Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:12

Eron Ukraina uchog‘ini ikkita raketa bilan urib tushirganini tan oldi


“Ukraina xalqaro havo yo‘llari” (UiA) aviakompaniyasining PS752 reysini bajarayotgan uchog‘i 8 yanvarda Tehron osmonida urib tushirildi, bortidagi 176 kishining barchasi halok bo‘ldi.
“Ukraina xalqaro havo yo‘llari” (UiA) aviakompaniyasining PS752 reysini bajarayotgan uchog‘i 8 yanvarda Tehron osmonida urib tushirildi, bortidagi 176 kishining barchasi halok bo‘ldi.

Eron fuqarolik aviatsiyasi ma’muriyati Ukrainaning Kiyev tomon parvoz qilayotgan yo‘lovchi uchog‘i 8 yanvarda Tehron xalqaro aeroportidan havoga ko‘tarilgandan so‘ng unga qarshi ikkita raketa otilganini tasdiqladi.

Ma’muriyatga ko‘ra, 176 kishining boshiga yetgan falokatga oid ikkinchi dastlabki hisobotda hali ham uni baholash jarayoni davom etayotgani aytilgan

− Tergovchilar... uchoqqa qarata uchirilgan o‘sha ikkita Tor-M1 raketasini... topdi, − deyiladi hisobotda.

Tor-M1 “yer-havo” rusumidagi qisqa radiusli raketa bo‘lib, sobiq Sovet Ittifoqida ishlab chiqilgan hamda uchoq va qanotli raketalarni urib tushirishga mo‘ljallangan.

Eronning bayonoti o‘tgan hafta The New York Times gazetasida berilgan xabarni tasdiqladi. Unga ilova tariqasida e’lon qilingan videotasvirda Ukraina uchog‘iga qarata ikkita raketa uchirilgani aks etgan edi.

Eron rasmiylari mamlakat havo mudofaa kuchlari keskin vaziyatda jangovar shaylik holatida bo‘lgani sababli “Ukraina xalqaro havo yo‘llari” avivakompaniyasining “Boeing 737-800” uchog‘ini “bexosdan” urib tushirganini aytdi.

Yana hisobotda qayd etilishicha, Tehron AQSh va Fransiya hokimiyat idoralaridan bortdagi qora quti – uchoqdan ma’lumotlarni yuklab olish uchun uskuna berib turishni so‘ragan, ammo haligacha javob olmagan.

O‘sha uchoqda vatandoshlari halok bo‘lgan Kanada, Ukraina va boshqa mamlakatlar Erondan aviareys haqidagi barcha ma’lumot¸ xususan¸ qora qutilarni tahlil qilish uchun chet mamlakatlardagi ekspertlarga berishni so‘radi.

‒ Oddiy siyosiy munozaralardan nariroq o‘tib, amaliy muammolarni muhokama etishga umid qilayapmiz; ular orasida qora qutilarni qaytarish masalasi ham bor, ‒ dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri Vadim Pristayko.

Kiyev rasmiysi bu bayonotni jurnalistlarga 20 yanvarda Eron yo‘l va shaharni rivojlantirish vaziri Muhammad Islomiy bilan uchrashuvidan so‘ng qildi.

Falokat qurbonlari mansub bo‘lgan Afg‘oniston, Britaniya, Kanada, Ukraina va Shvetsiya qo‘shma bayonot bilan chiqib, “puxta, mustaqil va shaffof” tergov o‘tkazishga da’vat qildi. Halok bo‘lganlarning aksariyati Eron va Kanada vatandoshlari bo‘lgan.

Kanada hukumati qora qutilarni yuborish uchun uchun eng qulay joy Fransiyaligini va u uchoqlardagi yozuvlarni o‘qiy oladigan mutaxassislari bor kamdan-kam mamlakat ekanini aytdi. Biroq Tehronda qora qutilar boshqalarga berilishi mumkinligi haqida mavhum fikrlar aytilmoqda.

Eron axborot vositalari ma’lum qilishicha, tergovga yetakchilik qilayotgan hukumat vakili Hasan Rizoifar pirovardida qora qutilar chet elga jo‘natilishi mumkinligi, “ammo hali bir to‘xtamga kelinmagani”ni bildirgan.

XS
SM
MD
LG