Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:16

Koronavirus tarqalishini to‘xtatish uchun aeroportlarda tibbiy tekshiruv joriy qilinmoqda


Xitoyda koronavirusning yangi turi tarqalishda davom etmoqda. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, virusni yuqtirganlar soni 571 ga yetdi.

Kuni kecha Xitoy Sog‘liqni saqlash davlat qo‘mitasi yangi virus odamdan odamga yuqishini tasdiqladi. Aytilishicha, kasallikni xastalanganlar bilan muloqotda yuqtirib olish mumkin.

Shu bois bir necha davlat virus tarqalishini oldi olish uchun chora ko‘rmoqda. Xususan, Osiyo davlatlari aeroportlarida yo‘lovchilar tekshirilmoqda.

Shuningdek Avstraliya, Bangladesh, Nepal, Singapur va AQSh aeroportlarida ham nazorat kuchaytirildi. Virus tarqalishi ortidan O‘zbekistonda ham chegara nazorati kuchaytirilgani xabar qilindi.

Olimlar taxminlariga ko‘ra, virus Uxan shahridagi mol bozoridan boshlangan. Epidemiyaga koronavirusning avval kuzatilmagan turi sababchi ekanligi aniqlandi.

Uxan meri shaharning o‘zida virusni yuqtirgan olti nafar shaxs vafot etganini bildirdi.

Bugunga qadar Shanxay, Pekin va Guandun viloyatida ham virusni yuqtirganlar aniqlandi Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi kasallik Xitoy tashqarisiga ham tarqaldi: bemorlar Tailand, Janubiy Koreya va Yaponiyada ham aniqlandi. Seshanba kuni esa AQShda ham virusni yuqtirgan shaxs aniqlangani xabar qilindi. Bu shaxs AQShga 15 yanvar kuni aynan Uxan shahridan kelgan.

2003 yilda koronavirusning boshqa bir turi og‘ir o‘tkir respirator sindromi epidemiyasini keltirib chiqargan edi. O‘shanda ham virus hayvonlardan odamlarga yuqqan. 2002-2003 yillarda sindrom 37 davlatda 8 mingdan oshiq kishiga yuqqan, 774 nafar kishining yostig‘ini quritgan.

Koronavirusning turli xillari odamlar va hayvonlar ichida tarqalgan bo‘lib, ayrimlari yengil, ayrimlari og‘ir kasalliklarga olib keladi.

Chorshanba kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kasallikni global favqulodda vaziyat deb topishga qaror qilmadi. Tashkilot mutaxassislarining joriy vaziyat bo‘yicha 23 yanvar kuni qayta yig‘in o‘tkazishi kutilmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xodimlari tarqalayotgan virusni global favqulodda vaziyat deb e’lon qilishdan oldin kasallik haqida to‘liqroq ma’lumot to‘plash kerak bo‘lishini aytishdi. Ular yakuniy qaror chiqarishda bunday chora xalqaro savdoga ko‘rsatadigan ta’sir ham e’tiborga olinishini qo‘shimcha qilishdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti so‘nggi marta 2014-2016 yillarda G‘arbiy Afrikada tarqalgan Ebola virusini global favqulodda vaziyat deb belgilagan edi.

XS
SM
MD
LG