Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2020, Тошкент вақти: 07:34

Tadqiqot: Iqlim o‘zgarishi vino sanoati uchun achinarli bo‘ladi


Sodir bo‘lishi kutilayotgan iqlim fojiasini may ichib o‘tkazish niyatidagilar uchun olimlarda yomon xabar bor.

AQSh olimlari o‘tkazgan tadqiqot Selsiy shkalasi bo‘yicha 2°C (Farenheyt shkalasi bo‘yicha 3,6 daraja) global isish Yer yuzidagi uzumzorlar maydonini ikki barobarga qisqartirishini ko‘rsatdi.

2015 yili qabul qilingan iqlim bo‘yicha kelishuv asr oxiriga qadar global isishni sanoatlashuvdan oldingi davr bilan solishtirganda aynan 2°C o‘sish bilan cheklashga chorlaydi.

Agar harorat 4°C ga ko‘tarilsa, uzumzorlarning 85 foizi yaroqsiz bo‘lib qoladi.

Kolumbiya universiteti hamda NASA xodimi Benjamin Kuk:

- Qaysidir ma’noda, vino ko‘mir konidagi kanareykaga o‘xshaydi, chunki iqlim o‘zgarishi uzumlarga darhol ta’sir ko‘rsatadi, — dedi.

Proceedings of the National Academy of Sciences jurnalida chop etilgan maqolani yozgan Kuk hamda uning hamkasblari uzumning Kaberne Savinyon, Shardone, Grenash, Merlo va Savinyon Blan kabi 11 navini o‘rganib chiqqan.

Ular iqlim sanoatlashuvdan oldingi davr bilan solishtirganda, 0°C, 2°C va 4°C ga isisa, mazkur uzum navlari qancha paytda pishib yetilishini hisoblab chiqishgan.

Olimlar modeli vino ishlab chiqarishda hech qanday o‘zgarish sodir bo‘lmasa va iqlim 2°C ga isisa, uzumzorlarning 56 foizi yaroqsiz bo‘lishini ko‘rsatgan.

Ammo iliqroq iqlim sharoitida ham pishadigan uzum navlariga o‘tish bu ko‘rsatkichni ikki barobarga ozaytirishini ko‘rsatgan. Maqola mualliflari bunday qilish oson bo‘lmasligini tan olishdi. Fransiya kabi davlatlarda har bir viloyatning chuqur tarixga ega an’anaviy uzum navi bo‘lib, bozorda boshqa viloyatlar uzumlaridan tayyorlangan vinolar bilan bellashib keladi.

XS
SM
MD
LG