Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:13

Hujjat: Aripov hukumatga Telegram va tarmoqlardagi shikoyatlar bilan alohida shug‘ullanishni buyurdi


O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov barcha hukumat a’zolariga ijtimoiy tarmoqlar va Telegram messenjerida nashr etilayotgan fuqarolar shikoyatlari va murojaatlarini o‘rganib¸ “tezkor” munosabat bildirishga buyruq berdi.

2020 yil 15 yanvar kuni Bosh vazir Aripov tomonidan imzolangan va barcha Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlik idoralar rahbarlariga, viloyatlar va shahar hokimlariga yuborilgan buyruq nusxasi Ozodlik radiosiga taqdim etildi.

Bu hujjatga bevosita daxldor Toshkent mulozimi shaxsi sir qolishini so‘radi.

Bosh vazir Abdulla Aripov imzolagan hujjat
Bosh vazir Abdulla Aripov imzolagan hujjat

Buyruqqa ilova qilingan ma’lumotda qayd etilishicha, birgina 2019 yil dekabr oyida veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda jamiyatning turli sohalarini tanqid qiluvchi mingdan ortiq ma’lumot e’lon qilingan. Tanqidlarning aksar qismi fuqarolarning shikoyatlari va murojaatlaridan iborat ekani alohida qayd etilgan.

Mazkur holat tegishli vazirlik va idoralarning … ishini takomillashtirishga ehtiyoj borligini ko‘rsatadi”, deyiladi hujjatda.

Bosh vazirga taqdim etilgan tahlil “eng ko‘p muhokama qilingan, hamon yechimini kutayotgan, u yoki bu tarmoqning dolzarb muammolarini ko‘rsatib beruvchi masalalarga” e’tibor qaratgan.

Bosh vazir Abdulla Aripov imzolagan hujjat
Bosh vazir Abdulla Aripov imzolagan hujjat

Hujjatdan anglashilicha, fuqarolar murojaatlari va e’tirozlarini jiddiy o‘rganish lozimligi haqidagi tashabbus Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidan chiqqan.

Ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlarida e’lon qilingan tanqidiy materiallar yuzasidan ma’lumot Agentlik tomonidan tayyorlangan. Komil Allamjonov boshchiligidagi Agentlik rahbariyati tarkibida Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva ham bor.


Tanqidiy mazmundagi axborotlarga munosabat bildirish bilan bir qatorda mamlakatda amalga oshirilayotgan ulkan miqyosdagi islohotlar to‘g‘risidagi keng qamrovli ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etish choralarini Agentlik bilan hamkorlikda ko‘rib borishingizni so‘rayman”, deyiladi Bosh vazir buyrug‘ida.

Aripov buyrug‘iga muvofiq¸ bundan so‘ng “noxolis va tanqidiy” axborotlarga munosabat tegishli davlat organlarining axborot xizmatlari bilan hamkorlikda tezkorlik bilan beriladi.

Hujjatda fuqarolarning internetda nashr etilayotgan tanqidlariga befarqlik bilan qarash mamlakatdagi vaziyatga mas’ul shaxslar faoliyatiga salbiy munosabatni shakllantirishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.

Tahliliy materialdan ko‘rinishicha, fuqarolarning aksar tanqidlari energetik taqchillik, IIV xodimlarining mas’uliyatsizligi, kasalxonalardagi og‘ir vaziyat, ijtimoiy ob’ektlarning ta’mirtalabligi, yo‘llarning nosozligi kabi o‘nlab dolzarb muammolarni qamrab olgan.

Hokimliklarga nisbatan e’lon qilingan tanqidlar mas’ullarning davlat islohotlarining samarali ijrosida yanada faolroq bo‘lishlari lozimligini taqozo etadi,” deyiladi hujjatda.


Prezident Mirziyoyev hokimiyati davrida fuqarolarning bevosita murojaatlari va shikoyatlari uchun yuzlab maxsus Xalq qabulxonalari ochildi. Biroq ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar rivoji muammolar haqida bildirish uchun ushbu rasmiy kanal bilan bir qatorda norasmiy, tezkor va ko‘p hollarda samaraliroq imkoniyatni ochib berdi.

Eslatma: O‘n minglab Ozodlik radiosi foydalanuvchilarini birlashtirgan Sizdan Telegram loyihasi eng ommabop ijtimoiy tarmoq loyihalaridan biridir.


Loyihada ST (Sizdan Telegram) darakchilaridan kelayotgan xabarlar, foto va videolar o‘rin oladi. Xabarlar Sizdan Telegram saytida, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar - Facebook va Telegram sahifalarida e’lon qilinadi.


Sizdan Telegram da e’lon qilingan darakchilarning shikoyat va murojaatlari aksar hollarda mahalliy hokimlik va mutasaddilar tomonidan o‘rganilib, ko‘p hollarda ijobiy hal qilinadi.

Xabarlaringizni Telegram tarmog‘idagi @ozodnews yoki +420 724 971 539 raqamiga yo‘llashingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG