Линклар

Шошилинч хабар
21 октябр 2020, Тошкент вақти: 13:23

OzodTarmoq: “Ilxom ” (Ilhom) teatrini nega joyidan qo‘zg‘atayapsiz?


OzodTarmoq ruknida berilayotgan materiallarda ayni kunlarda jamoatchilik orasida keng muhokamaga sabab bo‘layotgan voqea-hodisalarga berilayotgan ayrim mulohazalar e’tiboringizga taqdim etiladi. Voqealarga berilayotgan baholar mutlaqo mualliflar pozitsiyasidir. Mualliflar pozitsiyasi Ozodlik pozitsiyasiga mos kelmasligi mumkin.

OzodTarmoqning bugungi sonida filologiya fanlari doktori, taniqli yozuvchi va tarjimon Ulug‘bek Hamdam 11 fevral kuni Facebook sahifasida e’lon qilgan postni e’tiboringizga havola qilayapmiz. Matn tahrirsiz berilmoqda.

Sarlavha, stilistika va imlo muallifniki.

--------------------------------------------------------------------------------------------

Nega xalqning madaniyat, ma’naviyat o‘choqlarini bir-bir so‘ndirayapsiz? San’atni, tarixni, madaniyatu ma’naviyatni bilmaydiganlar, to‘xtang!..
Nazarimda, bu savollar, bu xitoblar mening, men kabilarning o‘z-o‘ziga berayotgan ritorik so‘roqlariga o‘xshaydi...

Teatrlar, kino uylari, kutubxonalar, o‘quv yurtlari, madaniyat, ma’naviyat, ilm o‘choqlari, adabiyot... bular xalqning botiniy ustunlaridir! Xalq degani agar bor bo‘lsa, shularga suyanib o‘rnidan turadi, yuradi, nafas oladi. U o‘zining ichki borlig‘ini shularda namoyan qiladi. Yo‘qsa, ismi bor, jismi bor, lekin o‘zligi yo‘q, botiniy qiyofasi yo‘q sharpaga aylanadi-qoladi...

Eslayman: 90-yillarning birinchi yarmida o‘zbekning katta yozuvchisi Ahmad A’zam, adashmasam, “O‘zlik” degan ko‘rsatuviga meni taklif qilgan, biz hozirgi “O‘zbekiston” mehmonxonasi fonida aynan shu mavzuda suhbat qurgan edik. O‘shanda Ahmad aka mendan ketma-ket yopilayotgan kutubxonalarga munosabat so‘ragan edi.

Kamina: kutubxonalarning yopilishi juda xavfli ish. Agar uning yopilishiga kitobxonlarning kamayib ketgani ro‘kach qilinsa, shu gapni ta’kidlab aytishni istaymanki, hatto uzoq yillar davomida kutubxonalarga bitta o‘quvchi kirmasa ham, ularni yopib bo‘lmaydi! Chunki bugun qorin tashvishi bilan andarmon ekaniga qaramay, odamlarning ko‘zlari ochiq kutubxonalarga tushganda, ko‘ngli to‘ladi, “bugun bo‘lmasa, ertaga, men bo‘lmasam, bolalarim kutubxonaga kirishadi-ku! O‘qib odam bo‘lishadi-ku! degan o‘y bilan yashaydi.

Bu esa, juda muhim. Shunchalar muhimki, oddiy inson botinidagi moddiyat va ma’naviyat o‘rtasidagi muvozanatni tutib turadi. Yo‘qsa, odamlar faqat va faqat moddiyatning ketidan ergashadi, natijada jamiyatdagi posongi bir tomonga og‘adi. Oldinda esa, jarlikka qulash xavfi bilan yuzlashamiz, qabilida javob bergandim.

Bugun o‘sha gaplarni yana takrorlayman: moddiy foyda keltirmayotgan bo‘lsa ham, ma’naviyat, ilm, san’at o‘choqlarini yopish o‘ta xavflidir!
Ha, tushunaman, zamon zo‘rniki! Lekin qani endi siz ham, ey bizning zo‘rlar, chinakam zo‘r bo‘lsangiz, sizlarning ham fahmu farosatingiz millatning ma’naviy ildizlariga bolta urmaslikka etsa!
Etmasa, kelajak jazolaydi. “Sen o‘tmishga to‘pponcha bilan o‘q uzsang, kelajak senga zambarak bilan javob qaytaradi” deganmidi Rasul Hamzatov, xuddi shunday bo‘ladi.

Bizning, yurt oydinlarining (ziyolilarining) vazifalaridan biri jamiyatda bo‘layotgan voqea-hodisalarni tahlil qilish, ularga munosabat bildirish bo‘lsa, mana shu bitikni bir yozuvchining teatrlar, ilmu san’at o‘choqlarining ko‘chaga ayovsiz haydalishiga qarshi aks-sadosi deb tushungaysiz!

Men zimmamga tushgan vazifani, o‘ylaymanki, to‘g‘ri bajardim, agar siz ham shunday bajarsangiz, “Ilhom” teatri o‘z o‘rnida qoladi, ey korchalonlar!..

XS
SM
MD
LG