Линклар

Шошилинч хабар
26 феврал 2020, Тошкент вақти: 00:23

SpaceX kabi Amazon ham minglab sun’iy yo‘ldosh bilan Yerni Internet bilan ta’minlamoqchi


Illyustrativ surat

Amazon shirkati Yer orbitasiga 3236 ta sun’iy yo‘ldosh chiqarishni ko‘zlovchi Kuiper (Koyper) loyihasi uchun ruxsat olish maqsadida AQSh Federal kommunikatsiya komissiyasiga yana murojaat qildi.

Shirkat komissiyaga yuborgan 24 sahifali maktubda SpaceX, OneWeb hamda boshqa raqib shirkatlar e’tirozlariga to‘xtalib o‘tdi.

Amazon qoshida ochilgan Kuiper Systems shirkati maslahatchisi Mariya Dodson Shuman maktubda “Spektr va orbital resurslarni teng Internet aloqasi bilan ta’minlash sarmoyalarni oshiradi, innovatsiyani rag‘batlantiradi va xaridorlar oldidagi tanlovni kengaytiradi”, deb yozdi.

SpaceX va OneWeb kabi Amazon shirkati past orbitaga yo‘ldosh chiqarib, Yer yuzidagi milliardlab odamni Internet aloqasi bilan ta’minlashni istaydi. Amazon yetakchilari, shuningdek, Kuiper loyihasi shirkatning boshqa bizneslari, jumladan, onlayn savdolar hamda bulutli hisoblash sohasi yanada rivojlanishiga zamin yaratishiga ishonishadi.

Ammo Amazon bu sohaga nisbatan kech kirib keldi. SpaceX hamda OneWeb Federal kommunikatsiya komissiyasidan ruxsat olish uchun bir necha yil oldin murojaat qilgan edi. 2018 yilda ularga ruxsat berildi va shirkatlar allaqachon past orbitaga yo‘ldosh chiqara boshlagan. Kuiper loyihasiga esa o‘tgan yilning aprelidagina asos solindi.

O‘tgan yilda taniqli tadbirkor Ilon Mask asos solgan SpaceX shirkati Starlink loyihasi doirasida yuzlab mini sun’iy yo‘ldoshni Yer orbitasiga chiqardi. Mask bir necha yil ichida Yer orbitasiga 42 mingga yaqin yo‘ldosh chiqarishni rejalashtirmoqda. Loyiha joriy yilda sinov rejimida ishga tushishi mumkin.

Keyingi oylarda Amazon raqiblari SpaceX va OneWeb Federal kommunikatsiya komissiyasi avval ularga litsenziya berishi kerakligini, Kuiper loyihasi kechroq boshlangani uchun, kutib turishi kerakligini aytib keladi.

Amazon komissiyaga yuborgan maktubda Kuiper loyihasi SpaceX iddao qilgandek uning faoliyatiga xalaqit bermasligi aytildi.

Olimlar Yer orbitasida sun’iy yo‘ldoshlar soni ko‘payar ekan, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish kerak bo‘lishini, aks holda yo‘ldoshlar to‘qnashib ketishini aytmoqda.

Amazon Federal kommunikatsiya komissiyasiga yuborgan maktubida fazodagi chiqindi masalasiga faqat qisqa to‘xtalib o‘tdi. Xususan, maktubda shirkat “orbitadagi chiqindilar ko‘lamini cheklash uchun xalqaro va milliy fazo xavfsizligi standartlariga amal qiladi”, deyildi, xolos.

Bu orada Amazon Kuiper loyihasi jamoasini kengaytirishda davom etyapti. Ayni damda loyiha 175 ish o‘rnini to‘ldirish uchun nomzod izlamoqda.

XS
SM
MD
LG