Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 12:31

OzodDayjest: Buxorolik ayol o‘zini payg‘ambar deb e’lon qildi


Buxoro (illyustrativ surat).
Buxoro (illyustrativ surat).

Jo‘ynavlik ayol o‘ziga vahiy kelayotganini iddao qildi. Samarqandda it yangi tug‘ilgan chaqaloqning hayotini saqlab qoldi. Jizzaxda eriga achchiq qilgan ayol uning qorniga pichoq tiqib oldi.

________________________________________________

Payg‘ambarlik da’vo qilgan buxorolik ayolga bir yil ozodlikni cheklash jazosi tayin qilindi


Buxoro viloyati Shofirkon tumani Jo‘ynav qishlog‘ida yashovchi ayol o‘zini payg‘ambar deb e’lon qildi (“Huquq”, 13 fevral). Ismi oshkor etilmagan ayol o‘ziga vahiy kelayotgani va g‘ayb xabarlari asosida “Tuhfa” deb atalgan kitob tartib qilayotganini iddao qilgan. Qayd etilishicha, soxta da’vo bilan chiqqan ayol “Tuhfa” kitobida Muhammad alayhissalom oxirgi payg‘ambar ekani va Qur’oni karim ilohiy kitob ekanini rad etgan. Ayol Buxoro davlat universitetini bitirgan qizini ham ushbu ishga jalb etgan. Ma’lum qilinishicha, jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soladigan materiallar tayyorlash va tarqatish jinoyatini sodir etishda ayblangan ayolga sud 1 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlagan. Jinoyat ishiga doir boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.

Samarqandda it onasi tomonidan tashlab ketilgan chaqaloq hayotini saqlab qoldi


Samarqandda it yangi tug‘ilgan chaqaloqning hayotini saqlab qoldi. Bu haqda “Sevimli” telekanalining “Zamon” informatsion dasturiga tayanib bir qator matbuot nashrlari xabar berdi.

6 fevral kuni 21 yoshli ayol qiz farzandni dunyoga keltirib, uni daraxtzorga tashlab ketgan.

It yangi tug‘ilgan bolani ko‘rib qolgan va tishlagancha o‘z egasiga keltirib bergan. Chaqaloq o‘sha zahoti shifoxonaga olib borilgan.

Mahalliy shifokorga ko‘ra, bola olib kelinganida, u loyga belangan holda bo‘lgan, tanasining ba’zi qismlari esa tirnalgan.

“Bolaning vazni 3,1 kilogramm. Sog‘lig‘i holati o‘rtacha og‘irlikda”, deya ta’kidlagan shifokor.

Qayd etilishicha, qizchani qutqarib olgan “qahramon” it ushbu xatti-harakati bilan butun qishloqni hayratga solgan.

Xotinning eriga choy damlab bermagani qonli jinoyatga sabab bo‘ldi


Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida bir choynak choy sabab qonli jinoyat sodir etildi (“Darakchi”, 13 fevral). Er turmush o‘rtog‘idan choy damlab berishini so‘raydi. Ayolning bunga javoban qilgan munosabatidan jahli chiqqan oila boshlig‘i xotinini haqorat qilib, o‘zi choy damlamoqchi bo‘ladi. Oshxonaga yo‘l olgan er xotinini itarib yuboradi. Ayol esa jahl ustida oshxona pichog‘ini eri qorniga tiqib oladi. Shifokorlar erkakning hayotini saqlab qolgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘allaorol tumani sudi raisi Ulug‘bek Xidirboevga ko‘ra, ayblanuvchi G.R.ga 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Jabrdiyda er ajrashish haqida ariza yozgan va ayoliga og‘irroq jazo berilishi kerakligini aytgan.

XS
SM
MD
LG