Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:06

Tadqiqot xulosasi: O‘zbekistonda OITV yuqtirgan kishilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri kamsitiladi


O‘zbekistonda OITV epidemiyasi konsentratsiyalashgan, ya’ni bu kasallik muayyan guruhlar orasida tarqalgan. 2018 yil 1 yanvarigacha bo‘lgan rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatga olingan OITV yuqtirganlar soni 37 861 kishi bo‘lgan.

Bu ma’lumot qarorgohi Tallinn shahrida (Estoniya) joylashgan Erkaklar salomatligi bo‘yicha Yevroosiyo koalitsiyasi (ESOM) rasmiy saytida e’lon qilingan hisobotda keltirildi.

Quyida "O‘zbekistonda LGBT vakillari va OITVga chalinganlar bilan bog‘liq milliy qonunchilik tahlili"ga bag‘ishlangan hisobot muqaddimasi mazmuni bilan tanishishingiz mumkin.

OITV yuqtirganlar kishilar O‘zbekistonning barcha viloyatlarida, ammo, asosan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ro‘yxatga olingan. OITV, asosan, jinsiy aloqa (69,5 foiz) va parenteral (19,5 foiz) yo‘llar bilan yuqqan. 2017 yilda OITV yuqtirib yashayotgan erkaklar va ayollar soni tenglashdi.

Davlat idoralari xabariga ko‘ra, 2017 yilda respublikaning 5 ta viloyatidagi 2039 dan ortiq MSM (boshqa erkak bilan jinsiy aloqa qiluvchi erkak) profilaktik tadbirlar bilan qamrab olinib, ularga 151 918 ta prezervativ tarqatildi. Ularning 612 dan ortig‘i qonida OITV bor-yo‘qligini aniqlash uchun tezkor va IFA (immunoferment tahlili) usullari bilan sinovdan o‘tkazildi. Ammo erkaklar o‘zaro jinsiy aloqa qilgani uchun jinoiy javobgarlik borligi bunday ma’lumotlar aniq ekaniga shubha uyg‘otadi.

OITV yuqtirgan MSM bo‘yicha statistika ma’lumotlari ishonchli bo‘lishi mumkin emas, chunki ko‘plab o‘zi jinsi vakili bilan jinsiy aloqa qiluvchi kishilar, hatto tibbiyot xodimlari bilan suhbatlashayotganda ham, ta’qiblardan qo‘rqib, jinsiy moyilligini oshkor qila olmasligini aytadi. Bundan LGBT vakillari ham mustasno emas, ular OIV yuqtirganini bilsa-da, oqibatidan qo‘rqib, ro‘yxatdan o‘tmaydi.

LGBT vakillari orasida OITV yuqtirganlar haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Nimrasmiy ma’lumotlarga qaraganda, MSM orasida OIV tarqalishi 2011 yilda 0,7 foiz bo‘lgan. Biroq O‘zbekiston Respublikasi Sog‘iqni saqlash vazirligi buyrug‘iga ko‘ra, 2012 yildan boshlab, MSM qaltis guruhga kiritilmaydigan bo‘ldi. YuNEYDS ma’lumotlariga ko‘ra, OITV yuqtirayotganlar soni yildan-yilga uzluksiz oshib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida odamlarni salomatligi belgilariga qarab kamsitishni bevosita taqiqlash ko‘zda tutilmagan. Binobarin, bunaqa taqiq Mehnat kodeksida ham yo‘q, lekin uning 6-moddasida “xodimlarning ishchanlik qobiliyatlariga va ular mehnatining natijalariga aloqador bo‘lmagan boshqa jihatlariga qarab” kamsitish taqiqlanadi, ammo bu salomatlik belgilariga qarab kamsitish bevosita taqiqlanadi degani emas.

Ayni paytda O‘zbekistonning “Odamning immunitet tanqisligi keltirib chiqaradigan kasallik (OITV-infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunida mehnat shartnomasini bekor qilish, ishga qabul qilmaslik, ta’lim muassasalariga qabul qilmaslikka yo‘l bermaydi (bundan ayrim ta’lim muaasasalarigina mustasno). Bundan tashqari, “Fuqarolarning salomatligini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun vatandoshlarga qanday kasali bo‘lishidan qat’i nazar, kamsitishdan himoyalanishni kafolatlaydi.

O‘zbekistonda OITV yuqtirgan kishilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri kamsitiladi. Ular Ma’muriy javobgarlik kodeksining kasallik yuqtirish manbasini yashirishni taqiqlovchi 57-moddasiga asosan, jinsiy sheriklari haqidagi ma’lumotni davlat xizmatlariga oshkor qilishga majbur.

Bundan tashqari, OITV bor-yo‘qligini aniqlash uchun majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish chorasi ham qo‘llanadi. Ko‘rik tergovdan oldin tekshiruv o‘tkazayotgan idora amaldor shaxsining, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori yoki qonunchilikda belgilab qo‘yilgan tartib bo‘yicha sudning ajrimi bilan odamning yoki uning qonuniy vakili roziligiz o‘tkaziladi.

“Qonunchilikning LGBT vakillari va OITV yuqtirgan kishilar huquqiga tegishli tahlili”dan LGBT vakillari va OITV yuqtirgan kishilar huquqiga oid qo‘shimcha ma’lumotlar olishingiz mumkin. Uni ECOM (Erkaklar salomatligi bo‘yicha Yevroosiyo koalitsiyasi) tayyorlagan.

XS
SM
MD
LG