Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:26

OzodDayjest: Toshkentda rus maktablarining ko‘payib ketayotgani “katta fojia” deya baholandi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Ahmadboyning 100 milliard so‘mi prokurorlar tomonidan yo‘q qilingani aytildi. O‘zbekiston poytaxtida o‘qish rus tilida olib boriladigan maktablarning ko‘payib ketayotgani tanqid qilindi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

________________________________________________

Ahmadboyning jiyani prokurorlar 100 milliard so‘mni o‘g‘irlaganini iddao qildi


“Ahmadboy ishi” bo‘yicha jinoyat ishlari bo‘yicha Quyi Chirchiq tuman sudida o‘tgan to‘rtinchi ochiq sud majlisida shov-shuvli bayonot berildi (www.sof.uz, 13 fevral) Sudlanuvchilardan biri, Ahmadboyning jiyani Murodjon Tursunboyev o‘z chiqishida prokuratura xodimlarini katta miqdordagi mablag‘ni o‘zlashtirishda ayblagan.

“Hurmatli prokuror, kamida 100 milliard so‘m pulni hamkasblaringiz yo‘q qilib yuborgan. Buni xalqqa kim to‘laydi? Yana bu amakim (Ahmadboy Tursunboyev nazarda tutilmoqda – tahr.) bo‘yniga ilinib ketyapti. ...o‘sha pullarni o‘g‘irlaganlar ham to‘lab yuborsin”, degan Murodjon Tursunboyev muzokara so‘zida.

Qayd etilishicha, Murodjon so‘z boshlaganda sud qamog‘ida bo‘lgan Ahmadboy va boshqalar uni imo-ishoralar bilan to‘xtatishga harakat qilgan. Oxiri Ahmadboy sud zalida o‘tirganlarga eshitarli qilib, “jim” deya qat’iy ta’kidlagan. Shundan so‘ng Murodjon so‘zlashni bas qilgan.

Ahmadboy (Ahmadjon Tursunboyev) 2016 yil iyunida qo‘lga olingan edi. Qo‘lga olingan kuni uning va yaqin qarindoshlarining uy-joylari va ularga tegishli korxonalardan 13,1 milliard so‘m va 7,9 million dollar mablag‘ daliliy ashyo sifatida olingani ma’lum qilingan.

Firibgarlikda aybdor deb topilgan A. Tursunboyev mahkama hukmi bilan 1 yil muddatga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan hamda 14 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Professor Qozoqboy Yo‘ldoshev soxta o‘zbekparastlikni tanqid qildi


Pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev o‘zbek tili bilan bog‘liq xato-kamchiliklarni mardona tan olib, ularni tuzatishga harakat qilishga chaqirdi (www.kun.uz, 9 fevral).

“Biz hozir hammamiz xizmat vazifamizni bajarish bilan, o‘zimizning unchalik yomon ishlamayotganimizni ta’kidlash bilan, o‘zimizning ancha savodli va “o‘zbekparast” ekanimizni ko‘rsatish bilan ovora bo‘lyapmiz”, degan Q. Yo‘ldoshev.

Olimga ko‘ra, o‘zbek tili halokat yoqasiga kelib qolgan. Shu bois o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganini bayram qilishdan oldin maqomini joyiga qo‘yish, uni himoya qilish haqida o‘ylash kerak.

“Nega bizda reklama bannerlari boshqa tilda yoziladi, chunki bu o‘sha odamlar uchun yoziladi, demakki, bizni – o‘zbekni hurmat qilmaydi. U ingliz, italyan yoki rusni hurmat qilishi mumkin, lekin o‘zbekni emas. Bu yerda o‘tirganlarga: sizda ham, menda ham, senatorlar, deputatlarda ham nega o‘zi shunaqa bo‘lyapti, degan iztirob paydo bo‘lishi kerak, lekin shu iztirobning o‘zi yo‘q! Nega Toshkentday shaharda 53 foiz maktab rus maktabiga aylanib boryapti, buni o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Bu katta fojia aslida”, degan professor Q. Yo‘ldoshev.

O‘zbekiston tomoni Saudiya elchixonasidan Umra vizasini har kimga bermaslikni iltimos qilgan


O‘zbekiston musulmonlari idorasi Saudiya Arabistonining Toshkentdagi elchixonasiga mamlakat fuqarolariga Umra vizasini berish borasida cheklovni ko‘zda tutuvchi iltimos bilan murojaat qilgan (www.gazeta.uz, 11 fevral). Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Muhammad Akmalxon Shokirov Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilgan.

“Tasavvur qiling, ota-onangiz Umraga borish uchun navbatda uch yildan beri turibdi. Boshqa tarafdan bir odam kelib, Umraga borish istagida elchixonaga murojaat qilmoqda. Adolat mezoni buzilmoqda. Haligi odamni to‘xtatib, nega navbatsiz ketyapsan, degan bo‘lardingiz. Ana shu adolat mezoni buzilmasligi maqsadida Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi elchixonasidan iltimos qilinganki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi taqdim etgan ro‘yxatdan tashqari boshqa fuqarolarga, iloji bo‘lsa, Umra vizasi berilmasin”, degan Muhammad Akmalxon Shokirov.

Ayni paytda O‘zbekistonda Umra ishini tashkil etish bilan faqat davlat tashkilotlari shug‘ullanadi. Mamlakat fuqarolari mustaqil holda Saudiya elchixonasiga hujjat topshirib, Haj yoki Umra vizasini ololmaydi. Bu borada O‘zbekiston tomonidan Saudiyaga so‘rov kiritilgani tan olinmay kelar edi. Qayd etish joizki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri mazkur holatni ilk bor rasman tan olmoqda.

XS
SM
MD
LG