Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:32

OzodDayjest: Senator Safoyev prezident Karimov davrini “eng avtoritar boshqaruv” deb baholadi


Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev.
Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev.

Bosh prokuror nogironlardan pora olayotgan tibbiyotchilarni fosh etdi. Sodiq Safoyev O‘zbekiston 3 yil avval dunyodagi eng avtoritar davlatlardan biri bo‘lganini qayd etdi.Pensiya jamg‘armasi rahbari O‘zbekistonda pensiya bo‘yicha yuqori chegara bazaviy hisoblash miqdorini bekor lozim, deb hisoblaydi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

________________________________________________

Bosh prokuror nogironlardan ham pora olinayotganidan xavotirda


O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev tibbiyot tizimida korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar ko‘payib borayotganini keskin tanqid qildi (“Huquq”, 26 dekabr). U, xususan, nogironlikni rasmiylashtirish uchun pora olinayotganini o‘ta tashvishli holat, deb atagan. Masalan, Kattaqo‘rg‘on shahri tibbiyot birlashmasiga qarashli komissiya raisi 2-guruh nogironi bo‘lgan fuqaroga umrbod nogironlikni belgilash evaziga undan 1,5 million so‘m pora olganda ushlangan.

Bosh prokuror, shuningdek, nogironlik alomatlari yaqqol ko‘rinib turgan fuqarolarga nogironlikni belgilashda byurokratik va korrupsion to‘siqlar o‘ylab topilganini qoralagan. Masalan, alohida anatomik nuqsonlar, ya’ni qo‘li, oyog‘i amputatsiya qilinganlar, bolalikdan tug‘ma nogironlar, daun kasalligiga chalinganlar nogironlikni olish uchun 4 oydan 6 oygacha behuda davolanishga majbur bo‘lmoqda.

Qayd etilishicha, so‘nggi ikki yilda sog‘liqni saqlash tizimining 581 nafar vakili turli jinoyatlar uchun, jumladan, 114 nafari korrupsiyaga oid jinoyat uchun javobgarlikka tortilgan.

Prezident Karimov davri “eng avtoritar boshqaruv” deb ataldi


Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev O‘zbekiston 3 yil avval eng avtoritar davlatlardan biri bo‘lganini qayd etdi (www.kun.uz, 20 dekabr). Toshkentda saylov munosabati bilan o‘tkazilgan munozarada so‘zlagan senator siyosiy tizimni o‘zgartirmay, inson huquqlarini ta’minlamay turib, insonning potensialini ro‘yobga chiqarib bo‘lmacligini ta’kidlagan.

“3 yil avval O‘zbekiston eng avtoritar davlatlardan biri edi. Davlat o‘z asosiy funksiyalarini to‘g‘ri bajarmayotgan mamlakatlar safiga kiritilgan edi. Tushunarliki, shunday tahlilning o‘zi ko‘rsatadiki, mamlakatdagi vaziyatni chuqur bilgan hukumat a’zolari hamda birinchi navbatda, 13 yil davomida bosh vazir bo‘lgan inson albatta bu yerdagi o‘zgarishlarni boshlamasdan iloji yo‘q edi. Mamlakatning rivojlanishi konsepsiyasi, falsafasi o‘zgarishi kerak edi va ilgaridagidek barchamiz marksistik yondashuvdan chiqib, avval iqtisod demasdan, shu narsa hamma uchun aniq bo‘ldiki, biz birinchi navbatda siyosiy tizimni o‘zgartirishimiz kerak”, degan S. Safoyev.

Tahlilchilarga ko‘ra, marhum prezident Islom Karimov boshqaruvi davri ilk bor Senat raisi o‘rinbosari darajasidagi yuqori martabali rasmiy tomonidan “eng avtoritar boshqaruv” o‘laroq tan olinmoqda.

Pensiya jamg‘armasi rahbari pensiya bo‘yicha cheklovni bekor qilish lozimligini aytdi


O‘zbekistonda pensiya bo‘yicha yuqori chegara bazaviy hisoblash miqdorini bekor lozim, deb hisoblaydi Moliya vazirligi huzuridagi pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori Bahrom Ashrafxonov (“Darakchi”, 26 dekabr). Amaldagi tartibga ko‘ra, fuqaro qancha maosh olganidan qat’i nazar yuqori chegara bazaviy hisoblash me’yoriga ko‘ra uning pensiyasi miqdori 2 million 230 ming so‘mdan oshmaydi.

“To‘g‘ri, pensiya jamg‘armasining moliyaviy ahvolini o‘ylab shunday tizim ishlangan. Pensiya yuqori bo‘lsa, mablag‘ yetmay qolishi mumkin. Shu bois ushbu tizim bosqichma-bosqich isloh qilinsa, yaxshi bo‘lardi. Avvaliga yuqori chegara bazaviy hisoblash miqdorini yana bir necha barobarga oshirib, keyinchalik mutlaqo bekor qilish mumkin bo‘ladi”, degan B. Ashrafxonov.

Mas’ul mansabdor, shuningdek, pensiya tizimini liberallashtirish va sug‘urtalash zaruratiga ham urg‘u bergan.

XS
SM
MD
LG