Линклар

Шошилинч хабар
18 май 2021, Тошкент вақти: 12:52

Advokat Gulnora Karimova o‘zi ustidan Toshkentda boshlangan navbatdagi sudga borishdan bosh tortganini iddao qildi


Gulnora Karimova¸ rasmiylarga ko‘ra¸ hozirda Zangiota qamoqxonasida saqlanmoqda.

O‘zbekiston marhum prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova ustidan yana bir mahkama jarayoni bormoqda.

Oliy sud matbuot xizmati e’lon qilgan qilgan qisqa bayonotda¸ mahkamaning 8 yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida boshlangani aytildi¸ xolos.

Oliy sud xabariga munosabat bildirgan Gulnora Karimovaning Shveysariyadagi advokati Greguar Manja (Gregoire Mangeat) Karimovaning mahkamaga borishdan bosh tortganini iddao qildi.

Gregoire Mangeatning navbatdagi sudga oid tviti.
Gregoire Mangeatning navbatdagi sudga oid tviti.

Ishonchli axborot manbasiga ko‘ra¸ Gulnora Karimova o‘ziga yordam beradigan advokatlar yo‘qligi va o‘zbek prokurorlari o‘ziga bosim qilish uchun qurollangan shaxslar bilan kelgani bois¸ kechagi tribunalga borishdan bosh tortgan”¸ deb yozdi Manja o‘z Twitter sahifasida 9 yanvar kuni.

Mahkama boshlangani aytilgan kunda esa Karimovaning shveysariyalik advokati:

Aftidan bugun Karimova ustidan yangi sud boshlanadi. Sudda himoya tomoni yo‘q. Uning birinchi advokati, aytilishicha, bosimlar ortidan 2019 yil oxirida ishni tashlab ketgan. Uning ikkinchi advokati esa¸ bugun¸ komandirovka bois¸ ketgan...” deb yozdi

Bu tvitidan ko‘p o‘tmay Manja¸ sudlanuvchini himoya qiladigan advokatlarsiz sudning “sud” emasligi haqida tvit qoldirdi.

Bu ko‘proq vakolatni suiiste’mol qilish sifatida tasniflanishi mumkin”¸ dedi Manja.

Oliy sud rasmiy bayonotida mahkamada Gulnora Karimova va boshqalarga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud majlisi boshlangani aytilgan bo‘lsa-da¸ "boshqalarning" kimligi¸ ularning sudda bevosita qatnashish-qatnashmasligi ochiqlanmadi.

Ozodlik jarayon tafsilotlari¸ qolaversa¸ shveysariyalik advokat iddaolariga munosabat olish uchun 10 yanvar kuni Oliy sud matbuot xizmati bilan bog‘landi.

Sud majlisi yopiq o‘tmoqda¸ shu bois unga oid tafsilotlarni ochiqlay olmaymiz. U amaldagi qonunchilikka mos ravishda olib borilmoqda. Sud qachon tugashi va uning borishiga oid boshqa ma’lumot berilmaydi. Hukm haqida majlis tugagandan so‘ng ma’lumot beriladi”¸ dedi Oliy sud matbuot xizmati rasmiysi.

Bu rasmiy Gulnora Karimovaning bevosita sudda qatnashgan-qatnashmagani¸ uni qaysi advokatlar himoya qilayotganiga oid qo‘shimcha savollarga ham jarayonning yopiqligi bois¸ javob berilmasligini bildirdi.

Gulnora Karimovaning Londonda yashayotgan qizi Imon Karimovaning xorijiy advokatlar tomonidan yurg‘izilayotgan Instagram sahifasida bu jarayonga keskin munosabat bildirildi.

Bu¸ so‘nggi hisobga ko‘ra¸ Gulnoraga qarshi to‘rtinchi ish. Bundan ko‘zlanayotgan yagona maqsad – uni jismonan butunlay yo‘q qilishdir”¸ deb iddao qilindi iman.k17 sahifasida.

8 yanvar kungi mahkama arafasida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi jinoiy uyushma tarkibida tovlamachilik, byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish va chet el davlatlarda jinoiy daromadlarini legallashtirish kabi jinoyatlarni sodir etgan G. Karimova va boshqalarga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tergov harakatlari yakunlangani, ish sudga oshirilgani haqida ma’lum qilgan edi.

Hozirgacha bir necha marta sudlanib¸ Zangiota koloniyasida qamoq jazosini o‘tayotgan Gulnora Karimova yangi ishda 255 ta jinoyat epizodini sodir etganlikda ayblanayotgan uyushgan guruhga rahbarlik qilganlikda ayblanmoqda.

12 dekabr kuni Imon Karimova Instagramida so‘nggi ish bo‘yicha tergov guruhiga rahbarlik qilgan Bosh prokuratura qoshidagi Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasining o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi Rasul Yo‘ldoshevning 1 noyabr sanasi bilan imzolangan qarori nusxasi e’lon qilindi.

Bu qarorida Yo‘ldoshev O‘zbekiston Respublikasiga Gulnora Karimova tomonidan yetkazilgan axloqiy va iqtisodiy zarar ko‘lamini “to‘liq va ob’ektiv” aniqlash uchun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) dan “jinoyat ishi bo‘yicha kompleks ekspertiza o‘tkazish”ni so‘ragan.

Bu agentlikning de-fakto rahbari esa prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyevadir.

Gulnora Karimova taqdirini hal qilishning Saida Mirziyoyevaga topshirilganiga munosabat bildirgan iman.k17 uni “Gulnora Karimovaga qarshi ishning mutlaq va shak-shubhasiz SIYOSIY MOTIVLARGA ASOSLANGANI va pirovard maqsad Gulnorani yo‘q qilish ekani isboti”¸ sifatida talqin qildi.

10 dekabr kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaning shveysariyalik advokatining mamlakatga kirishini “o‘z mijozi bilan uchrashish uchun yaratib berilgan imkoniyatlarni suiiste’mol qilgan”lik¸ O‘zbekiston qamoqxonalari haqida “bo‘hton” tarqatganlik va "advokatlik etikasini buzganlik" iddaosi bilan taqiqladi.

Ozodlik bilan muloqotda Manja bu ayblovlarni “mutlaq asossiz” " va “jamoatchilik e’tiborini chalg‘itish uchun o‘ylab topilgan uydirma” deb baholadi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG