Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:19

OzodDayjest: Mahallalarning 75 foizida nafaqa puli talon-toroj qilingan


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Mehnatkashlar hayotini qiyinlashtiruvchi boj joriy etilishi “sinizm” deya tanqid qilindi. Prokuratura nafaqa pulini tayinlashda yuzlab qonunbuzarliklarni aniqladi. O‘zbekistonda kriptoaktivlar bilan bog‘liq firibgarlik sxemalaridan foydalanish holatlari ko‘paymoqda. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

O‘nlab haydovchi parlament binosi oldida norozilik namoyishi o‘tkazdi


O‘zbekiston va Rossiya shaharlari orasida yengil avtomobilda qatnaydigan o‘nlab haydovchi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi binosi oldida norozilik namoyishi o‘tkazdi (www.kun.uz, 13 yanvar). Mamlakatning turli hududlaridan kelgan haydovchilar 1 yanvardan kuchga kirgan yangi bojxona tartibidan shikoyat qilmoqda. Yangi tartibga ko‘ra, jismoniy shaxslar shaxsiy ehtiyojlari uchun chet eldan olib kelayotgan tovar miqdori bojsiz olib kirish me’yorlaridan ortsa, bojlar soddalashtirilgan tartibda undiriladi – boj, QQS va aksiz solig‘i o‘rniga yagona bojxona to‘lovi joriy etildi. To‘lov stavkasi tovarning bojxona qiymatidan 30 foiz, lekin bir kilogrammi uchun 3 dollardan kam bo‘lmagan miqdorda belgilangan. Haydovchilar joriy etilgan boj miqdori qimmatligini aytib, uni pasaytirishni iltimos qilmoqda.

Telegramdagi Davletovuz kanali oddiy mehnatkashlar hayotini qiyinlashtiruvchi tartiblar joriy etilishini “sinizm” (uyatsizlik) deb atagan.

“Davlat ikkita ish o‘rnini eplab yarata olmayotgan bir paytda, hukumat, no‘noq hokimga qarab qolmasdan, o‘z kunini ko‘rib yurgan odamlar – haydovchilar, migrantlar, mardikorlar hayotini qiyinlashtiradigan qonunlar adolatli qonunlar emas. Bu – sinizm. Bu – o‘zidan tushovi qimmat siyosat”, deb yozgan bloger.

Nafaqa pulini tayinlashda yuzlab qonunbuzarliklar fosh qilindi


Prokuratura kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqa va yordam pulini tayinlashda qonun buzilishi holatlarini aniqladi (“Huquq”, 16 yanvar). Bu haqda bosh prokuratura boshqarma prokurori Iskandar Davlatov ma’lum qilgan. Qayd etilishicha, tekshiruv o‘tkazilgan 6555 ta mahalla fuqarolar yig‘inining 4859 tasi yoki 75 foizida nafaqa puli talon-toroj etilgan. 2018-2019 yillarda, shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘ini raislari yoki boshqa mansabdorlarining pora olishi bilan bog‘liq 20 ta jinoyat fosh etilgan. Bundan tashqari, 470 kishi intizomiy, 2604 nafari ma’muriy va 53 nafari moddiy javobgarlikka tortilgan.

O‘zbekistonliklar yangi turdagi moliyaviy nayranglar xataridan ogohlantirildi


O‘zbekistonda “moliyaviy piramidalar” ko‘rinishidagi turli firibgarlik sxemalaridan, shu jumladan, kriptoaktivlardan foydalanish holatlari ko‘paymoqda. Bu haqda bir qator internet saytlari Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga tayanib xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, odatda kelib chiqishi chet ellarda bo‘lgan jinoiy guruhlar turli elektron platforma, sayt va axborot tizimlarini tashkil qilish orqali noqonuniy boylik orttirish maqsadida O‘zbekiston bozoriga kirmoqda. Bunday loyihalarning jozibadorligini oshirish va ko‘p sonli ishtirokchilarni jalb qilish uchun tarmoq marketingi deb nomlanuvchi usul va “Ponsi sxemasi” elementlaridan foydalaniladi.

“Ponsi sxemasi” moliyaviy piramidani tashkil etishning jinoiy usuli bo‘lib, u avvalgi investorlarning daromadlarini yangi investorlardan olingan mablag‘lar hisobidan to‘lashni nazarda tutadi. Avvaliga bu juda foyda keltiruvchi sxema bo‘lib ko‘rinishi mumkin, ammo u odatda yangi investorlarning mablag‘lari oqimi eskilariga to‘lovlarni amalga oshirish uchun yetarli bo‘lmay qolgandan so‘ng buziladi”, deyiladi xabarda.

Agentlikka ko‘ra, kompaniyaning kelib chiqish joyi noma’lum ekani, moliyaviy javobgarlikni rad etish va ishtirokchidan shartnomada barcha xatarlarni qabul qilishga rozi ekanini talab qilish, ishtirokchilarning zarur bilimlari yo‘qligini hisobga olgan holda “kriptovalyutalarning yuqori istiqbollari” bilan manipulyatsiya qilish shubhali holatlar sanaladi.

XS
SM
MD
LG