Линклар

Шошилинч хабар
21 феврал 2020, Тошкент вақти: 23:25

Jizzaxlik taksichilar: Mijoz olish uchun “ko‘cha”ga har safar 5000 so‘m to‘lashga majburmiz! (VIDEO)


Ozodlikka taqdim etilgan videodan bozor oldidan mijoz olayotgan haydovchilardan pul undirilayotgani ko‘rinadi.

Jazzax shahar markazidagi “Ko‘kbozor” va uning atrofidan mijoz olish uchun noqonuniy guruh vakillariga muntazam ravishda “dolya” berishga majbur bo‘lmoqda.

“Ko‘kbozor” ma’muriyati "dolya" olayotganlarning o‘z nazoratidagi hududda emasligini aytdi. Jizzax shahar soliq boshqarmasi ularni “firibgarlik” bilan shug‘ullanayotgan jinoiy guruh deb atadi.

Shahar hokimligi¸ bozor ma’muriyati va soliq inspektorlari bu guruh faoliyatiga barham berish uchun mas’uliyat shahar Ichki ishlar boshqarmasi vakolatida ekanini ta’kidladi.

Vaziyatdan xabardor IIB xodimi esa¸ bu hududda kirakashlik qilayotgan taksichilarning ham¸ ulardan “dolya” yig‘adigan shaxslarning ham faoliyati noqonuniy ekanini e’tirof etdi¸ ayni paytda¸ bu faoliyatni qonuniy o‘zanga o‘tkazish uchun hokimlik va soliq tizimi mas’ulligini ta’kidladi.

Ozodlikka taqdim etilgan audiosuhbat¸ videotasvir va suratlardan mijoz olishga to‘xtatgan haydovchilardan ochiqchasiga haq talab qilinayotgani va biror shaklda qaydga olinmayotgan naqd pul yig‘ib olinayotgani tushuniladi.

Ozodlikka taqdim etilgan audiolardan¸ bunday faoliyatning aynan qonuniy doiradan tashqarida qolishidan manfaatdor kuchlar borligi va ularning “tepada” o‘tirgan mulozimlarga borib taqalishi anglashiladi.

“Ikki yildan beri davom etayotgan ochiq qaroqchilik?”

Jizzaxlik kirakashlarga ko‘ra¸ keyingi ikki yil davomida shaharning aksar bozorlari¸ xususan¸ shaharning “Ko‘kbozor” deb ataladigan markaziy bozoridan mijoz olish uchun haq to‘lash tizimi joriy etilgan.

Ayrim bozorlarda bu to‘lovni avtomobillar turargohida xizmat ko‘rsatishga litsenziyasi bor shaxslar olsa¸ haydovchilarning aytishicha¸ “Ko‘kbozor”dan Zomin va Dashnobodga qatnaydiganlar “pitag”idan (ruscha pyatak so‘zining buzilgan shakli – tahr.) pulni noqonuniy guruh undirmoqda.

Jizzaxdagi “Ko‘kbozor” ( tilla bozor ro‘parasi )dan odam olaman. Taksilardan noqonuniy pul yig‘uvchi zo‘ravonlar bor - har bir moshinadan 5000 so‘mdan noqonuniy pul yig‘adi 2 yildan beri. Undan oldin Zufar ismli shaxs bu ish bilan shug‘ullanar edi¸ oxiri pichoq yeb o‘lib ketti. Hozir bular kuniga kamida 150 ta mashinadan 5000 so‘mdan pul yig‘adi¸ bermaganni qo‘yishmaydi o‘ldiraman¸ uraman deb do‘qlaydi. Bularning ismlari Habib¸ Adham¸ Alisher. Ayrimlari muqaddam sudlangan. Bu kimsalar hech kimdan qo‘rqmasdan ish yuritayapdi. Gaplari bo‘yicha orqasida odamlari bor emish. Shu kunlarda shofyorlar bilan ko‘p janjal holatlari bo‘layapti Oxiri baxayr bo‘lsin”¸ deydi Ozodlikka murojaat qilgan haydovchilardan biri.

Bu va boshqa haydovchilarning aytishicha¸ kirakashlardan avvallari kuniga 5000 so‘m undirib kelgan bu guruh hozirga kelib¸ har safar mijoz olganlik uchun 5000 so‘m to‘lash talabini qo‘ygani ortidan¸ kelishmovchiliklar kuchayib ketgan.

Bermasang bu yerdan odam olmaysan, bu yer bizning hududimiz bo‘ladi¸ deyapti ochiqchasiga. Bu kimsalarga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar chora ko‘rib¸ bunday faoliyatiga chek qo‘yilmasa¸ katta jinoyat bo‘lmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Jizzaxga “lixiye 90” (boshdoqsiz 90-yillar – mafiya tadbirkorlardan ochiqchasiga haq talab qilgan kriminal davr nazarda tutilmoqda – tahr.) qaytayotganga o‘xshaydi hozir”¸ deydi kirakashlardan biri.

Bu ma’lumotni tasdiqlash uchun haydochilar noqonuniy pul undirayotgan shaxslar bilan tortishuv yozilgan audio va ularning haydovchilardan naqd pul olayotgani tushirilgan videoni Ozodlikka taqdim etdi.

Жиззахлик киракашлардан нақд пул ундираëтган гуруҳ
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:13 0:00

Audiosuhbatdagi pul talab qilayotgan erkak kishi¸ haydovchiga “o‘zining shunchaki ijrochi ekani¸ bu pullarning kimga ketishini hamma yaxshi bilishini” pisanda qiladi.

O‘z xavfsizligi uchun cho‘chib¸ shaxsi sir tutilishini so‘ragan haydovchilar¸ pul undirayotganlarga boshchilik qiladigan yigitning sportzaldan chiqmaydigan¸ "kachok" yigit ekanini qo‘shimcha qildi.

"Bular mafiya guruhi¸ ulardan ko‘pchilik¸ hatto melisalarning o‘zi ham qo‘rqadi. Bir-ikkita haydovchi shikoyat qilgan edi¸ hech kim hech narsa qilmadi".

Rasmiylarning xabari bor¸ ammo hech kim chora ko‘rishga shoshilmayapti

Ozodlik jizzaxlik kirakashlarning bu iddaolari ortidan Jizzax shahar hokimligi¸ “Ko‘kbozor” ma’muriyati¸ shahar soliq boshqarmasi va IIB mulozimlari bilan batafsil suhbatlashdi.

Suhbatlardan ayon bo‘lishicha¸ ikki yildan beri Jizzax taksichilari mijoz oladigan “pitak”lardagi noqonuniy pul yig‘ishlardan hammaning xabari bor¸ ammo bu jarayonni to‘lig‘icha qonuniy izga solishga hech kim oshiqmayotir.

Ko‘kbozor”da uchta pitak (pyatak) bor. Ulardan Toshkent¸ Samarqandga qatnaydiganlar bor¸ keyin Jizzax tumanlariga ketadiganlari bor. Ikkitasini pullik stoyanka qilgan¸ taksichilar kuniga 5000 so‘m to‘lab¸ mijoz oladi. Zomin¸ Dashnobodga qatnovchi shoferlar mijozini bozor oldidagi ko‘chadan oladi. Bu bozor hududiga kirmaydi”¸ dedi Ozodlik gaplashgan bozor ma’muriyati xodimlaridan biri.

Ozodlikka taqdim etilgan qisqa videotasvir bilan tanishgan mulozimlardan biri¸ uning Madaniyat mahallasiga qarashli Toshkent ko‘chasidan mijoz oladigan kirakashlar bilan bog‘liqligini bildirdi.

Bu kirakashlarning o‘zi ham litsenziyasiz ishlaydi. Pul yig‘ayotganlar ham noqonuniy. Pul yig‘uvchilar¸ go‘yo haydovchilar uchun navbat tashkil qilib¸ ularni tartibga solib kelayapti va shunga haq olayapti. Bo‘lmasa¸ kirakashlar mijoz talashib o‘zaro urishib ketadi”¸ dedi vaziyatdan yaxshi xabardor mahalliy mulozimlardan biri.

Jizzax shahar IIB sining Ozodlik gaplashgan xodimlari¸ bunday noqonuniy faoliyatni qonuniylashtirish ular vakolatiga kirmasligini aytdi.

Hokimiyat bor¸ soliq idorasi bor. Shahar markazida shuncha litsenziyasiz taksichi ishlayapti¸ ulardan firibgarlar guruhi hech bir qonuniy asossiz millionlab so‘m undirayapti. Hamma biladi¸ lekin shu faoliyatni rasmiylashtirib¸ undan davlatga foyda keladigan qilishni xohlamaydi. Ichki ishlarning vazifasi tartib saqlash¸ litsenziya berish¸ soliq undirish emasku!”¸ dedi Ozodlik gaplashgan IIB rasmiylaridan biri.

Ayni paytda¸ Jizzax shahar soliq boshqarmasining Ozodlik bog‘langan xodimi kirakashlardan pul undirayotgan shaxslarni “moshennik”lar deb atadi va ularni tegishli jazoga tortish IIB vakolatida ekanini ta’kidladi.

  • Ozodlik 2019 yil noyabr oyida Qo‘qon shahar bozoridan mijoz olish uchun haydochilarning noqonuniy guruhga har safar pul berishga majburlanayotgani haqida yozgan edi.
  • Bu maqoladan bir necha kun o‘tib¸ Qo‘qon shahar hokimligi matbuot xizmati¸ noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanib kelgan guruhga nisbatan chora ko‘rilganini ma’lum qilgan edi.
XS
SM
MD
LG