‘lmaydi. Ekspertning bunday keskin fikrga kelishiga muhokama uchun e’lon qilingan hujjat loyihasi sabab bo‘ldi. Unda iqtisodiyot vazirligi “o‘rta biznes” toifasini joriy etish va bunday korxonalarni QQS to‘lashdan ozod qilishni taklif etgan.

Aftidan, iqtisodiyot va sanoat vazirligi iqtisodiyot qonunlariga zid bo‘lgan hamda mamlakat iqtisodiy rivojiga to‘sqinlik qiladigan me’yoriy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda birinchi o‘rinni egallashga qat’iy qaror qilgan”, deb yozadi Yu.Yusupov.

Uning ta’kidlashicha, bunday choralar faqat soliq yukining oshishiga olib keladi. Shu bois QQS to‘lashda biror bir imtiyoz va istisnolar bo‘lmasligi lozim.

QQS to‘lashning mohiyati va mexanizmlarini tushunmaslik ham shu darajada bo‘ladimi! Agar ushbu soliqni to‘lash zanjirida to‘lamaydiganlar paydo bo‘lsa, unda soliq yuki keyingi halqalarga tushadi. Ya’ni, QQS yo‘q bo‘lib qolmaydi, u baribir to‘liq miqdorda to‘lanadi, faqat boshqa tadbirkorlar tomonidan”, deya xulosa qiladi ekspert.

“Ahmadboy ishi”da javobsiz savol chiqib qoldi

Firibgarlik, noqonuniy moliyaviy piramida tashkil etish va boshqa jinoyatlarda aybdor deb topilgan chinozlik Ahmadjon Tursunboyevdan jabr ko‘rgan fuqarolar soni va ularga yetkazilgan zarar miqdoriga aniqlik kiritildi (www.xabar.uz, 17 dekabr). MIBning Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bekzod Mengliyevga ko‘ra, “Ahmadboy ishi” doirasida 11710 nafar fuqaro jabrlanuvchi deb e’tirof etilgan, etkazilgan zarar miqdori esa 386 milliard so‘mdan ko‘proqni tashkil qiladi.

Ayni paytda mahkumga tegishli 29 ta ko‘chmas mulk va 8 ta avtomobil xatlanib, ularni auksionda sotish ustida ish olib borilmoqda.

Ta’kidlanishicha, mulk sotilishi bilan zararlarni qoplash boshlanadi. Jabrlanuvchilarning ro‘yxati shakllantirilgan, tushgan mablag‘lar bo‘yicha maxsus elektron dastur yaratilgan bo‘lib, kimning qancha haqi borligidan kelib chiqqan holda proportsional taqsimlanib boriladi.

Xatlangan mulklar va dastlabki tergov jarayonida olib qo‘yilgan pul miqdori zararlarni qoplashga yetadimi? Bu savol hamon muallaq turibdi”, deb yozadi nashr.

Soliq idorasi qaroqchilikda ayblandi

Hududlarda tadbirkorlarni Davlat soliq qo‘mitasi nashri – “Soliq plyus” gazetasiga majburiy obuna qildirish davom etmoqda. Bu haqda samarqandlik jurnalist Shuhrat Shokirjonov Telegramdagi kanalida xabar bergan. Qayd etilishicha, soliq idoralari tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘rqitib, “kamchilik topamiz”, “jarimaga tortamiz” deb majburiy tarzda obuna qildirmoqda.

Jurnalist gazetaning bitta soni bahosi juda qimmat (12 ming 692 so‘m) ekaniga ham e’tibor qaratgan. Holbuki, barcha xarajatlar bilan gazetaning tannarxi 2000 so‘m atrofida bo‘ladi.

Agar pirovard maqsad Davlat soliq qo‘mitasining o‘z sohasida bo‘layotgan yangilik va xabarlar, qonunchilik hamda ma’murchilikdagi o‘zgarishlardan boxabar qilish bo‘lganida, bunday ma’lumotni o‘z rasmiy saytida, telefon ilovalarida berib borsa ham bo‘lardi-ku?! Yo‘q, ularga majburiy obuna ortidan milliardlab mablag‘ kerak. Kimdir buning ortidan ekstra klassdagi lyuks avtomobillar minadi, qo‘sha-qo‘sha qasrlar quradi. Va buni hech kim tekshira olmaydi! Chunki tekshiradiganlar – o‘zlari”, deb yozadi jurnalist.

Muallif soliq idorasining ushbu xatti-harakatini “qaroqchilik” deb atagan.

Yulduz Usmonova tatuirovkadan qutulish uchun it azobini tortayotganini tan oldi

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova qo‘liga yo‘lbars suratida tatuirovka qildirganidan taassuf bildirdi (www.daryo.uz, 16 dekabr). Xonanda bu ishini “ahmoqgarchilik” deb atagan va tatuirovkadan qutulish uchun har oy it azobida lazerga borayotganini tan olgan.

Gollandiyada yashab yurganimda bu tatuirovkani qildirgandim. Haligacha oldirib tashlolmadim. Tatuirovka qilmoqchi bo‘lganlar bunaqa qilmanglar. Bu juda yomon, yaramas narsa ekan. Har oy it azobida lazerga borib kelaman. Qaerga borsam, shu haqda so‘rayapman, afsuski, hozircha bundan qutulish uchun shu lazerdan boshqa hech narsa chiqmabdi.

Yo‘lbarsning ham yarmi ketib, xiralashib turibdi. Bu narsa xato. O‘sha paytlarda yonimda hech kimim yo‘q edi, to baxtimni topgunimcha nechta turmushga chiqdim. Necha qoqilib, necha marta turdim. Oldinga qarab intilaverdim. Shu tatuirovkani ham axmoqgarchilik paytida qilgan ekanman”, degan Yu.Usmonova.

Sevishganlarni videoga olib tovlamachilik qilgan shaxs mahkamaga tortildi

Qashqadaryo viloyatida sevishgan yigit-qizni telefonda videos’yomka qilib, so‘ng ulardan pul talab qilgan shaxs mahkamaga tortildi (“Huquq”, 19 dekabr).

Bu haqda Nishon tumani prokurorining yordamchisi Bekzod Xo‘jayev ma’lum qilgan. Yigit paxta terimidagi mahbubasini ko‘rgani borgan. Sevishganlar mashinada o‘tirgan paytda dalada ishlovchi shaxs ularni telefonda videoga olgan.

“Dalamizni harom qilyapsanlar” deya do‘q urgan shaxs videoni internetda tarqatish bilan qo‘rqitib, ulardan 100 dollar talab qilgan. Ismi oshkor etilmagan shaxs talab qilingan pulni olayotganda qo‘lga tushirilgan. Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tumani sudi tovlamachilikda ayblangan shaxsga 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlagan.

XS
SM
MD
LG