Линклар

Шошилинч хабар
07 апрел 2020, Тошкент вақти: 21:50

OzodDayjest: Vazir Shermatov “olomon toshbo‘ron qiladigan” mavzudan gap ochdi


Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov.

O‘zbekiston koronavirus tufayli keskin iqtisodiy inqirozga duch kelishi mumkin. Tanzila Norboyeva hokimlar izmidan chiqmaydigan deputatlarni esladi. Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov bolalarni pul topishga o‘rgatish borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Tanzila Norboyeva: “Hokim nima desa, deputatlar qo‘l ko‘tarib o‘tiraveradi”


Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva kelgusida hokimlar mahalliy deputatlar ustidan rahbarlik qilmasligi, ijro hokimiyati va vakillik organlari ajratilishini ma’lum qildi (www.gazeta.uz, 2 fevral).

“Ayni paytda vakillik va ijro organining rahbari hokim. Vaqti-soati kelib, bu ikkalasi ajratiladi. Hozircha hokim vakillarga ko‘proq erkinlik berishi lozim. Bo‘lmasa, hokim nima desa, deputatlar qo‘l ko‘tarib o‘tiraveradi”, degan Senat raisi Sirdaryo viloyat hokimligida o‘tkazilgan mahalliy kengash deputatlari bilan uchrashuvda.

T. Norboyeva vakillik va ijro organlari aynan qachon ajratilishiga oydinlik kiritmagan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ham “bir rahbar odam ham hokim, ham kengash raisi bo‘lolmasligi”ni ta’kidlab keladi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 22 yanvarda prezident farmoni bilan tasdiqlangan davlat dasturiga ko‘ra, xalq deputatlari kengashi vakolatlarini kengaytirish maqsadida 2018 yil 1 mayga hokimning kengash rahbari sifatida maqomini bekor qilish to‘g‘risida qonun loyihasi tayyorlanishi lozim edi. Ammo loyiha hozirga qadar tayyorlangan emas.

O‘zbekiston iqtisodiyoti koronavirus tufayli qiyinchilikka duch kelishi bashorat qilindi


O‘zbekiston iqtisodiyoti Xitoydagi koronavirus tufayli qiyin sharoitlarga duchor bo‘lishi mumkin (www.daryo.uz, 5 fevral). Bu haqda Fitch Solutions kompaniyasining sharhida so‘z boradi.

Mazkur shirkat tahlilchilarining fikricha, 2020 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining real o‘sishi 5,4 foizgacha pasayadi. 2019 yilda bu ko‘rsatkich 5,6 foiz bo‘lishi taxmin qilingan edi.

Buning sababi tashqi cheklovlar, jumladan, Uxanda koronavirusning tarqalishidir. Mazkur holat Xitoyning o‘sish istiqbollari uchun, ayniqsa, savdo va importga jiddiy xavf tug‘diradi. O‘zbekiston eksportining eng katta ulushi esa aynan Chin o‘lkasiga to‘g‘ri keladi.

Qayd etilishicha, o‘zbek so‘mining qadrsizlanishi va infratuzilmaning sustlashishi oqibatida inflyatsiyaning oshib borishi iqtisodiy vaziyatning tobora beqarorlashuviga olib keladi. Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekiston jahon iqtisodiyotiga savdo va investitsiyalar orqali bog‘langani tufayli mamlakat keskin iqtisodiy inqirozga duch kelishi mumkin.

Vazir Shermatov: “Pul yomon degan tushuncha bilan biz uzoqqa borolmaymiz!”


Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov bolalarni pul topishga o‘rgatish borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi (www.kun.uz, 3 fevral). Vazirga ko‘ra, O‘zbekiston ko‘p yillar sotsialistik tuzumda yashagani sabab odamlar ongida pulga nisbatan salbiy qarash shakllangan.

“Mana, masalan, bu haqida bitta post qo‘ysam ham, uning tagida izohlar ko‘ryapman: “Ey vazir, noinsof, sen nima uchun pul haqida gapiryapsan?!” Ya’ni bolani pul topishga o‘rgatish degani xuddi bir salbiy, yomon narsadek. Pul yomon degan tabiat bilan biz uzoqqa bormaymiz. Pul topish yomon bo‘ladigan bo‘lsa, biz faqat kambag‘al davlatga aylanib qolamiz”, degan Sh. Shermatov.

Vazir misol sifatida amerikalik 9 yoshli videobloger bola 1 yilda 26 million dollar ishlaganini keltirgan.

“Pul yomon narsa emas. Boy bo‘lsangiz, ko‘proq odamga yordam bera olasiz, ko‘proq odamga yaxshilik qila olasiz… Pulni yomon ko‘rsangiz, pul sizdan qochadi. Bu narsani aytsam, eski dunyoqarashdagi odam meni albatta toshbo‘ron qiladi”, degan vazir Sh. Shermatov.

XS
SM
MD
LG