Линклар

Шошилинч хабар
04 апрел 2020, Тошкент вақти: 11:32

Oiladagi dahshatli zo‘ravonlik Rossiya tok-shoularining bosh mavzusiga aylandi


Mariya (chapda) va Angelina (o‘ngda) Xachaturyan Moskvadagi sud tinglovida, 26 iyun, 2019 yil.

Aureliya Dunduk 2018 yil iyulidan beri Rossiya telestudiyalari yorqin chiroqlari ostida o‘tirib, uch qizining shaxsiy hayoti daxlsizligini ayblovlar oqimidan va oilasi tarixining tinimsiz tanqidlaridan himoya qilib kelmoqda.

O‘sha oyda, deydi tergovchilar, 17 yashar Mariya, 18 yashar Angelina va 19 yashar Krestina qattiqqo‘l otasi Mixail Xachaturyanni Moskva shimolidagi uyning uchinchi qavatidagi xonadonda o‘ldirgan edi.

Xachaturyanning sobiq sherigi bo‘lgan va ko‘p yillik zo‘ravonliklarga chidab-chidab, oxiri 2015 yili oiladan ketib qolgan Dunduk tergovda asosiy guvoh sifatida paydo bo‘ldi. U Rossiya televideniyesining “baqir-chaqir”dan iborat tok-shoularida tez-tez mehmon sifatida qatnashib keladi. Qizlarning otasi qotiliga aylangani to‘g‘risidagi bahslar rossiyaliklarni ikkiga bo‘lib tashladi va oiladagi zo‘ravonlikka oid milliy miqyosdagi munozaralarga turtki berdi.

Dunduk efirda Xachaturyanning 21 yashar jiyani bilan ko‘ngilxushlik qilishda ayblangandan so‘ng yolg‘onni aniqlovchi detektorda tekshiruvdan o‘tdi. Yana u 2018 yil sentabrida “Pust govoryat” (“Mayli, gapirishsin”) tok-shousini tasvirga olish jarayonida millionlab tomoshabinlar ko‘z o‘ngida 22 yashar o‘g‘li Sergeyga qarindoshlari jismonan hujum qilayotganini kuzatib o‘tirdi.

Dunduk va Xachaturyanning qarindoshlari jurnalist, jamoat arbobi, tadbirkor va prezidentlikka nomzod bo‘lgan Kseniya Sobchak boshlovchiligida 10 fevralda ilk marta davlatga qarashli “Birinchi kanal”da efirga uzatilgan “Dok-tok” tok-shousi mehmoni bo‘ldi.

“Dok-tok” targ‘ibotiga qaratilgan intervyularda Sobchak o‘z teledasturini “studiyalardagi baqir-chaqir va mojarolar haqida emas”, “reflektiv (bilishga qaratilgan) munozara” deb aytdi va bu bilan yangi ko‘rsatuvi Rossiya telekanallarida mavjud tok-shoulardan farqli ekaniga ishora qilib, mashhur mavzularga butunlay yangicha yondashmoqchi ekanini bildirdi.

Sobchak tok-shousi narsalarga teranroq nazar solish imkonini beradigan yangi janr ekanini aytdi. Biroq uning premyerasida aktyorlarning zo‘ravonlik sahnalarini gavdalantirishi bilan bog‘liq innovatsiya tanqidchilarga yoqmadi. Dunduk ham o‘sha sahnalarni yoqtirmay kutib oldi, hatto yuzini teskari berdi.

Keyinchalik Dundukka Sergeyning otasi Xachaturyan emasligini tan olish masalasida bosim o‘tkazilganda, Sobchak Dundukning “bevafoligi” va Sergeyning otasi kimligi bilan bog‘liq chalkashlik Xachaturyanning qilg‘iliqlarini oqlamasligini, ammo “uning xatti harakatlarini tushuntirib berishi”ni aytdi.

− Endi uning qizlariga nisbatan qilgan zo‘ravonligi butunlay boshqa tus olmoqda, − dedi Sobchak ikkinchi sahna boshlanishida. – Endi bu esni yo‘qotish emas, balki ranj va alam hissi ekani aniq.

Xachaturyan ishi Rossiya telekanallari tok-shousining bosh mavzularidan biriga aylanib qoldi. Uning qizlariga nisbatan qilgan zo‘ravonliklari tafsilotlari axborot vositalariga tinmay sizdirilmoqda.

Teletanqidchi Anna Kachkayeva Rossiya telekanallarining praym-taym – eng tomoshabop vaqtda efirga uzatiladigan va qotillik DNK tekshiruvi natijalari va oilaviy mojarolarga bag‘ishlangan tok-shoularini “sensatsiya ketidan quvish” deb atadi.

Sobchak “Dok-tok”ning Xachaturyan ishiga bag‘ishlangan uchinchi sahnasi haqida gapirar ekan, “faqat faktlar” haqida so‘z borishini aytdi. Lekin tanqidchilar fikricha, davom etayotgan tergov bilan bog‘liq faktlar bahsliligicha qolmoqda.

Kachkayeva “Dok-tok” va shunga o‘xshash shoular formatiga shubha bilan qarayotganini yashirmayapti. “Bularning barchasi mavzuga keragidan ortiq urg‘u berish va oxiri ko‘rinmaydigan teledrama yaratishga qaratilgan. Ularning ishi hissiyot ishlab chiqarish bo‘lib qoldi”, dedi u.

Xachaturyan ishi Rossiyada mavjud oilaviy zo‘ravonlik muammolariga e’tibor qaratilishiga sabab bo‘lgan unchalik ko‘p bo‘lmagan ishlardan biridir. Afsuski, aksariyat hollarda bunga e’tibor berilmaydi, deydi huquq faollari.

30 yanvarga kelib, ushbu ish boshqacha tus oldi. Prokurorlar oldingi ataydan qilingan qotillik holatini olib tashlab, opa-singillarning xatti-harakatlarini o‘zini himoya qilish deya talqin qila boshladi. Bu ularni ta’qib qilinishiga barham berishi mumkin.

Sobchakning tok-shou sohasidagi ilk qadami muvaffaqiyatli bo‘ldi, deyish mumkin, chunki u Rossiyadagi eng mashhur kishilardan biridir. U – Sankt-Peterburgning sobiq meri, marhum Anatoliy Sobchakning qizi. Anatoliy Sobchak 90-yillar boshida Vladimir Putinning rahbari va ustozi bo‘lgan edi.

Birinchi tok-shou efirga uzatilgan kunning ertasi teleekspertlar Sobchakni yana bir sensatsiyaga o‘ch va yuzaki ko‘rsatuv sifatida tanqidlarga ko‘mib tashladi. “Komsomolskaya pravda” gazetasi tok-shou haqida “va’da qilingan zo‘r narsa odatdagi hafsala pir bo‘lishiga aylandi”, deb yozdi.

XS
SM
MD
LG