Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:10

OzodDayjest: Andijon hokimi 800 million so‘mlik mashina xarid qilgani e’tirozlarga sabab bo‘ldi


Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov.
Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov.

Buxoro shahridagi tarixiy obidalar tashlandiq ahvolda qolgani aytilmoqda. Andijon hokimining “TAHOE” avtomobilini xarid qilgani ijtimoiy tarmoqlarda e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Samarqandda shifokor aybi bilan ona va uning qornidagi egizaklar nobud bo‘ldi.

________________________________________________

Buxorodagi tarixiy obidalar tashlandiq ahvolda qolgani fosh qilindi


Buxoro shahridagi madaniy meros ob’ektlarini muhofaza etish borasida bir qator qonun buzilishi holatlari aniqlandi (“Inson va qonun”, 4 fevral). Bu haqda shahar adliya bo‘limi boshlig‘i Abdurahimxo‘ja Bafoyev ma’lum qiladi. Xususan, Abdulazizxon (XVII asr), Tosh Saroy (XVIII), Chuqur (XIX) madrasalari, Namozgoh majmuasi hamda XIX asrda qurilgan Mulla Payraviy masjidini muhofaza etish bilan bog‘liq jiddiy qonunbuzarliklar qayd etildi. XIX asrda qurilgan Xo‘ja Porso madrasasi hovlisi ham tashlandiq holga kelib qolgan.

Saxovatpesha tadbirkorlar tomonidan tarixiy obidalarni obod qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ham “o‘zlashtirilgan”. Qayd etilishicha, o‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir bo‘lgan viloyat Madaniy meros boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda birovlar qilgan savobli ishni “biz amalga oshirdik” deya maqtangan.

Andijon viloyati hokimi “TAHOE” avtomobili xaridi uchun tanqidlarga nishon bo‘ldi


Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov narxi salkam 800 million so‘m turadigan “TAHOE” xizmat avtomobilini xarid qilgani ijtimoiy tarmoqlarda e’tirozlarga sabab bo‘ldi (www.xabar.uz, 5 fevral). Yangi avtomashinaga 60 001 AAA davlat raqami qadalganini ko‘rish mumkin.

Viloyat hokimining matbuot kotibi Mirzohid Botirov ushbu holatga izoh bergan. Kotibga ko‘ra, hokimning xizmat mashinasi texnik nosozligi sabab o‘sha kunlari “UzAuto Motors” balansidagi “TAHOE”dan vaqtincha foydalanib turgan. Ammo mazkur izoh “o‘ta ishonchsiz, hatto kulgili” deb baholangan.

“Birinchidan, viloyat hokimining xizmat mashinasi rostanam texnik nosoz bo‘lsa, hokimlikda foydalanishga boshqa mashina yo‘qmidi?

Ikkinchidan, “UzAuto Motors” – Andijon viloyati hokimligining “shaxsiy tomorqasi” emas, shu ma’noda o‘z balansidagi qimmatbaho mashinani vaqtincha foydalanib turish uchun hokimga qo‘shqo‘llab topshirganiga ishonish qiyin”, deb yozadi Xabar.uz nashri.

Uch jonning o‘limiga sabab bo‘lgan shifokor axloq tuzatish jazosi bilan qutuldi


Samarqand viloyati Narpay tumani tibbiyot birlashmasi akusher-ginekologi A.X. ustidan sud jarayoni yakunlandi (“Darakchi”, 6 fevral). Shifokor uch jonning o‘limiga sababchi bo‘lgan.

2019 yilning 21 aprelida tuman tibbiyot birlashmasiga homilador holatdagi N.B. ismli ayol keltirilgan. Bemorni qabul qilib olgan akusher-ginekolog A.X. uni jiddiy tekshirmagan, besh kun davomida biror bir muolaja o‘tkazmagan. Ayol vaqtida davolanmagani oqibatida uning qornidagi egizaklar nobud bo‘lgan. Shifokorning mas’uliyatsizligi sabab ayolning o‘zi ham ko‘p qon yo‘qotib vafot etgan. Sud-tibbiy ekspertizasi ham ayolning o‘limiga shifokorning davolash standartlariga rioya qilmagani sabab bo‘lgan, degan xulosani bergan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Narpay tumani sudi raisi Ilhom Qoraboyevga ko‘ra, sudlanuvchi bir yil muddatga akusher-ginekolog shifokori lavozimida ishlash huquqidan mahrum etilgan, har oyda ish haqining 20 foizini ushlash sharti bilan 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan.

XS
SM
MD
LG