Линклар

Шошилинч хабар
25 феврал 2020, Тошкент вақти: 11:40

Ukraina bilan rossiyaparast ayirmachilar mahbuslarni almashishni boshladi


Mahbuslarni almashish 29 dekabrda Ukraina sharqidagi Mayorsk chegara punktida boshlandi.

Ukraina hokimiyat idoralari bilan mamlakat sharqidagi Rossiyaga orqa qiluvchi ayirmachilar mahbuslarni almashishni boshladi, deb xabar qildi Ukraina prezidenti devoni 29 dekabrda.

“Mayorsk chegara punktida hibsga olingan mahbuslarni ozod qilish jarayoni boshlandi”, deb yozdi Ukraina prezidenti Tvitterdagi akkauntida hamda o‘sha yerga avtobuslar, tez yordam mashinalari va qurollangan askarlarning bir necha suratini joyladi.

− Almashuv boshlandi, ‒ deb aytgan edi oldinroq Rossiyaga orqa qilayotgan va o‘zini Donetsk Xalq Respublikasi deb ataydigan ayirmachilar guruhi ombudsmeni Darya Morozova.

Ukraina tarafi 87 kishini berishi, ayirmachilar esa 55 kishini almashtirishi kutilmoqda. Bu haqda Ukrainaning UNIAN axborot agentligi ayirmachilar guruhi vakiliga tayanib ma’lumot berdi.

Agar ish oxiriga yetsa, bu mojaroga aralashib qolgan ukrainalik mahbuslarning so‘nggi to‘rt oydagi ikkinchi yirik almashuvi bo‘ladi.

Almashuv Donetskdan 35 km shimolda joylashgan Mayorsk yaqinidagi Gorlovka qishlog‘ida ro‘y bermoqda.

“Hammani – hammaga” almashtirish g‘oyasi 9 dekabrda Parijda bo‘lib o‘tgan Ukraina, Rossiya, Fransiya va Germaniya ishtirokidagi “Normandiya to‘rtligi” sammiti vaqtida jiddiy muhokama qilingan edi.

Bundan oldingi almashuv chog‘ida Rossiya bilan Ukraina jami 70 kishini ayirboshlagan va bu 13 mingdan oshiq kishining yostig‘ini quritgan urushga barham berish yo‘lidagi ulkan qadam sifatida baholangan edi.

Ayni urush Rossiya Qrimni bosib olgani va Rossiyaga orqa qiluvchi qurolli kishilar Ukrainaning sharqidagi viloyatlarda hokimiyatni egallagandan so‘ng boshlanib ketgan edi.

Rossiya mojaroda qatnashmayotganini iddao qilib keladi. Vaholonki, Moskvaning ayirmachilar rahbarlari bilan aloqa qilib turgani, rossiyaliklar qo‘lga olingani va janglar vaqtida qurbon bo‘lganiga oid ko‘plab isbotlar mavjud.

Kiyevda ushbu tadbir kelishmovchiliklarga ham sabab bo‘ldi.

“Frans-Press” axborot agentligi xabariga ko‘ra, hukumat 2014 yilgi G‘arb bilan aloqalarni yaxshilash tarafdorlarining isyoni vaqtida norozilik bildiruvchilarni o‘ldirishda gumon qilinayotgan politsiya maxsus bo‘linmasi zobitlarini ham ayirmachilarga topshirishi kutilmoqda.

Politsiya maxsus bo‘linmasi xatti-harakatlari oqibatida halok bo‘lgan kishilarning oilalari Feysbuk orqali Zelenskiyga yo‘llagan ochiq xatida o‘sha kishilarni ozod qilish “norozilik” to‘lqinlari”ga sabab bo‘lishidan ogohlantirdi.

“Biz sizga shuni ma’lum qilamizki, o‘sha kishilar Ukraina sharqidagi mojaroning na ishtirokchisi va na jabrdiydalaridir”, deb yozdi ular.

Donbass mintaqasidagi mojaro Zelenskiyning oldida turgan eng jiddiy muammolardan biridir, u prezident saylovi kampaniyasi vaqtida urushga barham bermoqchi ekanini aytgan edi.

Qo‘shma Shtatlar bilan Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi Ukraina sharqidagi ayirmachilarni qo‘llab-quvvatlayotgani va Qrim yarim orolini bosib olgani uchun sanksiyalar joriy qilib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG