Линклар

Шошилинч хабар
21 феврал 2020, Тошкент вақти: 20:49

O‘zbekiston Oliy ta’lim vaziri buyrug‘i ortidan Qirg‘iz-O‘zbek universitetida xaos yuzaga keldi (VIDEO)


Mirziyoyev hukumati qo‘shnilar bilan aloqalarni yaxshilashi ortidan¸ o‘n minglab o‘zbekistonlik Qozog‘iston¸ Qirg‘iziston va Tojikiston OTMga o‘qishga kirdi.

6 fevral kuni O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Imom Majidov qo‘shni davlatlardagi oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik talabalar arizasini qabul qilish haqida buyruq chiqardi.

Vazir buyrug‘ida hech qanday qo‘shimcha talab va sinovlarsiz bo‘ladigan bu jarayon uchun 2020 yilning 7 fevralidan 15 fevraliga qadar bir haftalik muhlat ajratildi.

O‘qishini O‘zbekistondagi universitetlarga ko‘chirishni istagan talabalardan ariza yozishdan tashqari atigi ikki hujjat - pasport nusxasi va reyting daftarchasi yoki tasdiqlangan (muhr urilgan – tahr.) akademik ma’lumotnoma nusxasi topshirish so‘raldi¸ xolos.

Bu yangilik vazirlik Telegram kanalida e’lon qilinishi ortidan 7 fevral kuni O‘shdagi (Qirg‘iziston) Qirg‘iz-o‘zbek universitetidagi yuzlab talaba o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirish uchun talab qilingan hujjatlar berilishini so‘rab ma’muriyatga yopirildi.

Ammo universitet ma’muriyati akademik ma’lumotnoma faqat bir yillik o‘qish dasturi tugaganidan so‘ng – may oyida berilishini bildirishi ortidan¸ universitet hovlisida katta to‘polon yuzaga chiqdi.

- O‘qishimizni O‘zbekistonga ko‘chirish uchun universitet pechat qo‘ygan zachyotniy bilet kerak. Bo‘lmasa hujjat qabul qilmaydi. Birinchi semestr imtihonlarini topshirib bo‘ldik. Lekin bular hujjat bermayapti. 2000 tacha student bor¸ hech kimga bermayapti¸ dedi 7 fevral kuni Ozodlikka O‘shdan bog‘langan talabalardan biri.

Ozodlikka Qirg‘iz-o‘zbek universiteti rahbarlaridan birining 7 fevral kuni norozilikka to‘plangan o‘zbekistonlik studentlarga qarata aytgan gaplari yozilgan qisqa video ham yuborildi.

Unda universitet mutasaddisining:

Bizga sizning vazirligingizdan xat kelishi bilan hujjatlaringizni beramiz. Posolstvo (O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi elchixonasi nazarda tutilmoqda – tahr.) bizning vazirlikka xat bersin¸ ko‘rib chiqamiz. Sizni bu yerda saqlab turish bizning manfaatimizga kirmaydi. Siz O‘zbekiston fuqarolarisiz¸ sizni davlatingiz orqaga chaqirayotgan bo‘lsa¸ ushlab qola olmaymiz. Bunday xat kelguncha¸ yotog‘ingizga borib¸ o‘qishingizni o‘qib turinglar”¸ degan mazmunda gapirgani tushuniladi.

Қирғиз-ўзбек университети раҳбари ўқишини Ўзбекистонга кўчирмоқчибўлган талабаларни тинчлантирмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:56 0:00

Qirg‘iz-o‘zbek universtiteti nega o‘zbek talabalari hujjatini bermayapti?

Ozodlik gaplashgan Qirg‘iz-o‘zbek universtiteti mutasaddilaridan biri¸ o‘zbekistonlik talabalarning bir yillik kontrakt asosida o‘qishga kirgani va qirg‘iz qonunchiligiga ko‘ra¸ kursni to‘liq bitirmaganlarga akademik ma’lumotnoma berilmasligini bildirdi.

- Bilishimcha¸ hozir Qirg‘iziston OTMlarida 17 mingdan ko‘proq o‘zbekistonlik talaba bor. Birgina bizning Qirg‘iz-o‘zbek universitetimizda 4000 ga yaqin o‘zbekistonlik bor. Ularning aksariyati 1-kursda o‘qiydi. Bular o‘qishga kirayotganda biz bilan bir yillik kontrakt imzolagan. Biz buncha ko‘p sonli o‘zbek talabasini o‘qitish uchun qancha o‘qituvchini bir yillik shartnoma bilan ishga olganmiz! Minglab student bir hafta ichida o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirib ketsa¸ biz bu o‘qituvchilarni qanday ish bilan ta’minlaymiz? Ular bizni sudga beradiku! Ikkinchi kursning 1-semestrini bitirganlarga berishimiz mumkin¸ lekin 1-kurslarga berilmaydi¸ dedi Qirg‘iz-o‘zbek universiteti ma’muriyati vakili.

Bu suhbatdosh o‘zbekistonlik yuzlab talabaning 7 fevral kuni universitet meditsina fakulteti binosi oldida «bunt ko‘targanini» qirg‘iz qonunchiligi talablarini tan olish - o‘zlari qo‘l qo‘ygan kontrakt shartlarini bajarishni istamaslik urinishi deya baholadi.

- Bu talabalarga gap tushuntirib bo‘lmayapti. Ertalabdan beri hammayoq to‘polon. Oxiri rektorimiz o‘zi chiqib tushuntirishga urindi. Ota-onamiz o‘qishni ko‘chiradigan universitetlarga pul berib qo‘ygan¸ sizga ham pulini berib¸ rozi qilamiz¸ deb holi-jonimizga qo‘ymayapti. Davleniyemiz oshib¸ dori ichib o‘tiribmiz bugun. O‘zbekistonlik studentlarga: "Hamma narsa ham pul bilan hal bo‘lmaydi¸ Qirg‘izistonning o‘z qonuni bor¸ shunga amal qilamiz. May oyida 2-semestr imtihonlarini topshiringlar¸ ana undan keyin hujjatlaringizni bir tiyinsiz olib ketasizlar"¸ desak quloq solishmayapti¸ dedi Qirg‘iz-o‘zbek universiteti ma’murlaridan biri.

Vazirning favqulodda buyrug‘i

Qo‘shni davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan o‘zbekistonlik talabalarga hozirgacha o‘qishini O‘zbekistonga faqat yilda bir marta – kursdan-kursga o‘tish imtihonlari topshirilganidan keyin yozda ko‘chirishga ruxsat berilgan. Shunda ham ular O‘zbekiston OTM si uyushtirgan sinovdan o‘tish kerak bo‘lgan.

Oliy ta’lim vazirining 6 fevral kungi buyrug‘i bilan 7-15 fevral kunlari o‘qishni ko‘chirish uchun ishchi guruhlarga ariza topshirishga ulgurgan qo‘shni davlatdagi o‘zbek talabasi yil oxirini kutib o‘tirmay¸ imtihonsiz O‘zbekiston OTMda o‘qishini davom ettirishi mumkin.

Oliy ta’lim vazirining 6 fevral kungi buyrug‘i nusxasi.
Oliy ta’lim vazirining 6 fevral kungi buyrug‘i nusxasi.

Shu bois qo‘shni davlatlardagi minglab o‘zbek talabasi bunday “inkor etib bo‘lmaydigan darajadagi” favqulodda qulay imkonni qo‘ldan boy bermaslikka harakat qilmoqda.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Ozodlik gaplashgan huquqshunosi¸ qo‘shni davlatlardagi o‘zbekistonlik talabalarning nega bu yil aynan o‘quv yili o‘rtasida sinovlarsiz o‘qishni ko‘chirishiga ruxsat berilgani sababini tushuntira olmadi.

Prezidentimiz bolalarimiz qo‘shni davlatlarda qiynalmasin¸ o‘z vatanida o‘qisin¸ deb g‘amxo‘rlik qilayaptilar. Shunga vazir buyruq chiqardi”¸ dedi o‘zini tanishtirmagan Oliy ta’lim vazirligi mulozimi.

Ayni paytda bu suhbatdosh¸ vazirning 6 fevral kungi favqulodda buyrug‘i prezident yoki Vazirlar Mahkamasining u yoki bu qaroriga asoslanganmi¸ degan savolga javob bera olmadi.

Vazirlik¸ Qirg‘iz-o‘zbek universiteti ma’muriyati talab qilgan rasmiy xatni yuboradimi¸ degan savolga esa:

- Bu buyruq hamma talaba qaytsin¸ degani emas. Bir hafta ichida ko‘chirish uchun hujjat topshirolmaganlar¸ yozda ko‘chirishi mumkin. Yozgi ko‘chirishdan ham sinovlarni olib tashlash masalasi muhokama qilinayapti. Xatga kelsak¸ Qirg‘iziston alohida davlat¸ bizning vazirlik boshqa davlat qonun-qoidalari¸ ular universitetlarining talablariga aralasha olmaydi. Agar Qirg‘iziston universitetlari o‘zbek talabalari so‘rayotgan hujjatlarni qonunga zid ravishda bermayotgan bo‘lsa¸ sudga berishsin. Lekin vazirlik bu jarayonga aralashmaydi¸ dedi Oliy ta’lim vazirligining Ozodlik gaplashgan huquqshunosi.

Yanvar oyida o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berish koronavirus bilan bog‘liqmi?

Ozodlikka Qirg‘iz-o‘zbek universiteti o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirish uchun talab qilinayotgan hujjatlarni bermayotganidan shikoyat qilgan talabalar vazir buyrug‘ini koronavirus epidemiyasi tahdidi bilan bog‘ladi.

- Qirg‘iziston Xitoyga chegaradosh¸ bu yerda ham koronavirus tarqab¸ o‘zbek-qirg‘iz chegarasi 15 fevraldan yopiladi¸ degan gaplar yuripti. Chegara yopilsa¸ biz ham Xitoydagi o‘zbek studentlaridek karantinda qop ketishimiz mumkin. Shunga hamma ketmoqchi¸ ota-onalarimiz ham tez qayt deyapti¸ - dedi o‘qishni favqulodda tezlik bilan O‘zbekistonga ko‘chirishga shoshayotgan talaba qizlardan biri.

Oliy ta’lim vazirligining qo‘shni davlatlardagi o‘zbekistonlik talabalarni bir hafta ichida O‘zbekiston OTMlariga ko‘chirishga qaror qilib¸ jarayonga Sog‘liqni saqlash vazirligini ham qo‘shgani¸ bu buyruqning koronavirus bilan bog‘liqligi haqidagi farazlarni kuchaytirmoqda.

Oliy ta’lim va Sog‘liqni saqlash vazirligining Ozodlik bog‘langan rasmiylari¸ bunday farazlarni “mutlaq asossiz” deb inkor qildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining bu jarayonga aralashgani koronavirus bilan bog‘liq emas. Qo‘shni davlat universitetlarining meditsina fakultetlarida qancha talaba bor. O‘zbekistondagi tibbiy oliygohlar esa¸ vazirligimizga bog‘liq. Shuning uchun biz ham qo‘shilganmiz”¸ dedi Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiysi.

Ayni paytda bu mutasaddi¸ o‘zbek-qirg‘iz chegarasining koronavirus tarqashi oldini olish maqsadida 15 fevraldan yopilishi haqidagi mish-mishlarni “soxta” deb atadi.

- Qirg‘izistonda hozircha bittayam koronavirus qayd etilmagan bo‘lsa¸ O‘zbekiston nima uchun chegarani yopadi? Har xil soxta xabarlar ko‘payib ketdi. Iltimos¸ bu gap-so‘zlarning mutlaq asossiz ekanini odamlarga to‘g‘ri yetkazing, deb qo‘shimcha qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi mulozimi.

O‘zbekiston Oliy ta’lim vazirining 6 fevral kungi buyrug‘i Qirg‘izistondan tashqari Qozog‘iston va Tojikistonda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalarga ham taalluqli. Hozircha bu davlatlarda qancha o‘zbekistonlik talaba o‘qiëtgani¸ 6 fevral kungi buyruqdan keyin ularning o‘qishini ko‘chirish uchun talab qilingan asosiy hujjat - akademik ma’lumotnoma olishda muammoga uchragan-uchramagani Ozodlikka ma’lum emas.

Bu jarayon sizga ham aloqador bo‘lsa¸ unga oid yangiliklarni Ozodlikka yuborishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG