Линклар

Шошилинч хабар
26 феврал 2020, Тошкент вақти: 01:07

Qamalgan blogerning onasi Mirziyoyevdan yordam so‘radi (VIDEO)


Andijonlik bloger Otabek Nuritdinov

Andijonlik bloger Otabek Nuritdinovning onasi prezident Shavkat Mirziyoyevdan o‘g‘lini qamoqdan chiqarishda yordam so‘radi.

Facebook tarmog‘idagi Halq nazorati - Narodniy kontrol guruhiga joylangan videoda Matlubaxon Qurbonova o‘g‘li Mirziyoyevga ishonib, orzu-umidlar bilan Rossiyadan qaytganini ta’kidladi.

Guruhda qoldirilgan xabarga ko‘ra, andijonlik bloger Otabek Nuritdinovning onasi 4 yanvar kuni kassatsiya tartibida o‘tgan sud majlisidan chiqqach, bino oldiga yig‘ilgan jurnalist va blogerlar savollariga javob bergan.

Bloger Nuritdinov o‘tgan yilning 30 dekabrida Andijon viloyat ma’muriy sudi tomonidan tuhmat, haqorat va mayda bezorilikda ayblanib, 15 sutka qamoq jazosiga hukm qilingandi.

Videoda ayol mahalliy rahbarlar, prezident Mirziyoyev va uning qizi Saida Mirziyoyeva, shuningdek, prezident huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov nomini qayta-qayta tilga oladi.

"Sudya tayyor qarorni o‘qib berdi. Endi men ishonmayman".

"Viloyat hokimi yordam beraman, degandi".

"Men Allamjonovga ishonganman, Saida Mirziyoyevaga ishonganman".

"Bugun oqlanishiga ishonganman, lekin haqiqat chiqmadi".

"Hurmatli Shavkat Miromonovich men endi kimga murojaat qilay?" deydi videoda yig‘lab gapirgan Matlubaxon Qurbonova.

Ayol sudlarga ishonchi qolmagani, bor umidi prezidentdan ekanini aytadi.

4 yanvar kungi sud majlisida andijonlik bloger Otabek Nuritdinovga chiqarilgan 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi to‘g‘risidagi hukm o‘zgarishsiz qoldirildi​.

Oliy sud matbuot xizmatining xabar berishicha, Andijon viloyat ma’muriy sudi Nuritdinovning kassatsiya tartibida bergan shikoyatini rad qilgan.

Asaka tuman prokuraturasining bildirishicha, Abdufatto Nuritdinov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi, 41-moddasi, va 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor, deb topilgan.

Viloyat ma’muriy sudining 30 dekabr kungi qarori bilan unga 15 sutkalik qamoq jazosi va BHMning 60 barobari miqdorida jarima solingan.

Bloger Abdufatto Nuritdinov Facebook tarmog‘ida Otabek Nuritdinov taxallusi ostida Andijon viloyatidagi ijtimoiy-siyosiy voqealarga keskin tanqidiy munosabatini bildirib kelayotgandi.

Andijon viloyat hokimligining 2 yanvar kungi bayonotida blogerning ijtimoiy tarmoqdagi chiqishlari viloyat imijiga putur yetkazish sifatida baholandi.

Oliy sud bayonotida esa Asaka tumani hokimi Erkinjon Yakubov blogerni "viloyat hamda tuman hokimlariga nisbatan tuhmat va bo‘htondan iborat bo‘lgan ma’lumotlarni muntazam ravishda joylashtirib kelayotganini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragani" ma’lum qilindi.

Shunday qilib, rasmiy bayonotlarga ko‘ra, bloger ustidan Andijon viloyatining Asaka tumani hokimi, tumandagi maktablar direktorlari va viloyat XTB boshlig‘i shikoyat qilgan.

O‘zini tanishtirishni istamagan hodisa guvohiga ko‘ra, Abdufatto Nuritdinov 2019 yilning 30 dekabri soat 10:30da Asaka tuman Moliya bo‘limiga Asaka tuman Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan “aldov yo‘li bilan olib ketilgan”.

Uni “byudjet pullarining qanday sarflanayotganini muhokama qilamiz”, degan vaj bilan Moliya bo‘limiga chaqirishgan.

“Otabek aka Moliya bo‘limiga kirib ketganicha, qaytib chiqmagan. Onalari Mo‘’tabar xola kechki soat 20:30largacha o‘g‘lini hech qaerdan topa olmaganlar. Soat 20:30larda mahalla uchastka noziri mahalladagi xodimlarga qo‘ng‘iroq qilib, Otabek akani mashinasini oila a’zolari Moliya bo‘limidan olib ketishlarini aytgan”, dedi manba.

Shundan so‘ng blogerning onasi o‘g‘li Andijon viloyat Ma’muriy sudiga olib ketilgani va o‘sha kunning o‘zidayoq 15 sutkaga hukm qilinganidan xabar topgani aytilmoqda.

Oliy sud bayonotida Nuritdinovning sudda o‘ziga bildirilgan ayblovlarni tan olmagani ma’lum qilindi.

XS
SM
MD
LG