Линклар

Шошилинч хабар
21 феврал 2020, Тошкент вақти: 21:17

Tramp Eron bilan Iroqqa sanksiyalar bilan tahdid qilmoqda


AQSh prezidenti Donald Tramp

AQSh prezidenti Donald Tramp Florida shtatidagi hovlisida 17 kun dam olgandan so‘ng 5 yanvarda Vashingtonga qaytib keldi. Ayni paytda u Eronning qudratli generalini o‘ldirishga buyruq bergani bilan bog‘liq noxush oqibatlarga duch kelmoqda.

Sulaymoniy Bag‘dod aeroporti yaqinida o‘ldirilgandan so‘ng Iroq parlamenti AQSh qo‘shinlarini mamlakatdan chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Tramp bunga javoban, AQSh harbiy-havo bazasini nazarda tutib, “biz ular pulini to‘lamaguncha chiqib ketmaymiz”, deb aytdi.

‒ Biz Iroqda juda ko‘p pul sarfladik, ‒ dedi Tramp jurnalistlarga o‘z uchog‘i bortida. ‒ U yerda juda katta harbiy-havo bazamiz bor. Uni qurish uchun milliardlab dollar mablag‘ sarflangan.

AQSh prezidenti, Tehron Sulaymoniyning o‘limi uchun o‘ch oladigan bo‘lsa, Eronning madaniy obidalariga zarba berilishi mumkinligini istisno qilmadi. U hatto ma’muriyatining bunday amal halqaro huquq bo‘yicha harbiy jinoyat ekani xususidagi xavotiriga quloq solmadi.

Eronning o‘ch olishi undan ham kattaroq o‘ch olinishiga sabab bo‘ladi, deb aytdi prezident.

Tramp Iroq AQSh qo‘shinlarini olib chiqishni talab qiladigan bo‘lsa, ushbu mamlakatga Eronnikidan og‘irroq sanksiyalar qo‘llash bilan dag‘dag‘a qildi.

Iroq parlamenti a’zolari 5 yanvarda qabul qilgan qarorga ko‘ra, mamlakat hukumati Islom davlatiga (ID) qarshi kurashda xalqaro koalitsiyadan yordam so‘rash haqidagi iltimosni bekor qilishi kerak. Bosh vazir Odil Abdul-Mahdiy hukumati “Iroq hududida chet el qo‘shinlari turishiga barham berish, ularga mamlakat yeri yoki suvidan foydalanishni taqiqlash ustida ish olib borish” topshirildi.

Iroqda AQShning 5000 harbiy xizmatchisi, asosan, maslahatchilar sifatida ish olib bormoqda.

Ayni choqda davlat kotibi Mayk Pompeo, Eron Sulaymoniyning o‘limi uchun qasos oladigan bo‘lsa, mamlakatning boshqa rahbarlari ham nishonga olinishini bildirdi.

Pompeo ko‘plab televizion axborot dasturlarda chiqish qilib, Eron AQSh ob’yektlariga hujum qilish uchun Iroq, Suriya, Yaman, Livan va boshqa mamlakatlardagi o‘zi qo‘llayotgan kuchlardan foydalanadigan bo‘lsa, ularga javob o‘sha kuchlar bilan cheklanib qolmasligini aytdi.

Eronning qattiqqo‘l siyosat tarafdori bo‘lgan Islom inqilobi soqchilari korpusi (IISK) chet eldagi bo‘linmasi “Quds” qo‘shini qo‘mondoni bo‘lgan Sulaymoniy 3 yanvarda Bag‘dod aeroporti yaqinida o‘ldirilgan edi.

Hujum Vashington bilan Eron o‘rtasidagi shusiz ham tarang munosabatlarni yanada keskinlashtirib yubordi.

Eron oliy rahbari Tehrondagi ommaviy dafn marosimi vaqtida
Sulaymoniyning tobuti ustida duo qildi. Davlat televideniyesi generalga hurmat bajo keltirish uchun yig‘ilgan minglab
odamlarni ko‘rsatdi. Uning o‘rniga tayinlangan general o‘ch olishga va’da berdi.

Uzoq vaqt “Quds” qo‘shinlari boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lgan Ismoil Qaaniy,
“Alloh subhanahu va taolo uning qasosini olishni va’da qildi va Alloh bosh qasos oluvchidir. Albatta, bunga amal qilinadi”, dedi.

Qaani 2012 yilda bergan, ammo keyinchalik davlat axborot agentligi
vebsaytidan o‘chirib tashlangan intervyusida Eronning Suriyada “ommaviy qirg‘in”ning oldini olish uchun “ham jismonan, ham ruhan hozirligi”ni aytgan edi.

Prezident Donald Tramp 4 yanvarda Tvitterda qoldirgan izohlarida nega Sulaymoniyni o‘ldirishga buyruq bergani sabablarini izohlab, u AQSh va Iroq ob’ektlariga hujumlar uyushtirganini va “boshqa joylarga qo‘shimcha zarba berishga tayyorgarlik ko‘rib yurgani”ni yozdi.

Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif Sulaymoniyning
o‘ldirilishi halqaro huquqqa xilof bo‘lgani, madaniy obidalarni nishonga olish harbiy jinoyat ekanini aytdi.

“Diplomat niqobini kiyib olib, Eronning madaniy yodgorliklarini
uyatsizlarcha nishon sifatida belgilab chiqqanlar huquqshunoslik lug‘atlarini ochib o‘zini qiynab o‘tirishi ham shart emas, − deb yozdi Zarif 5 yanvarda Tvitterda. − Jus cogens xalqaro huquqning, ya’ni bosib o‘tilishi taqiqlangan xalqaro qizil chiziqlarning imperativ me’yorlaridir”.

XS
SM
MD
LG