Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:34

OzodDayjest: “Bunday hokimlar bor ekan, O‘zbekistonga tashqi dushman kerak emas!”


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Bloger Otabek Bakirov hokimlarning saylov jarayonlarini nazorat ostiga olganini tanqid qildi. Rossiyadagi o‘zbekistonliklar vatanga 2019 yilning birinchi yarmida 2 mlrd dollardan ko‘proq pul yuborgan. Hojiboy Tojiboyev “o‘ldirib yuborilgani” haqidagi mish-mishga munosabat bildirildi.

_____________________________________________________________

Bloger saylovni obro‘sizlantirgan hokimlarni tanqid qildi


22 dekabr kuni O‘zbekistonda o‘tgan saylovda xalq qo‘llayotgan aksar nomzodlar yutqazdi, deb yozadi bloger Otabek Bakirov Telegramdagi shaxsiy sahifasida. Muallif saylov jarayonidagi asosiy xatolarga e’tibor qaratgan.

“Birinchidan, yana eski davr talablari bo‘yicha shakllangan, amalda g‘oyaviy bankrot va sun’iy tuzilmalarga aylangan cho‘ntak partiyalarga suyanildi. Bu partiyalarning hech biri, masalan, mening siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy qarashlarim va qadriyatlarimni aks ettirmaydi. Men o‘zimni ular bilan assotsiatsiyalanishni ham istamayman. Shu ma’noda tashabbuskor guruhlardan nomzod ko‘rsatish kanaliga ruxsat berilishini kutgandim. Afsuski, bunday bo‘lib chiqmadi”, deb yozadi O. Bakirov.

Bloger hokimlar va hokimliklar nomzodlarni saralashdan tayinlashgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni to‘liq nazorat qilganiga e’tibor qaratgan. “Islohotlarni uzluksiz diskreditatsiya qilib kelayotgan hokimlar bu safar juda katta umid berilgan saylovlarni ham yetarlicha obro‘sizlantirishdi. Bunday hokimlar bilan O‘zbekistonga tashqi agressor ham, dushman ham kerak emas”, deb yozadi u.

Bloger, shuningdek, viloyat va tuman saylov komissiyalari, saylov uchastkalari tarkibini shakllantirish qoidalarini butunlay o‘zgartirish lozimligini urg‘ulagan.

O‘zbekistonliklar o‘z vataniga Rossiyadan o‘rtacha qancha mablag‘ yuborayotgani ochiqlandi


Rossiyadagi qirg‘izistonlik mehnat muhojirlari o‘z vataniga o‘zbekistonliklarga qaraganda ko‘proq pul jo‘natadi (www.repost.uz, 24 dekabr). FinExpertiza markazi 2019 yilning uch choragi bo‘yicha o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari o‘z vataniga o‘rtacha 418 dollardan yubormoqda. Rossiyadan yuborilayotgan jo‘natma miqdori Qirg‘izistonda 536, Tojikistonda esa 195 dollarni tashkil etadi. 9 oy yakuni bo‘yicha umumiy o‘rtacha ko‘rsatkich esa 422 dollarga to‘g‘ri kelgan.

Rossiya Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilning birinchi yarmida ushbu mamlakatdan O‘zbekistonga 2 milliard dollardan ziyod pul yuborilgan. O‘zbekiston bir necha yildan buyon bu borada MDH davlatlari orasida birinchi o‘rinni egallab keladi.

Hojiboy Tojiboyev “o‘ldirib yuborilgani” haqidagi mish-mishga oydinlik kiritildi


Hojiboy Tojiboyevning yordamchisi, qiziqchi Otabek Hasanov marhum so‘z ustasining vafoti bilan bog‘liq ovozalarga oydinlik kiritdi (www.daryo.uz, 23 dekabr). “Ularning vafoti haqida har xil gap-so‘zlar bo‘ldi, “o‘ldirib yuborishgan” deganlar ham bo‘lgan, tavba qildim. “Ko‘p gapirib yuborgani uchun yo‘q qilib yuborishdi”, deyishdi. Ammo ular darddan, kasallikdan vafot etdilar”, deydi Otabek Hasanov.

Avvalroq H. Tojiboyevning qizi, aktrisa Intizor Tojiboyeva ham otasi haqida odamlar tarqatgan mish-mishlardan jahli chiqishi haqida gapirgan edi.

“Dadamni avtohalokatga uchrab halok bo‘lgan deyishlari yoki kimdir o‘ldirgan degan yolg‘on, bo‘lmagan gaplarni eshitish og‘ir botadi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, so‘nggi konsertlarida ahvollari juda og‘ir edi”, degan I. Tojiboyeva.

XS
SM
MD
LG