Линклар

Шошилинч хабар
19 феврал 2020, Тошкент вақти: 02:44

Turkiya Rossiyaning ogohlantirishiga qaramay, Liviyaga qo‘shin jo‘natmoqchi


Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on (o‘ngda) Tripolidagi Milliy yarashuv hukumati boshlig‘i Fayoz as-Sarrof bilan uchrashdi, Istanbul, 15 dekabr.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on rasmiy Tripolining iltimosiga ko‘ra, 2020 yil yanvarida Liviyaga qo‘shin jo‘natishini ma’lum qildi. Turkiya qo‘shinlari ushbu mamlakatda Kremlga bog‘liq yollanma askarlarga ro‘para kelishi mumkin.

Tripoli hukumati vakili 26 dekabrda ma’lum qilishicha, Anqaraga Turkiya havodan, yerdan va dengizdan ko‘mak berish so‘ralgan rasmiy iltimosnoma yuborilgan.

Liviyaning BMT tan olgan Milliy yarashuv hukumati (MYH) poytaxt Tripolida nazoratni saqlab qolish uchun mamlakat sharqida joylashgan general Xalifa Haftarning Liviya milliy armiyasiga qarshi kurashmoqda. Xabarlarga ko‘ra, uni Rossiya, Xitoy, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari va Iordaniya dastaklab turibdi.

2011 yili NATO ko‘magidagi qo‘zg‘olon vaqtida diktator Muammar Qaddofiy ag‘darib tashlangandan so‘ng mamlakatda boshboshdoqlik vujudga kelgan, so‘ngra 2016 yili BMT vositachiligida MYH tashkil etilgan edi.

Moskva Turkiyani Liviyaga qo‘shin joylashtirmaslikka qat’iy da’vat qildi. Lekin Erdo‘g‘on Rossiya tanqidini rad etdi hamda Turkiya Haftarni qo‘llab-quvvatlayotgan Kremlga aloqador “Vagner” hususiy harbiy kompaniyasi yollanma askarlari xatti-harakatlarini jim kuzatib tura olmasligini bildirdi.

Kreml haligacha “Vagner” kompaniyasining Liviyada borligini ham, uning jangarilarini qo‘llab-quvvatlayotganini ham tasdiqlagani yo‘q.

− U yerda Rossiyaning 2000 nafar “Vagner” jangchisi bor, − dedi Erdo‘g‘on. Aytishicha, Liviyada yana Sudanning 5000 askari bor.

− Ularni rasmiy hukumat taklif qilyaptimi? Yo‘q, − dedi Erdo‘g‘on. – Ular barchasi harbiy baron Haftarga yordamlashyapti. Biz esa mamlakat qonuniy hukumatining taklifini qabul qilyapmiz. Buning farqi bor.

Haftar qo‘shinlari vakilidan izoh olishning iloji bo‘lmadi.

Haftarning jangchilari markaziy Tripoliga hali yetib kelmadi, biroq rus va sudanlik qo‘shinlar yordamida asta-sekin poytaxtning janubiy chekkalari tomon surilib bormoqda, deydi diplomatlar.

Ayni choqda Oq Uy 26 dekabrda prezident Donald Tramp Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy bilan telefon orqali gaplashganini, ikkala rahbar Liviyaga “chet mamlakatlar bostirib kirishini rad etgani”ni ma’lum qildi, biroq qaysi chet el qo‘shinlari haqida gap ketayotganini ochiqlamadi.

“Rahbarlar... tomonlar liviyaliklar nazoratni chet ellik o‘yinchilarga berib qo‘yishidan oldin mojaroni hal etish uchun shoshilinch qadamlar qo‘yish shart ekani xususida yakdil ekanini aytdi”, deyiladi Oq uy bayonotida.

Turkiyaning sobiq diplomati va Iqtisodiyot va tashqi siyosat tadqiqotlari markazi raisi Sinan Ulgenning “Reyter”ga bildirishicha, Rossiyaning yollanma askarlari MYHga qattiq bosim o‘tkazgan hamda “Tripoli bilan Anqara o‘rtasidagi ushbu kelishuvni tezlashtirgan”.

‒ Shuning uchun qo‘shinlar zudlik bilan joylashtirilishi kerak, biroq Turkiyaning harbiy o‘yinga tortilish xavfi bor, bunaqa holatda birdan-bir yo‘l faol qatnashish va uni kuchaytirishdir, ‒ dedi u.

XS
SM
MD
LG