Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:45

OzodDayjest: AES o‘zbek xalqi uchun kulfat bo‘lishi bashorat qilindi


Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li atrofida AES qurilishi masalasida olib borilayotgan texnik iadqiqot ishlari. "O‘zatom" saytidan olingan surat.
Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li atrofida AES qurilishi masalasida olib borilayotgan texnik iadqiqot ishlari. "O‘zatom" saytidan olingan surat.

Rasmiylarning AES borasidagi bayonotlari “katta yolg‘on” deb baholandi. Samarqandda bir oilaning besh a’zosi o‘ldirilishi sababi ma’lum bo‘ldi. 7 mingga yaqin sanitariya xodimi ishsiz qolmoqda. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

____________________________________________________________

Bloger o‘zbek rasmiylarining AESga oid bayonotlarini “katta yolg‘on” deya baholadi


O‘zbekistonda qurilishi rejalashtirilayotgan AES mamlakatdagi energetik tanazzulni bartaraf etadi, degan bayonotlar katta yolg‘ondan bo‘lak narsa emas. Bu haqda bloger Otabek Bakirov Telegramdagi sahifasida yozadi. “Energetik tanazzulni AES emas, O‘zbekistonda energetika bozorini yaratish hal etadi. O‘zbekiston postsovet hududida energetika bozorini yarata olmagan eng qoloq uch mamlakatdan biri va hali hanuz taqsimlash va o‘zlashtirishga asoslangan energotizimdan foydalanib kelmoqda. Bu yo‘lda qilinishi lozim bo‘lgan ikki vazifa bor: har qanday yangi generatsiyani soliq va byurokratiyadan ozod qilish va mulk huquqini kafolatlash. Ochiq bozor va mulk himoyasi sharoitida investorlar pulni AESga emas, yashil texnologiyalarga asoslangan generatsiyaga tikadi”, deb yozadi muallif.

Bloger AESning zaruriyatini oqlash uchun hududlarda yillar davomida elektr energiyasiga muhtojlikdan azob chekayotgan aholining nozik hissiyotlaridan foydalanilayotganini ham qoralagan.

“AES qurilishi o‘ta shubhali shoshma-shosharlik bilan, hech bir tanlov va konkurssiz totalitar o‘tmish va bugunga ega, suverenitetimiz uchun doimiy xavf bo‘lgan Rossiya korporatsiyasi “Rosatom”ga topshirildi... Rossiya quradigan AES – AES emas, tom ma’noda tabiatimiz uchun, jamiyatimiz uchun ham, davlatchiligimiz uchun ham atom bombasidan farqlanmaydi”, deb yozadi bloger O.Bakirov.

Bir oilaning besh a’zosini o‘ldirganlarga hukm o‘qildi


Samarqand viloyati Ishtixon tumani Chimqo‘rg‘on qishlog‘ida yashovchi oilaning barcha a’zolarini o‘ldirgan jinoyatchilarga hukm o‘qildi (“Huquq”, 23 yanvar). 2019 yil 15 mayga o‘tar kechasi ro‘y bergan vahshiy qotillik butun mamlakatda kuchli aks sado bergan edi.

Fuqaro Abdurashid Xolboyev yer olib, uzum yetishtirgan va uzumni mayiz holatida sotib tirikchilik qilgan. Ushbu kasb-kor ortidan yaxshigina daromad qilgan. Ammo A. Xolboyevga hasad qilgan qo‘shnisi G‘olib Tashanov uni o‘ldirish va boyliklarini qo‘lga kiritish rejasini tuzgan. G‘. Tashanov uch sherigi bilan qo‘shnisi uyiga tunda bostirib kirib, uxlab yotgan oilaboshi A. Xolboyev, uning rafiqasi hamda 1998, 2002 va 2004 yillarda tug‘ilgan uch o‘g‘lini vahshiylarcha o‘ldirgan. Jinoiy guruh ushbu xonadondan 22 million so‘m va 100 dollar pul olib ketgan. Ma’lum qilinishicha, tez fursatda qo‘lga olingan qotillar – G‘. Tashanov, J. Usmonov, Sh. Esonboyev va H. Nurmonov sud hukmi bilan umrbod ozodlikdan mahrum etilgan.

Ishdan bo‘shatilayotgan 7 mingga yaqin sanitariya xodimlari taqdiridan xavotir bildirilmoqda


Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari xodimlari ommaviy ravishda ishdan ozod etilmoqda (www.kun.uz, 22 yanvar). Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarga ko‘ra, ishsiz qolayotgan minglab fuqarolar bu holatdan norozi bo‘lib, turli tashkilotlarga shikoyat arizalari bilan murojaat yo‘llamoqda.

Qayd etilishicha, prezidentning 2019 yil 9 sentabridagi farmoniga muvofiq, Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati tashkilotlari va ularning hududiy bo‘linmalari negizida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspektsiyasi va uning hududiy bo‘linmalari, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida esa Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tashkil etilgan. Mazkur farmonga asosan, 2020 yil 1 apreliga qadar tizimda 6736 ta shtat birliklari qisqartirilishi ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlanishicha, ish beruvchilar mehnat shartnomasi bekor qilinayotgan xodimlarning huquqlarini hurmat qilishi, jumladan, shtat qisqargani sababli shartnoma bekor qilinishi haqida xodim kamida 2 oy oldin yozma ogohlantirilishi, boshqa ish qidirish davrida xodimlarning o‘rtacha oylik maoshi saqlab qolinishi lozim.

XS
SM
MD
LG