Линклар

Шошилинч хабар
27 феврал 2020, Тошкент вақти: 01:10

OzodDayjest: Yangi parlament prezident Mirziyoyev uchun qay jihatdan xatarli ekani aytildi


Illyustrativ surat.

Siyosiy tahlilchi K. Rabbimov yangi saylangan parlamentni Mirziyoyev uchun xavfli, degan fikrda. Bosh vazirga videomurojaat yo‘llagan oqsoqol do‘pposlandi. Samarqandlik ayol MIB xodimini yoqib yuborishga harakat qildi.

_____________________________________________________________

Siyosiy tahlilchi: yangi parlament prezident Mirziyoyev uchun xatardir


O‘zbekistonning yangi saylangan parlamenti prezident Shavkat Mirziyoyev uchun xavflidir, deb hisoblaydi siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov (www.sof.uz,​ 20 yanvar). “Joriy parlament faqat bosh vazir va Vazirlar Mahkamasi uchun juda qulay. Sababi, bu parlament hukumatni tanqid qilmaydi, unga bosim shakllantirmaydi, hokimiyat tarmoqlarini samarali ishlashi uchun qo‘shimcha siyosiy zo‘riqish muhitini shakllantirmaydi. Ya’ni parlament jamiyat uchun legitimlik markazi, jamiyatdagi muammolarni aniqlovchi va hal qiluvchi eng oliy minbar bo‘lmaydi. Natijada, O‘zbekistonda 27 yil davomida yig‘ilgan kolossal ijtimoiy-siyosiy zo‘riqishlar bosimi yana prezident gardaniga yuklanadi. Va keyingi yillarda ijtimoiy tanqidlarning, noroziliklarning markaziy ob’ekti yana faqat prezident bo‘ladi”, deydi K. Rabbimov.

Siyosiy tahlilchiga ko‘ra, saylov orqali parlamentga malakali va mustaqil zehniyatli shaxslarni to‘plash imkoniyati boy berildi.

“Aslida, mustaqil parlamentdan qo‘rqish uchun bugun hech qanday siyosiy asoslar yo‘q edi. Hozirgi O‘zbekiston siyosiy madaniyatida hokimiyatni ashaddiy tanqid qilish zehniyati mutlaq mavjud emas. Eng tanqidiy ruhdagi malakali shaxslarning parlamentga yig‘ilishi esa prezident mavqeini zaiflashtirish, vaziyatni chayqash salohiyatiga ega emasdi”, deb yozadi K. Rabbimov.

Qayd etilishicha, yangi O‘zbekistonda eski tafakkurdagi parlamentning tashkil etilishi prezident uchun ham, mamlakat uchun jiddiy yo‘qotish hisoblanadi.

Bosh vazirga videomurojaat yo‘llagan otaxon kaltaklandi


Bosh vazir Abdulla Aripovga videomurojaat yo‘llagan O‘ktam Hamroyev do‘pposlandi (www.qalampir.uz, 23 yanvar). Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda otaxon o‘ziga tegishli bo‘lgan mashina oldida bir guruh ayollar tomonidan kaltaklanayotgani aks etgan. Ushbu holatni suratga olgan erkak oqsoqolni tinimsiz haqoratlab, ayollarni uni do‘pposlashga chaqiradi.

Bir muddat avval O‘ktam Hamroyev telefon orqali bosh vazir Abdulla Aripovga videomurojaat yo‘llagan va Samarqand viloyati Kattarqo‘rg‘on shahrini kesib o‘tuvchi Narpay kanali bo‘yida uyulib yotgan axlatlar muammosini ko‘targan. Otaxon o‘z murojaatida mazkur muammoga befarq qarayotgan Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi va prokurorini tanqid qilgan.

“Kattaqo‘rg‘on shahar hokimimiz va uni qo‘llab-quvvatlovchi rahbarlar bor. Unga hech kim gapirolmaydi. Qachonki, biz kabilar murojaat qilsa, jinoyatchiga aylantiradi”, deya hudud rahbarlariga o‘z e’tirozini bildirgan oqsoqol.

Hozircha O‘ktam Hamroyev kimlar tomonidan va nima sababdan kaltaklangani haqida batafsil ma’lumot yo‘q.

Samarqandlik ayol MIB xodimini yoqib yuborishga urindi


Samarqand shahri “Tinchlik” mahallasida yashovchi ayol D. R. MIB xodimlariga qarshilik qilib, ularga benzin sepib yoqib yubormoqchi bo‘ldi (www.daryo.uz, 22 yanvar). MIB Samarqand shahar bo‘limi davlat ijrochisi M.Bekmuhammedov 12 nafar davlat ijrochisi yordamida Samarqand shahar sudining 2019 yil 12 sentabrdagi ijro hujjatiga asosan javobgar D. R.ni xonadonidan majburiy chiqarish uchun borgan. D. R. esa davlat ijrochilariga yonayotgan sochiq otgan. U bu bilan chegaralanmay, yelim idishda benzinni olib chiqib, har tomonga, shu jumladan, yonib turgan sochiqqa ham sepgan. Mazkur holatda biror-bir MIB xodimi yoki fuqarolar tan jarohati olmagan. Turli joylardagi yong‘in o‘choqlari yong‘in xavfsizligi xodimlari tomonidan bartaraf etilgan. Samarqand shahri prokuraturasi ushbu holat yuzasidan shu kunning o‘zida Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (hokimiyat vakili yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qayd etilishicha, MIB tashkil etilgandan buyon 4 nafar xodim o‘z vazifasini bajarish vaqtida vafot etgan, 200 dan ortiq xodimlarga turli darajada tan jarohati yetkazilgan.

XS
SM
MD
LG