Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:07

OzodDayjest: O‘zbekistonning yangi parlamenti zaif kadrlar bilan to‘ldirilgani iddao qilindi


O‘zbekiston hukumatidan xalq mablag‘i hisobidan sportni moliyalashtirishni to‘xtatish so‘raldi. O‘zbekistonlik bloger yangi parlament saylovidagi “rasklad” avvalgisidan farq qilmasligiga e’tibor qaratdi. Qishloq xo‘jaligi vaziri fermerlar hokimlarga qaram ekanidan yozg‘irdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Iqtisodchi: Sportchiga pul berib, o‘quvchini kitobdan mahrum etmoqdamiz


Professional sportni davlat tomonidan moliyalashtirish boy mamlakatlarga xos, O‘zbekiston hukumati esa hozirgi sharoitda o‘z xarajatlarini qisqartirish haqida o‘ylashi kerak, deb hisoblaydi Viskonsin universiteti (AQSh) biznes maktabi doktoranti, iqtisodchi Behzod Hoshimov (www.daryo.uz, 3 yanvar).

“O‘zbekistonning rivojlanishini xohlasangiz, davlat xarajatlarini qisqartirishingiz shart. Hozir bizda xarajatlar 33 foiz. Qaysidir bir mard kelib, shuni ikki barobar kamaytirishi kerak”, deydi iqtisodchi. “O‘zbekistondagi har bir maktabda issiq hojatxona yoki internet yo‘q. Shu ma’noda professional sportni moliyalashtirish qanchalik maqsadga muvofiq?.. Ko‘p mamlakatlar tushunib yetganki, sport nihoyatda qimmat coha... AQShda kishi boshiga YaIM 50 ming dollar, lekin shunda ham AQSh hukumati sportga pul bermayapti”, deydi B. Hoshimov.

Qayd etilishicha, sportchiga pul berilar ekan, demak, qaysidir maktab o‘quvchisining kitobini olib qo‘yilayotgan bo‘ladi.

Bloger: O‘zbekistonning yangi parlamenti “eski pocherk” bo‘yicha shakllantirildi


22 dekabr va 5 yanvar kungi saylovlardan keyin shakllantirilgan O‘zbekiston parlamentini yangi parlament deb bo‘lmaydi, bu – eski “pocherk”, deb hisoblaydi Telegramdagi Davletov.uz kanali muallifi.

“100 kunlik saylov kampaniyasi odamlarda yangi parlamentga bo‘lgan qandaydir umid uyg‘otdi. Ammo saylangan deputatlar ro‘yxatini chuqurroq o‘rganish shuncha sa’y-harakatlar nechog‘li maqsadli bo‘ldi, degan savolni kun tartibiga olib chiqmoqda. Harakatdan bir dumalab partiyaga aylangan Ekopartiya yana o‘sha 15 ta o‘ringa ega bo‘lgani, O‘zLiDeP ham, “Milliy tiklanish” o‘sha-o‘sha “rasklad”da qolgani shunday fikr bildirishga asos bo‘ladi. Bu xalqning xohish-irodasi natijasi deyishdan yiroqmiz”, deb yozadi bloger.

Qayd etilishicha, yangi saylov natijalari avvalgilaridan u darajada farqlanmadi.

“O‘zbekiston minglab yangi-yangi yuzlarni kashf qilayotgan, amaldagi nomenklatura singari o‘ylamaydigan, yosh va ilg‘or fikrlaydigan kadrlar, “Buyuk kelajak” ekspertlari boshqaruvga faol jalb qilinayotgan bir paytda yangi parlamentimiz eski fundament asosida undan-da zaif kadrlar bilan to‘ldirilgandek tuyulyapti”, deb yozadi Davletov.uz kanali muallifi.

Vazir J. Xo‘jayev Qozog‘iston bug‘doyi O‘zbekistonnikidan sifatli ekanini tan oldi


O‘zbekistonda g‘alla kam hosil beradigan, faqat bir marta ekin ekiladigan yerlarda davlatga g‘alla topshirish rejasini bekor qilib, eksportbop mahsulotlar yetishtirishga o‘tish kerak, deb hisoblaydi qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev (www.kun.uz, 3 yanvar).

Vazir g‘alla kam hosil beradigan yerlarda qaysi mahsulot ko‘p hosil berishini o‘rganib, to‘liq o‘sha mahsulotni yetishtirishga o‘tish kerakligi, bundan keladigan daromadning o‘ndan biriga bug‘doyni boshqa mamlakatlardan, xususan, Rossiya va Qozog‘istondan eksport qilish mumkinligini ta’kidladi. Qolaversa, bu davlatlarda yetishtiriladigan bug‘doyning sifatida O‘zbekistonnikidan yaxshi ekani, bu ham davlat, ham iste’molchilar uchun birday manfaatli bo‘lishini aytdi.

“Qozog‘istonda bir yil yerga dam berishadi. Men hali O‘zbekistonda yil bo‘yi dam beriladigan yerni ko‘rmadim. Bizning fermerlarimiz esa hokimlarga, hokimning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosariga qaram. U nimani ek desa, ekadi; biror ishni qilma desa, qilmaydi. 25 yil davomidagi mutelik qoniga shu qadar singib ketganki, g‘allaning o‘rniga boshqa narsa ek desangiz, “Shunaqa qilish mumkinmi, yerimni olib qo‘yishmaydimi?” deb yuzingizga mo‘ltillab qarab turishadi”, degan vazir J. Xo‘jayev.

XS
SM
MD
LG