Линклар

Шошилинч хабар
29 феврал 2020, Тошкент вақти: 00:50

OzodDayjest: Hokim Ortiqxo‘jayevning nomini sotgan haydovchi ishdan bo‘shatildi


Oliy sud raisi ilk bor sudyalarga bo‘layotgan tazyiqlar haqida gapirdi. Toshkent shahar hokimi “topshirig‘i bilan” qoida buzgan Crafers xodimi ishdan bo‘shatildi. Rasmiylar O‘zbekistonda pensiya yoshini oshirishdan boshqa iloj yo‘qligini aytmoqda. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Oliy sud raisi chorak asr davomida uddalanmagan ishni bu yil amalga oshirishga so‘z berdi


O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov sudyalarga tazyiq va ta’sir ko‘rsatishga urinayotgan kuchlar mavjudligi haqida gapirdi (www.uza.uz, 25 yanvar). Bu Oliy sud rahbariyatining tizim vakillariga bosimlar bo‘layotganini ilk bor tan olishidir. Ammo K. Komilov sudyalarga ta’sir va tazyiq o‘tkazishga harakat qilayotgan kuchlar aynan kimlar ekanini ochiqlamagan.

Oliy sud raisi sudьyalar mustaqilligi masalasiga ham to‘xtalgan.

“Bugun sudyalarimiz dastlabki tergov organlari taqdim etgan ayblovlarning barchasini ma’qullayotgani yo‘q. 2019 yilda 859 nafar fuqaro sud hukmi bilan oqlandi, 3 ming nafardan ziyod shaxs sud zalidan ozod qilindi, 2 ming 623 nafar fuqaroga asossiz qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarildi va o‘zgartirildi. Bir necha yil oldin sudlar bu shaxslarga ayblov hukmi o‘qib kelganini inobatga olsak, o‘zgarishlar mohiyatini tasavvur qilish mumkin”, degan u.

Oliy sud raisiga ko‘ra, 2020 yilda sudlar to‘liq mustaqillikka erishadi. “Yo bu yil, yoki hech qachon”, deya va’da bergan K. Komilov.

Ortiqxo‘jayevning “topshirig‘i bilan” qoida buzgan haydovchi ishdan bo‘shatildi


“Toshkent” telekanalining “Poytaxt yo‘llarida” ko‘rsatuvi jurnalistiga qo‘pol munosabatda bo‘lgan, shuningdek, yolg‘on ma’lumot bergan Crafers korxonasi xodimi Abror Sharipov ishdan bo‘shatildi (www.gazeta.uz, 26 yanvar).

Ma’lum qilinishicha, ko‘rsatuvning 2019 yil dekabr oyida tasvirga olingan sonida Crafers reklamasi yopishtirilgan Malibu avtomobili haydovchisi Toshkentning Qoratosh va Samarqand darvoza ko‘chalari kesishmasidagi mashinalar harakatiga xalal berib, ulovini yo‘l yoqasida to‘xtatgan.

Telekameraga tushib qolganini sezgan xodim “Bu – reklama. Archaga yaqinroq turish kerak. Shahar hokimi Jahongir aka Ortiqxo‘jayev buyrug‘i bilan kelganman”, deya jurnalistga o‘shqirgan. Birozdan so‘ng esa u mashinasiga o‘tirib, voqea joyini tark etgan.

Qayd etilishicha, Crafers shirkati hokim topshirig‘ini pisanda qilgan xodimini ishdan bo‘shatish bilan birga, yuzaga kelgan holat uchun aholidan uzr so‘ragan.

Crafers qandolat kompaniyasi Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli 10 ga yaqin shirkatdan biri ekani aytiladi.

O‘zbekistonda pensiya yoshini oshirishdan boshqa iloj yo‘qligi aytildi


O‘zbekistonda pensiya yoshini oshirishdan boshqa iloj yo‘q (www.daryo.uz, 29 yanvar). Bu haqda hukumatdagi manba ma’lum qilgan. Qayd etilishicha, erkaklarga 62, ayollarga 58 yoshni pensiyaga chiqish davri etib belgilash ko‘zda tutilmoqda. Ammo o‘zgarish barchaga birdan tatbiq etilmaydi. U bosqichma-bosqich, aholining ijtimoiy himoyasini o‘ylab, tadrijiy amalga oshiriladi.

Pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori birinchi o‘rinbosari Medet Tleuovga ko‘ra, mamlakatda qariyb 15 million iqtisodiy faol aholi bo‘lib, ularning faqat 5 millionga yaqini soliqlarni rasman to‘lamoqda. Shu tufayli pensiya ta’minoti tizimi bugun soliq to‘lovchilar quvvatiga chambarchas bog‘langan.

Jamg‘arma rasmiysining ta’kidlashicha, O‘zbekistonda pensiya ta’minoti davlat pensiyasi, jamg‘arib boriladigan pensiya hamda ixtiyoriy pensiyaviy sug‘urtalash shaklidagi uch pog‘onali tizimga almashtirilishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston davlat pensiya tizimini rivojlantirish va yangilash bo‘yicha konsepsiya loyihasi 2020 yilning aprel oyiga qadar e’lon qilinishi ko‘zda tutilgan.

XS
SM
MD
LG