Линклар

Шошилинч хабар
07 май 2021, Тошкент вақти: 02:35

“O‘zbekneftgaz” konlarida 1000 dan oshiq ishchi noyabrdan beri oyliksiz ishlayapti


Issig‘u sovuqqa qaramay gaz konlarida ishlayotgan 1000 dan oshiq ishchi to‘rtinchi oydirki¸ mehnati uchun haq olomayotir.

Koson neft-gaz qidiruv ekspeditsiyasining 1152 nafar ishchi-xizmatchisiga 2019 ning noyabr va dekabri hamda 2020 ning yanvari uchun ish haqi to‘lanmadi.

“Aksariyatimiz qishning sovug‘ida gaz konida burg‘ulash ishlarini qilayotgan oddiy ishchilarmiz”¸ deyiladi Ozodlikka kelgan xabarda.

“O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati kosonlik ishchi-xizmatchilardan olingan bu ma’lumotni tasdiqladi.

Matbuot xizmatidan Ozodlikka kelgan rasmiy ma’lumotnomada bu holat sabablari tilga olingan.

Mavzu o‘rganilgan ikki kun davomida ishchilarning bir oylik maoshini to‘lab ​berish haqida qaror qabul qilindi.

Ishchilarning yozishicha, “O‘zbekneftgaz” strukturasida amalga oshirilgan o‘zgarishlar ortidan bu ekspeditsiyani boshqarib kelgan “O‘zburneftgaz” tugatilgan va uning o‘rnida tashkil etilgan “O‘zbekneftgaz parmalash ishlari” MChJsi ¸ eski qarzdorlikni yopish iddaosi bilan¸ mingdan oshiq odam oyligini “garovga olgan”.

“Restrukturizatsiya yukini bizga tashlashdi!”

Qashqadaryo viloyatidagi Koson neft-gaz qidiruv ekspeditsiyasining Ozodlik gaplashgan xodimlari ta’kidicha¸ 1000 dan oshiq odamning to‘rtinchi oydirki maoshsiz qolayotgani “O‘zbekneftgaz” tizimidagi qisqartish va o‘zgartishlardan so‘ng boshlangan.

Prezidentning 2019 yil 9 iyul kungi qarori bilan¸ tizim boshqaruvida ortiqcha bo‘g‘inlarni qisqartirish maqsadida «O‘zbekneftgaz» tarkibidagi bir qator aksiyadorlik jamiyatlari tugatilib¸ ular funksiyalari ayrim yangi tuzilgan MJChlarga berilgan.

Xususan¸ Ozodlik suhbatdoshlariga ko‘ra¸ «O‘zburg‘uneftgaz» tugatilib¸ uning funksiyalari yangi tuzilgan mas’uliyati cheklangan jamiyatga o‘tkazilgan.

Shundan so‘ng¸ oktabr oyligini olib¸ qolgan noyabr-dekabr-yanvar oyliklarini olmaganmiz. Ish haqimiz “O‘zburneftgaz” sobiq rahbari tashkil qilgan “O‘zbekneftgaz parmalash ishlari” MChJga tushib kelgan, ammo “O‘zburg‘uneftgaz» sobiq rahbari tashkilotlarimiz pulini ushlab turibdi. “O‘zburg‘uneftgaz» tugatildi, unda katta-katta o‘g‘irliklar bo‘lgan¸ davlatning milliardlab pullarini yeb yuborishgan. Yangi MChJni qarzsiz¸ noldan boshlash maqsadida bular qarzlarni qarzi bo‘lmagan korxonalarga ham ilib qo‘ygan. Bizning tashkilotlarimizda umuman qarzi bo‘lmagan¸ lekin 84 milliard so‘mni bo‘ynimizga ilmoqchi. Shunga rozi bo‘lmaganimiz uchun¸ ishchi-xizmatchilarga haqqini bermayapti. Tepadagilarning o‘g‘irligi uchun sovuq qishda gaz konida ishlayotgan shuncha odam qozonini suvga tashlab o‘tiribdi”¸ deydi Koson neft-gaz qidiruv ekspeditsiyasi mutaxassislaridan biri.

O‘z xavfsizligidan cho‘chib¸ Ozodlik bilan shaxsi sir qolishini so‘rab gaplashgan qashqadaryolik mutaxassislar¸ birgina Koson ekspeditsiyasida 1152 odam ishlashi va ulardan birortasining to‘rtinchi oydirki¸ mehnati uchun haq olmaganini iddao qildi.

Ozodlik ishchilar tilga olgan ma’lumotlar yuzasidan “O‘zburneftegaz”dan “O‘zbekneftegaz parmalash ishlari” MChJga aylangan tashkilot mutasaddilari bilan bevosita bog‘lana olmadi - “O‘zburneftgaz” rasmiy sayti yopilgan¸ yangi tizimning esa na sayt va na bog‘lanish uchun boshqa manzillari hozirga qadar jamoatchilikka ma’lum qilingan emas.

Ozodlik 3 fevral kuni bog‘langan “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati mulozimi kosonlik ishchilardan kelgan ma’lumot va e’tirozlarni atroflicha o‘rganib¸ so‘ngra izoh berishni va’da qildi.

4 fevral kuni Ozodlikka yuborilgan quyidagi rasmiy "Ma’lumotnoma"da¸ kosonlik ishchilarning oktabr oyidan beri oyliksiz ishlayotgani tasdiqlandi:

"Haqiqatda ham ishchi-xodimlar 2019 yilning oktabr oyi oyliklarini olganlaridan so‘ng, ularga shu vaqtga qadar oylik maoshlari berilmagan.

Sababi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 iyuldagi "Iqtisodiyot va aholini energiya manbalari bilan barqaror ta’minlash, neft va gaz sanoatini boshqarish tizimini moliyaviy sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-4388-sonli qarori bilan “Koson neft-gaz qidiruv ekspeditsiyasi” AJ “O‘zbekneftgaz” tarkibidan chiqarilib, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tarkibiga o‘tkazilgan.

Biz bu holat yuzasidan o‘rganish olib bordik hamda bugun 2019 yilning noyabr oyi uchun bugunning o‘zidayoq ishchilarning oylik maoshlari to‘liq berilishi ma’lum qilindi.

Ammo, qolgan oylik maoshlar taqdiri Ekspeditsiya rahbariyatining harakatiga bog‘liq. Sababi, Ekspeditsiya burg‘ulash uskunalarini “O‘zbekneftgaz” AJdan ijara asosi olib ishlatib kelmoqda. Avvallari, korxona “O‘zbekneftgaz”ga qarashli bo‘lgani uchun ijara haqi to‘lamagan.

Avvalgi ijara pulidan qarzdorlik to‘lanib, qarzdorlik bartaraf etilsa “O‘zbekneftgaz” AJ korxonaga qilingan ishlari uchun pul o‘tkazib berishga tayyor (Ishchilar oyligini berilishining “O‘zbekneftgaz”ga aloqasi yo‘q. Biz faqat qilingan ish uchun o‘zaro shartnomaga muvofiq pulni o‘tkazamiz).

Shu sababli, “Koson neft-gaz qidiruv ekspeditsiyasi” avvalo o‘z qarzdorligini bartaraf etishi kerak. Ana shu qarzdorlikni bartaraf etsa, “O‘zbekneftgaz” tomonidan hech qanday muammo bo‘lmaydi"¸ deyiladi "O‘zbekneftgaz" AJsi tomonidan yuborilgan rasmiy javobda.

Koson neft-gaz qidiruv ekspeditsiyasining Ozodlik qayta bog‘langan mutaxassislari¸ 3 fevral kuni Toshkentdan zudlik bilan ishchilarning bir oylik maoshini ular hisobiga tushirish haqida topshiriq kelganini tasdiqladi.

Masalaning Ozodlikka chiqib¸ kattalashib ketishidan qo‘rqib¸ bir oylikni to‘lashni aytishdi. Bu ham bizni¸ ham jurnalistlarni tinchlantirish uchun qilindi. Lekin yana ikki oylik maoshimiz qachon tushadi¸ nega qarzi yo‘q korxona 84 milliardni to‘lab berishi kerak¸ bular haqda hozircha gap yo‘q”¸ dedi Koson neft-gaz qidiruv ekspeditsiyasidagi mulozim.

XS
SM
MD
LG