Линклар

Шошилинч хабар
01 октябр 2020, Тошкент вақти: 00:16

Eron Ukraina uchog‘ini urib tushirganini tan oldi. Kiyev tovon talab qilmoqda


Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy Tehron yo‘lovchi uchog‘ini urib tushirganini tan olgandan so‘ng o‘z mamlakati Erondan to‘liq tergov o‘tkazishni, aybni tan olishni va tovon puli to‘lashni kutayotganini aytdi. Eron tarafi shu kungacha bortida 176 kishi bo‘lgan uchoqni tasodifan urib tushirganini inkor qilib kelayotgan edi.

Zelenskiy, “Eron Ukraina uchog‘ini urib tushirgani uchun aybdor ekanini tan oldi, lekin biz ular aybni to‘liq bo‘yniga olishini talab qilyapmiz”, dedi.

− Biz Erondan to‘liq va ochiq tergov o‘tkazishga tayyor ekani, aybdorlarni javobgarlikka tortish, halok bo‘lganlarning jasadlarini qaytarish, tovon puli to‘lash, diplomatik kanallar orqali rasman kechirim so‘rashga kafillik berishini kutyapmiz, − deya qo‘shimcha qildi u.

Ukraina hukumati vebsaytidagi bayonot 11 yanvarda Eron 8 yanvar kuni Tehron yaqinida Ukraina yo‘lovchi uchog‘ini “inson xatosi sabab” “bexosdan” urib tushirganini tan olganidan so‘ng oradan ko‘p o‘tmay paydo bo‘ldi.

Davlat televideniyesi orqali e’lon qilingan bayonotda harbiylar uchoq Islom inqilobi soqchilar korpusining (IISK) “nozik harbiy markazi” tomon burilgach, uni “dushman nishoni” deb o‘ylagani aytiladi. Bayonotda qo‘shimcha qilinishicha, Eron harbiylari Qo‘shma Shtatlar bilan munosabatlar keskinlashgani sababli “o‘ta harbiy shaylik”holatida turgan bo‘lgan.

Bayonotda fojia uchun aybdor bo‘lgan va uchoqdagi barcha yo‘lovchilarni o‘ldirgan kishilar “zudlik bilan” javobgarlikka tortilishi shartligi aytiladi.

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy Tvitterda halokatni “katta fojia va kechirib bo‘lmas xato” deb atadi.

Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif esa uni “bo‘hron paytidagi AQSh sabab bo‘lgan avantyura” deb aytdi.

Qurolli kuchlarning ichki tergovi xulosasiga ko‘ra, yo‘lovchi uchog‘iga qarata raketa uchirilishiga odamlar yo‘l qo‘ygan xato sabab bo‘lgan. Tergov ishlari davom etmoqda.

Tehron uchoq urib tushirilgani uchun aybni tan olishidan oldin G‘arb mamlakatlari rahbarlarining uchoqni Eron raketasi urib tushirgani haqidagi iddaolarini rad etib kelayotgan edi.

8 yanvarda Tehrondan Kiyevga yo‘l olgan Ukraine International Airlines uchog‘i bortida kamida 57 nafar kanadalik, 82 nafar eronlik, 10 nafar shvetsiyalik, 10 nafar afg‘onistonlik, 3 nafar germaniyalik va 3 nafar britaniyalik yo‘lovchi bor edi. O‘sha fojiada yana 11 nafar ukrainalik – ikki yo‘lovchi va 9 nafar epikaj a’zosi – ham halok bo‘ldi.

Eron G‘arb mamlakatlari Tehronga bosim o‘tkaza boshlagandan keyin ushbu bayonotni berdi. AQSh hukumati Eron raketasi uchoqni urib tushirgani “e’timoli yo‘q emasligi”ni va “bunga javoban tegishli chora ko‘rish”ga va’da berishini aytgan edi.

Kanada tashqi ishlar vaziri 10 yanvarda Eronga fojia yuzasidan puxta tergov o‘tkazishi uchun bosim o‘tkazish maqsadida xalqaro amaliy guruh tuzishini e’lon qildi.

Dastlabki ma’lumotlarda uchoqning texnik nosozligi aytilgan edi, biroq raketa hujumini tasdiqlovchi videolar paydo bo‘lgach, shubhalar yuzaga kela boshladi.

Havo falokati Eron 8 yanvarda AQShning Iroqdagi harbiy bazalariga raketa zarbasi bergandan so‘ng oradan bir necha soat o‘tgach yuz berdi. Tehron shu tariqa o‘z generali Qosim Sulaymoniy AQSh havo zarbasi oqibatida o‘ldirilgani uchun o‘ch olgan edi.

Shu sababli ekspertlar Eronning uchoqqa qarshi harbiy bo‘linmalari yo‘lovchi uchog‘ini AQShning o‘ch olmoqchi bo‘lgan harbiy uchog‘i deb o‘ylaganini aytmoqda.

Lekin bunday gumonlar paydo bo‘lgandan so‘ng Eronning Milliy aviatsiya boshqarmasi boshlig‘i Ali Obidzoda hech qanday raketa uchoqqa tegmaganini iddao qilgan edi.

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo 10 yanvarda, “biz uchoqni Eron raketasi urib tushirgan bo‘lishi mumkin deb hisoblaymiz”, dedi.

Kanada tashqi ishlar vaziri Fransua-Filipp Shampan qurbon bo‘lganlarning oilalariga yordam berish uchun Britaniya, Ukraina, Shvetsiya va Afg‘oniston bilan birga muvofiqlashtiruvchi guruh tuzilganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG