Линклар

Шошилинч хабар
21 феврал 2020, Тошкент вақти: 23:48

Eron Ukrainaga qarashli uchoq otib tushirilganini rad etmoqda


Eron 8 yanvar tongida Tehron aeroportidan uchib chiqqanidan keyin ko‘p o‘tmay qulagan “Ukraina xalqaro havo yo‘llari” aviashirkatiga qarashli Boeing 737-800 uchog‘ini raketa urib tushirilganini keskin rad etmoqda.

10 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Eron fuqaroviy aviatsiyasi yetakchisi Ali Obidzoda:

- Bir narsa aniq: bu uchoqni raketa urib tushirgani yo‘q, — dedi.

Avvalroq AQSh, Britaniya, Kanada razvedka xizmatlari uchoq Eron havo mudofaasining jiddiy xatosi natijasida urib tushirilganini taxmin qilgan edi.

Obidzodaning bildiruvidan bir necha soat oldin Tehron Ukraina tergovchilarini halokat joyiga kiritgani xabar qilindi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ma’muriyati halok bo‘lganlar jasadlarini aniqlash uchun ularning qarindoshlaridan DNK namunalari olinayotganini ma’lum qildi.

Prezident ma’muriyati bildiruvida fojianing boshqa tafsilotlarini berish uchun hali erta ekanligi ta’kidlandi.

Aviahalokat chog‘ida uchoqdagi 176 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zosining hammasi nobud bo‘lgan. Tehrondan Kiyevga otlangan uchoqda Eronning 82, Kanadaning 63, Ukrainaning 11 fuqarosi, shuningdek, Shvetsiya, Germaniya, Afg‘oniston va Britaniya fuqarolari bo‘lgan.

10 yanvar kuni Eron AQSh Transport xavfsizligi bo‘yicha milliy kengashi (NTSB) hamda Boeing shirkatini tergovda qatnashishga chaqirgani xabar qilindi.

Eronning bu qaroridan oldin AQSh, Kanada hamda Buyuk Britaniya rasmiylari uchoqni Eron armiyasi xatosi bilan otilgan raketa urib tushirganini ko‘rsatuvchi dalillar borligini ma’lum qilgan edi.

Obidzoda Tehron NTSB hamda Boeing shirkatidan tashqari Ukraina, Fransiya va Kanada mutaxassislariga tergovda qatnashishga izn berilishini aytdi.

Eron qo‘mondoni Qosim Sulaymoniyning AQSh tomonidan o‘ldirilishi ortidan yuzaga kelgan tang vaziyat fonida Eron rasmiylari avvaliga uchoqning qora qutilari na AQSh rasmiylariga, na Boeing shirkatiga topshirilmasligini ta’kidlagan edi.

BMT aviatsiya tashkiloti joriy qilgan qoidalarga binoan, NTSB AQShda ishlab chiqarilgan Boeing uchoqlari halokatlarini tergov qilishga haqli.

NTSB rasmiylari Erondan halokat haqida xabar olishganini tasdiqlashdi. Tashkilot halokatni tergov qilish uchun xodim ajratilganini ma’lum qildi, ammo bu shaxs Eronga kiritilish-kiritilmasligini ochiqlamadi.

Avvalroq Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo Ottavada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida qo‘lga kiritilgan dalillar asosida uchoqni raketa urib tushirganini xulosa qilish mumkinligini aytdi.

“Ukraina xalqaro havo yo‘llari” uchog‘i Eron Iroqdagi AQSh qo‘shinlariga raketa bilan hujum qilganidan keyin bir necha soat o‘tib qulab tushgan.

Bu orada uchoqqa raketa borib urilgani aks etgan video tarqaldi. The New York Times nashri videoda “Ukraina xalqaro havo yo‘llari” uchog‘i halokati aks etganini tasdiqlashga muvaffaq bo‘lganini e’lon qildi.

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson ham uchoq Eronga tegishli yerdan havoga otuvchi raketa tizimi hujumi natijasida urib tushirilganini ko‘rsatuvchi dalillar borligini aytdi.

Tryudo ham, Jonson ham uchoq Eron armiyasi xatosi tufayli urib tushirilgan bo‘lishi mumkin, dedi.

Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi uchoq Rossiyada ishlab chiqariladigan “Tor” raketa kompleksi bilan urib tushirilgan bo‘lishi mumkinligini bildirdi. Rossiya Eron armiyasini aynan shu rusumdagi raketa tizimlari bilan ta’minlab keladi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG