Линклар

Шошилинч хабар
28 сентябр 2020, Тошкент вақти: 01:27

Ozodlikka kelgan suratlar qurib bitirilgan yer usti metrosi xavfsizligini savol ostida qoldirdi (FOTOGALEREYA)


Yer usti metro yo‘nalishi qurilishiga majburan jalb etilgan provodniklar.

“O‘zbekiston temir yo‘llari”(O‘TY) aksiyadorlik jamiyati 3 fevral kuni o‘z rasmiy saytida “Do‘stlik-Qo‘yliq” yo‘nalishidagi yer usti metrosining 6 ta bekati qurib bitkazilganini ma’lum qildi.

Rasmiy xabar bilan ayni kuni Ozodlikka¸”qurib bitkazilgan uchastkada katastrofalarga olib keladigan temir-beton konstruksiyalardagi kamchiliklar” tasviri deb taqdim etilgan suratlar yuborildi.

Suratlarda¸ metro poyezdlari harakatlanishi uchun qurilgan ko‘priksimon yo‘lni ushlab turgan ustunlarga¸ hali ishga tushmay turib darz ketgani ko‘riladi.

Yer usti metro loyihasi muallifi bo‘lgan «Boshtransloyiha» AJ muhandisi¸ qurilish temir-beton konstruksiyalarining xavfli ekani haqidagi xavotirlarni rad qildi.

Suratlardagi manzara

Ozodlikka yuborilgan 10 ta suratda¸ ularni yuborgan O‘TYning shaxsi ochiqlanishini istamagan mulozimiga ko‘ra¸ qurib bitirilgani e’lon qilingan “Do‘stlik-Qo‘yliq” yer usti metro yo‘lini ushlab turgan temir-beton konstruksiyalar aks etgan.

Facebookda tarqagan ma’lumotlarga ko‘ra¸ suratlar muallifi buxorolik muhandis Rustam Ne’matovdir.

"O‘z vatanini sevgani bois¸ bunday kamchiliklarga ko‘z yuma olmasligi"ni ta’kidlagan muallif¸ ularning 2019 yil avgusti va 2020 yil yanvarida olinganini aytgan va tegishli hukumat tizimlaridan yer usti metrosi qurilishidagi "jiddiy xatolar"ni hal qilishni so‘ragan.

(Ozodlik hozircha suratlar muallifi bilan bog‘lana olmadi.)

O‘TY rasmiy xabarida Toshkent xalqa metro liniyasining birinchi bosqichi bo‘lgan “Do‘stlik – Qo‘yliq” uchastkasidagi “Do‘stlik-2” hamda 2-bekatlarida qurilish ishlarining aynan 2019 yil avgust oyida tugatilgani yozilgan.

Rasmiy xabarga ko‘ra¸ aynan avgust oyida oraliq yo‘nalishida 2303 metrlik yangi relslar yotqizilib, dastlabki poyezdlar sinov tariqasida harakatlangan.

- Ozgina qurilishdan xabari bor odam aytishi mumkinki, noto‘g‘ri ustun temir-beton plitalar gorizontal emas¸ qiyshiq yotqizilgan¸ ertaga metro harakati boshlangandan keyin bu plitalarga bir xil emas¸ har joyiga har xil nagruzka tushadi. Qolaversa¸ Toshkent seysmik zonada joylashgan va yer tez-tez qimirlab turadi. Yerga o‘rnatilgan temir-beton ustunlarining yillar o‘tib tabiiy cho‘kishi ustiga¸ qiyshiq konstruksiya va zilzilani qo‘shsangiz¸ bu konstruksiya¸ oxir-oqibat¸ sinadi va katastrofa yuz beradi deganidir¸ - dedi O‘TY mulozimlaridan biri.

Loyihachining o‘z ishidan ko‘ngli to‘q

3 fevral kuni qurib bitkazilgani rasman e’lon qilingan yer usti metro yo‘nalishini «Boshtransloyiha» AJ tomonidan ishlab chiqilgan loyiha asosida «Ko‘prikqurilish» tresti korxona va bo‘linmalari qurib bitirdi.

4 fevral kuni Ozodlik «Boshtransloyiha» AJ ning aynan “Do‘stlik-Qo‘yliq” yer usti metro yo‘li loyihasini ishlab chiqqan muhandislaridan biri bilan bog‘lanib¸ suratlar va ulardagi manzara tug‘dirgan xavotirlarga munosabat so‘radi.

Bu rasmiy Ozodlikka yuborilgan suratlardan xabari yo‘qligi va ularni ko‘rmaganini bildirdi:

- Mutaxassis sifatida aytishim mumkinki¸ metro loyihasini qilganda xavfli omillarning hammasi hisobga olindi. Qurilish proyekt qilinganda¸ unga tushadigan hamma nagruzkalar¸ seysmologik faktorlarning hammasi hisobga olinadi. Qurilish ana shu hisob-kitob asosida quriladi. Albatta¸ qurilish bitgandan keyin mayda-chuyda kamchiliklar¸ otdelkalarning ko‘chishi bo‘lishi mumkin. Necha mingta balkalar¸ oporalar qo‘yilganda¸ albatta¸ kamchilik bo‘ladi.Qurilish davomida avtorskiy nadzor¸ texnicheskiy nadzor bo‘ladi¸ boshqa kontrollar bo‘ladi. Kamchilik topilgan joyida tuzatiladi. Konstruktivniy xavfli¸ ertaga ag‘anab tushadi¸ degan xavotirlar asossiz. Hammasi ishonchli qurilgan¸ - dedi yer usti metro loyihasi muallifi bo‘lgan “Boshtransloyiha” AJ muhandislaridan biri.

(Ozodlik o‘z ixtiyoridagi suratlarni aniq izoh olish maqsadida “Boshtransloyiha” AJsining Telegram kanalidagi raqamiga yubordi. Loyiha mualliflaridan izoh kelishi bilan¸ maqola to‘ldiriladi – tahr.)

Suhbatdosh¸ “Do‘stlik-Qo‘yliq” yo‘nalishidagi oltita metro bekati¸ davlat komissiyasi quruvchi tashkilot - "Ko‘prikqurilish" trestidan qabul qilib olganidan so‘ng¸ Navro‘zga ishga tushirilishini qo‘shimcha qildi.

Yangi metro qurilishining malakasiz majburiy mehnat hisobiga qurilayotgani kuzatildi

«O‘zbekiston temir yo‘llari» Kapital qurish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Aziz Abdiyevning mahalliy matbuotga aytishicha¸ yangi yer usti halqa yo‘nalishining «Do‘stlik-Qo‘yliq» uchastkasidagi qurilish ishlariga 2000 nafarga yaqin mutaxassis va quruvchi, shuningdek 100 dan ortiq qurilish va maxsus texnika jalb qilingan.

Ayni paytda¸ Ozodlikka O‘TYga qarashli turli tashkilot va korxona ishchilaridan kelgan xabarlarga ko‘ra¸ bu yo‘nalishni prezidentga va’da qilingan muhlatda ishga tushirish maqsadida¸ “O‘zbekiston temir yo‘llari” boshqaruvi raisi¸ sobiq Transport vaziri Ochilboy Ramatov buyrug‘i bilan 2019 yil yozidan minglab O‘TY ishchi-xizmatchilari qurilishga majburan jalb etilgan.

Metro qurilishida ishlash uchun na bilim va na malakasi bo‘lgan minglab provodnik¸ kassir¸ montër va haydovchilar qatori bu jarayonga soatbay haq oladigan yollanma ishchilar – mardikorlar ham tashlandi.

Ozodlik 2019 yil 18 dekabr kuni “Yunusobod” bekati qurilishida ro‘y bergan yer o‘pirilishi oqibatida o‘lgan besh ishchidan kamida uch nafarining Toshkentga ish izlab kelgan mardikor ekanini aniqlagan edi.

XS
SM
MD
LG