Линклар

Шошилинч хабар
05 апрел 2020, Тошкент вақти: 18:27

OzodDayjest: Tadqiqotlar o‘zbek oilalarida o‘zaro hurmat susayib borayotganini ko‘rsatdi


Illyustrativ surat.

Sirdaryoda “dorixona narkomanligi” avj olayapti. O‘zbekistonda ajrimlar soni yanada oshishi mumkin. “Shaytanat” seriali 20 yil davomida taqiqda bo‘lgani sababi ochiqlandi.

_____________________________________________________________

“Dorixona narkomanligi” avj olganidan xavotir bildirildi


Sirdaryo viloyatining ayrim tuman va shaharlarida “dorixona narkomanligi” avj olmoqda (“Huquq”, 2019 yil 52-son). Bu haqda viloyat prokuraturasi bo‘lim prokurori Izzat Ochilov xabar beradi. Bir tomondan, hududda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy oldi-sottisi bilan bog‘liq jinoyatlar fosh etilgan. Masalan, “Tramadol-ZN”, “Rubufin” kabi tarkibida narkotik bo‘lgan dorilarning noqonuniy savdosi qayd etilgan.

Ikkinchi tomondan, ayrim fuqarolar tarkibida psixotrop bo‘lmagan, dorixonalarda sotilishi taqiqlanmagan arzon dorilarni hidlash va iste’mol qilish orqali o‘z noodatiy ehtiyojini qondirmoqda.

Qayd etilishicha, 2020 yil 1 yanvardan dorilar va tibbiy buyumlarning realizatsiya jarayoni uzluksiz ravishda videoga yozib olinishi lozim.

O‘zbek oilalarida o‘zaro hurmat susayib bormoqda


Bugungi kunda o‘zbek oilalarida o‘zaro tushunish, hissiy intilish va o‘zaro hurmat kabi omillar 1990 va 2010 yillarga nisbatan susayib bormoqda, deyiladi “Oila” ilmiy-amaliy markazi o‘tkazgan tadqiqotida. Markaz 1990, 2010 va 2019 yillarda o‘zbek oilalarida er-xotin o‘rtasidagi “o‘zaro hurmat”, “hissiy intilish” va “o‘zaro tushunish” kabi omillarning tadrijini o‘rgangan. Bu haqda bir qator nashrlar xabar berdi.

Yoshlarning oilaviy hayotga tayyorlab borilmagani er-xotin o‘rtasida o‘zaro hurmat susayib borayotganiga asosiy sabablardan biri sifatida ko‘rsatilgan. Tadqiqotchilar bu holat davom etaversa, o‘zbek oilalarida ajrimlar va nizolarning ko‘payishi, qolaversa, nikohdan tashqari munosabatlarning ortib borishidan ogohlantirgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2019 yilda 23 ming, 2018 yilda esa 32 ming oilaviy ajrim qayd etilgan.

Yodgor Sa’diyev “Shaytanat” seriali taqiqda bo‘lgani sababini aytdi


O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyev “Shaytanat” serialining televideniyeda namoyish etilishi 20 yil davomida taqiqlangani sababini ochiqladi (www.daryo.uz, 2020 yil 1 yanvar).

“Qaerdadir, kim tomonidandir va nima uchundir serial namoyish etilmasligi haqida og‘zaki ko‘rsatma berilgan. Qaerdadir gapirilgani, u yoki bu sababdan namoyish taqiqlanayotgani haqida hech qanday yozma tushuntirish bo‘lmagan... Bilasizmi, ularning o‘zi ham aniq sababni bilmaydi”, degan Y. Sa’diyev.

Aktyor fikricha, film mafiyaning romantik obrazi yaratilgani sababli yoqmagan bo‘lishi mumkin, biroq filmda aks etgan ba’zi voqealar o‘sha yillarning realligidir.

Serialning nima uchun televideniyeda namoyish etilishi cho‘zilayotganiga javoban Y. Sa’diyev texnik sabablarni ko‘rsatib o‘tgan. Ma’lum qilinishicha, ayni paytda serialni zamonaviy qurilmalarga o‘tkazish ishlari yakunlanmoqda.

XS
SM
MD
LG